Prezident meva-sabzavotchilik sohasi rivojiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni belgilab berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, xorijiy meva-sabzavot mahsulotlari bozorlaridagi yuqori darajadagi raqobat agrotexnikaning hamda ishlab chiqarish va mahsulot etkazib berish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy uslublarini jadal ravishda joriy etishni talab qilmoqda.

Biroq qator salbiy omillar mamlakat agrosanoat sohasi salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Ular jumlasiga quyidagilar kiradi:

birinchidan, meva-sabzavot mahsuloti ishlab chiqaruvchilari va tayyorlovchilari o‘rtasida meva-sabzavot ekinlari bozorida xaridorgir ekinlar va ularning navlarini joylashtirish masalalarida o‘zaro hamkorlikning bozor mexanizmlaridan to‘liq foydalanmaslik;

ikkinchidan, tuzilgan shartnomalarni o‘z vaqtida, sifatli, to‘liq yoki mutlaqo bajarmaslik kabi harakatlarda namoyon bo‘luvchi kichik qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan shartnoma intizomiga rioya qilish darajasining pastligi;

uchinchidan, qishloq xo‘jaligi mehnatini mexanizasiyalashtirish, zamonaviy intensiv, avvalo, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ularni saqlash va transportirovka qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining mustaqil ravishda tashqi bozorga chiqishi uchun moliya resurslarini jamg‘arish uchun qulay imkoniyatlarning yo‘qligi;

to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarining bozorlarda xaridorgir bo‘lgan yuqori hosildorlikka ega va sifatli navlarning urug‘i, ko‘chati bilan qoniqarli ravishda ta’minlanmaganligi;

beshinchidan, qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarining real ehtiyojlariga javob bermaydigan kadrlar tayyorlash tizimining past darajasi, jumladan, zamonaviy bilimlarga ega o‘rta va oliy bo‘g‘inning yuqori malakali mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganligi;

oltinchidan, logistika va transport infratuzilmasi rivojlanmaganligi hosilning bir qismi nobud bo‘lishi, shuningdek, etishtirilgan mahsulotni arzon narxlarda sotish va natijada qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarining qoniqarsiz moliyaviy ko‘rsatkichlariga sabab bo‘lmoqda;

ettinchidan, turli ekinlar agrotexnologiyalarining dolzarb masalalari va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlarning yo‘qligi, ilmiy institutlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning past darajasi.

 

Manba: kun.uz sayti.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.