Gladiolus oʻstirish

Ekish uchun tavsiya etilgan navlar: Blitssard, Goudvill, Mariya, Goretti, Oskar va h.k.

Koʻchat tayyorlash. Gladiolus guli asosan piyozdan koʻpayadi. Piyoz gulning bolalash davri oʻtgandan keyin kovlab olinadi. Bu payt avgust oyining oxiri–sentabrning boshlariga toʻgʻri keladi. Kovlab olingan piyoz quritilib, yirik va sogʻlom piyozlar ajratilib olinadi. Keyin toʻrxaltaga solib, osib qoʻyiladi. Qurigan piyoz aprel oylarida ochiq yerga qadab chiqiladi. Qadab chiqilgan piyoz 10–15 kunda unib chiqadi va iyun oylariga borib gullay boshlaydi. Avgust oyining oxirida gladiolus piyozlari yana kovlab olinadi.

Ekishga yer tayyorlash. Gladioluslar oʻgʻitlangan qumoq tuproqli, serquyosh, shamollardan himoya qilingan yerda yaxshi oʻsadi. Oʻsimlikni oʻtqazish uchun suv toʻxtamaydigan, qumoq va qumloq tuproqli yer tanlanadi. Maydon kuzda 25–30 sm chuqurlikda haydaladi. Koʻklamda yerni xaskashda tekislab, qatqalogʻi yoʻqotiladi. Gladiolus piyozlari ekilishi oldidan uning quruq poʻsti olib tashlanadi, soʻngra formalin (1:800) eritmasi bilan yuqumsizlantiriladi. Shundan keyin uni sovuq suvda yuvib, quritiladi. Bu piyozchalar kurakchada ochilgan uyachalarga yoki egatchaga ekiladi. Buning uchun uyachalarga eng avvalo ozroq qum solinadi. Uyaga va egatlarga qoʻyilgan piyozchalar seroziq tuproq bilan koʻmiladi.

Ekish. Gladiolus piyozining kattaligiga qarab gulzorga 25×25 yoki 30×30 sm oraliq bilan, 1 m2 ga yirik piyozdan 25–30 ta, maydasidan 60 tagacha, nush (bolacha) laridan 120 tagacha ekiladi. Katta maydonlarga ekishda qator orasi 50–70 sm, tup orasi 25–30 sm etib tanlanadi. Gulning piyozi, avval arigʻi ochilib, pushta qismiga, yaʼni ustiga qadab chiqiladi. Qadab chiqish oraligʻi 5 sm. dan 10 sm. gacha boʻladi. Piyoz 10–12 sm chuqurlikda koʻmiladi.

Parvarishlash. Yozda kamida besh-olti marta oʻtoq qilinadi va tuproq yumshatiladi. Gladioluslarning yaxshi oʻsishi uchun tuproq hamisha nam saqlanadi. Piyoz qadalgandan soʻng zaxlaguncha sugʻriladi. Navbatdagi sugʻorishlar tagidan nam qochishiga qarab oʻtkaziladi. Yoz kunlarida 15–20 kunda bir marotaba suv quyiladi. Piyozni kovlab olishga 20–25 kun qolganda suv toʻxtatiladi. Oʻsimliklarni goʻng sharbati (shaltoq) va mineral oʻgʻit eritmasi bilan oziqlantirish ayniqsa foydalidir. Shaltoqni tayyorlash uchun bir chelak goʻng va toʻrt chelak suv bochkaga solinib yaxshilab aralashtiriladi. 6–8 kundan keyin shaltoq bilan oʻsimlikni sugʻorish mumkin. Sugʻorish oldidan har chelak suyultirilgan shaltoqda yana 4–5 chelak suv qoʻshiladi. Suyuq shaltoq oʻsimliklarga kechqurun, hoʻl yerga solinadi.

Iyun-iyulda oʻsimliklar, yuqorida koʻrsatilgandek, azotli oʻgʻit yoki goʻng shaltogʻi bilan yoki 10 l suvga 15–20 g hisobidan selitra yoki sulfat ammoniy qoʻshib tayyorlangan eritma bilan sugʻoriladi. Yozning oʻrtasidan boshlab oʻsimliklar superfosfat eritmasi bilan sugʻoriladi. Bu eritma bir chelak suvga 30–40 g superfosfat qoʻshib tayyorlanadi.

Kasallik va zararkunandalari. Gladiolus asosan kul rang chirish, quruq chirish, fuzarioz yoki bakterioz kasalliklariga chalinishi mumkin.

Bu kasalliklarga qarshi ularning oldini olish choralari koʻriladi. Oʻtqazish oldidan piyozlar formalin bilan dorilanadi. Buning uchun 1 l suvga 3–4 g 40 foizli formalin solinadi. Eritma yogʻoch bochkada tayyorlanadi. Piyozlar savatga solinib, 15 minut eritmaga botirib olinadi. Soʻngra bir joyga toʻplab usti sholcha yoki brezent bilan yopiladi, ikki soatdan soʻng olinib darhol ekiladi. Kasallangan piyozlar ekilmaydi. Gladiolus gulini birinchi navbatda hasharotlar va zang kasalligidan himoya qilish kerak.

 

Manba: mehnat.uz

 595 marta ko‘rilgan,  3 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.