Xrizantema o‘stirish

Ekish uchun tavsiya etilgan navlar: oddiy yoki yakka qatli xrizantema, Anemonosimon (ayiqtovonsimon) xrizantema, Naysimoi yoki nursimoi xrizantema, Yapon xrizantemasi, Xitoy xrizantemasi, Salla (Pion) gulsimon xrizantema, Popuksimon xrizantema, Manzarali xrizantema – oldingilarning duragayi bo‘lib, gullarining kattaligiga qarab yirik gullilar va mayda gullilarga bo‘linadi.

Ko‘chat tayyorlash. Xrizantema asosan qalamcha usulida ko‘paytiriladi. Buning uchun ona ko‘chatdan ochilib bo‘lgan, pishgan sog‘lom novda olinadi. Kesib olingan sog‘lom novdadan uch bo‘g‘im qilib qalamchalar kesib chiqiladi. Qalamchaning tag qismdagi ikkita bargi olib tashlanadi.

Tayyor qalamchalar 1 soat davomida karnoving dorisiga botirib qo‘yiladi. Karnovingdan olingandan keyin 10–15 sm qalinlikdagi qumga qadab chiqiladi. Qalamchalar orasi 1–2 sm bo‘ladi. Qadalgan qalamchalar usti plyonka bilan yopiladi. Bu ishlar asosan may, iyun va sentyabr oylarida qilinadi. Qalamchalar ildiz olgandan keyin plyonka ichidan olinib, ochiq yerga ekiladi.

Ekishga yer tayyorlash. Xrizantema uchun ajratilgan maydon tekis va uncha katta bo‘lmagan (2–3o gacha) nishablikda bo‘lishi lozim. Yer maydoni kuz oylari tayyorlanadi va organik o‘g‘itlar berib, 25–30 chuqurlikda haydaladi. Begona o‘tlar olib tashlanadi va ariqlar olinadi. Pushtalar kaltaroq 25–30 m uzunlikda va balandligi 20–25 sm bo‘lishi lozim. Qatorlar oralig‘i 60–70 sm bo‘lishi kerak. Qatorlar nazoratlash uchun sug‘oriladi, kamchiliklar bartaraf qilinadi, so‘ngra ekishga kirishiladi.

Ekish. Ko‘chatlarni mahalliy sharoitga qarab gulzorlarga turli vaqtda ko‘chirib o‘tqazish mumkin. Ular oftob, oftob chala tushadigan joylarni yoqtiradi. Yaxshi o‘sgan va baquvvat o‘simliklar 10-apreldan boshlab ko‘chirib o‘tqaziladi. 1–2 °C sovuq ziyon etkazmaydi. Bunda qator oralari 60–80 sm, o‘simliklar orasi esa 40–50 sm qilib olinadi. 10–15 sm chuqur kovlab, uni suvga to‘yintirib, ekib chiqiladi. Ko‘chat oralig‘i ekilayotgan joyga qarab tanlanadi.

O‘simliklar gulzorga ekilgandan keyin ularni bir necha kun davomida qondirib sug‘orish lozim. Gullari uzib olinadigan gulzorlardagi o‘simliklarda bittadan g‘uncha qoldirib, qolganlari olib tashlanadi, hatto ba’zan novdalari ham siyraklashtiriladi. Ortiqcha g‘unchalarni uzish davrida o‘simliklar oziqlantiriladi, ya’ni haftada bir-ikki marta suyuq o‘g‘it bilan sug‘oriladi. Xrizantemani keyinchalik parvarish qilish – butun yoz bo‘yi qatorlar orasini yumshatib turish, o‘simliklar orasini chopish, begona o‘tlarni yo‘qotish, tuplariga shakl berish va vaqtida sug‘orishdan iborat.

Sug‘orish. Xrizantema guli suvni yaxshi ko‘radi, shu bois haftada ikki marotaba sug‘orish kerak. Qatorlar oralig‘i 6–8 marotaba yumshatilib, qo‘l kuchi yordamida 10–15 sm chuqurlikda chopiq qilinadi.

Oziqlantirish. Mineral o‘g‘it me’yori har 10 l suvga 20–25 g selitra aralashtirib tayyorlanadi va sug‘oriladi.

Kasalliklarga qarshi kurashish. Xrizantema guliga asosan ochilish, gullash davrida shiralarga qarshi Mospilan 20% em. k. kimyoviy vositasi sepiladi.

 

Manba: mehnat.uz sayti

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.