Sh. Mirziyoyev meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir farmonni imzoladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Oʻzbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan Surxondaryo viloyatida meva-sabzavot mahsulotlari sohasida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida klaster usulini yaratishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tajriba yoʻlga qoʻyilgani maʼlumot uchun qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tumanlar hokimliklari joriy qishloq xoʻjaligi yilidan boshlab:

meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishdan to sotishgacha boʻlgan belgilangan jarayonni mustaqil ravishda amalga oshiruvchi yagona yoki oʻzaro bogʻliq korxonalar guruhi doirasida;

qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga qishloq xoʻjaligi yumushlarini tashkil qilish uchun ekish materiali, avans toʻlovlarini taqdim etuvchi va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotni kelishilgan narxlarda sotib oluvchi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari, tayyorlovchi korxonalar, qayta ishlovchilar, eksport qiluvchilar oʻrtasida kafolatlangan shartnomalar asosida “urugʻ-koʻchat-mahsulot etishtirish-tayyorlash-saqlash-qayta ishlash-transportirovka qilish-bozorga etkazish” tamoyili boʻyicha uzluksiz zanjirni shakllantirishni koʻzda tutuvchi meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster usulini keng joriy etish boʻyicha chora-tadbirlarni qabul qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Z.T.Mirzaev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari tegishli tartibda chigitdan boʻshagan erlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekishda:

logistika markazlari (meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash boʻyicha quvvatlar, qishloq xoʻjaligi texnikasi), shuningdek, ichki va tashqi bozorda meva-sabzavot mahsulotlarini sotish tajribasiga ega;

zamonaviy issiqxona xoʻjaliklari va intensiv bogʻlar yaratish va ulardan foydalanish tajribasiga ega;

qoʻshimcha qiymatlar zanjiri boʻyicha klaster usulida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish uchun shaxsiy va jalb qilingan moliyaviy mablagʻlariga ega;

meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish, qayta ishlash va sotish, jumladan eksport qilishni tashkil qilish, zamonaviy resurs va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, yangi ish oʻrinlari yaratish vazifalarini oʻz zimmasiga oladigan xoʻjalik yurituvchi subʼektlariga (oʻzaro bogʻliq korxonalar guruhiga) birinchi navbatda erdan uzoq muddatli ijara shartlarida foydalanish huquqini taqdim etadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:

2018 yilda har bir hududda 1-2 ta meva-sabzavot klasterlari tashkil etsin va 2019 yildan boshlab meva-sabzavot etishtirishga ixtisoslashgan barcha tumanlarni qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishini tashkil etishning klaster shakliga jalb etadi;

meva-sabzavot klasterlariga ichki hamda tashqi bozordagi ehtiyoj va tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish, mahsulot etishtirish hajmi, ularning navi va turini belgilash, shuningdek, fermer va dehqon xoʻjaliklari bilan ular tomonidan tayyorlanayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzish boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish huquqi taqdim etildi;

meva-sabzavot klasterlariga koʻchatzorlar, jumladan logistika markazlari (muzlatgich, ombor, qayta ishlash quvvatlari, laboratoriya, mashina-texnik stansiyalari uchun infratuzilma binolari)ni tashkil qilish uchun er maydonlari ajratish toʻgʻrisidagi qarorlar tezkor qabul qilindi;

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga irrigasiya va kollektor qurilmalarini tozalashda yordam koʻrsatadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari S.R. Xolmurodov Investisiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

xalqaro moliya tashkilotlari va institutlari kredit liniyalarini, jumladan meva-sabzavot klasterlari ustav kapitaliga keyinchalik ushbu hissalarni muassislar – Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan sotib olish huquqi bilan jalb etish;

meva-sabzavot klasterlarini, boshqa meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarini eksportoldi moliyalashtirish uchun tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish;

koʻchatzorlarni tashkil qilish, meva-sabzavot klasterlari logistika markazlari, issiqxonalar qurish va intensiv bogʻlar barpo etish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hajmini kengaytirish;

agronomlar va meva-sabzavot klasterlari, zamonaviy intensiv bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarining boshqa xodimlarini bir yilgacha boʻlgan muddatga etakchi ixtisoslashgan xorijiy kompaniyalarga taʼlim olish va stajirovka oʻtashga yuborish uchun grant mablagʻlari va xalqaro tashkilotlarning texnik koʻmak mablagʻlarini jalb etish boʻyicha takliflar kiritadi.

Quyidagilar 2021 yil 1 yanvarga qadar:

koʻchatxonalar va issiqxonalarda urugʻ, koʻchat va payvandtag etishtiruvchi va ularni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga etkazib beruvchi xoʻjalik yurituvchi subʼektlari barcha turdagi soliq va yigʻimlar toʻlashdan (yagona ijtimoy toʻlov bundan mustasno);

chetdan olib kirilayotgan urugʻlar, koʻchatlar va payvandtaglar, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari ilovaga muvofiq bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim bundan mustasno);

import boʻyicha olib kirilayotgan, meva-sabzavot mahsulotlarini tashishga ixtisoslashgan transport vositalari (TIF TN kodlari – 870120, 870421, 870422, 871639) bojxona toʻlovlari va Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻimlar toʻlashdan ozod etildi.

2018 yilning 1 yanvaridan meva-sabzavot mahsulotlari etishtiruvchi tashkilotlarga daromadga vositachi tashkilotlar uchun koʻzda tutilgan stavka boʻyicha soliq solgan holda mukofot summasidan yagona soliq toʻlovini toʻlash huquqi berildi.

Belgilab qoʻyilishicha, 2018 yilning 1 aprelidan bitta meva-sabzavot klasteri ichida sotiladigan mahsulotga qoʻshimcha qiymat soligʻi solinmaydi va davlatning maqsadli fondlariga majburiy ajratmalar undirilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan 2017 yil 5 sentyabrgacha issiqxonalar qurish, intensiv bogʻlar yaratish va muzlatgichlar qurish uchun xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hisobidan ajratilgan valyuta kreditlari boʻyicha belgilangan foiz stavkasining 50 foizgacha miqdorida kompensasiya toʻlash tartibini tasdiqlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi viloyatlar hokimliklari, meva-sabzavot klasterlari va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining buyurtmalariga koʻra jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar uchun 12 oygacha boʻlgan muddatga kirish vizalari va koʻp martalik vizalar rasmiylashtirishni taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi viloyatlar hokimliklari, meva-sabzavot klasterlari va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining buyurtmalariga koʻra jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun davlat bojini undirmagan holda koʻp martalik vizalarni rasmiylashtirish, berish va uzaytirish, shuningdek, yashash joyi boʻyicha vaqtincha propiska qilish, hisobga qoʻyish va vaqtincha propiskani uzaytirishni taʼminlaydi.

 

Manba: kun.uz sayti.

 550 marta ko‘rilgan,  3 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.