Chinnigul qanday yetishtiriladi?

Ekish uchun tavsiya etilgan navlar: Grenadin, Turkiya, Golland, Xitoy va h. k.

Koʻchat tayyorlash. Chinnigul ildiz orqali yerdan undirib yoki urugʻ sepish orqali koʻpaytiriladi. Chinnigul koʻp yillik gul turi boʻlgani uchun ildizlari orqali yonidan kurtak chiqarib koʻpayish xususiyatiga ega.

Urugʻ sepib koʻpaytirishda sogʻlom, yaʼni pishgan urugʻ tanlab olinadi. Quritilgan urugʻ suvga boʻktirilgan yerga sepiladi va urugʻ usti tuproq bilan yupqa qilib yopib chiqiladi. Sepilgan urugʻ 10-15 kunda unib chiqadi. Unib chiqqandan keyin 50-60 kunda ekishga tayyor boʻladi.

Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Chinnigul tuproq tanlamaydi, lekin tarkibida bir oz ohak boʻlgan, sogʻ, unumdor va donador tuproqli yerni koʻproq yoqtiradi. Tuproq har kvadrat metriga 4-5 kg goʻng va 400-500 g qum qoʻshib chopiladi Agar tuproq qumli, yumshoq boʻlsa, har kvadrat metrga 3-4 kg goʻng solib chopiladi.

Ochiq maydonlarda 50-60 sm. li qatorlar tayyorlanadi. Yirik gulli chinnigul yetishtirish uchun ikkidan bir qism soz tuproq va yana ikkidan bir qismi chirigan bargdan iborat aralashma tayyorlanib, bunga tuproqning qay darajada zichlanganiga qarab, qum qoʻshiladi.

Ekish. Chinnigulni turlari va navlariga qarab may-iyun oyidan to avgust oylarigacha chala oftobli joyga oʻtqazish mumkin. Ochiq maydonlarda 25-30 sm. li qatorchalar tayyorlanadi. Soʻngra 10-15 sm. li chuqurchalar tayyorlanadi. Namlikni saqlash maqsadida tup aylanasiga 2-3 sm qalinlikda yagʻoch qirindisi sepiladi. Doimiy joyga gul koʻchatini ekishda 50×30 yoki 60×25 sm. li sxemalar tanlanadi. Chinnigulga suyuq oʻgʻit yaxshi taʼsir qiladi. Suyuq oʻgʻitni tayyorlash uchun 10 l suvga 20 g mol goʻngi qoʻshiladi.

Yaxshi achiganidan keyin oʻsimlik dastlab har olti kunda bir marta, bir oz vaqt oʻtgach – ikki marta ana shu suyuq goʻng bilan sugʻoriladi. Suyuq oʻgʻit faqat gʻunchalar hosil boʻla boshlaganda solinadi. Bunday oʻgʻit solingandan keyin oʻsimliklar bir yoki bir necha marta toza suv bilan sugʻoriladi. Toʻgʻri agrotexnik chora tadbirlari olib borilganda oʻsimlik tupidan 6-8 ta gul olish mumkin

Sugʻorish. Chinnigul yoz kunlarida har 10-15 kunda 2-3 marotaba zaxlatmasdan sugʻoriladi.

Oʻgʻitlash. Chinnigul asosan may, iyun oylarida chirigan goʻng bilan oziqlantiriladi.

Qator oraligʻiga ishlov berish. Tuproqni yumshatish dastlabki yillari 6-8 marotabagacha oʻtkaziladi. Qator oralari qoʻl kuchi yordamida 10-12 sm chuqurlikda ketmon bilan chopiq qilinadi. Bu ishlar sugʻorilgandan 2-4 kundan soʻng amalga oshiriladi. Gulzor doimo begona oʻtlardan tozalanadi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Chinnigul asosan oq pashsha va zang kasalliklariga moyil. Bu kasalliklarga qarshi asosan oltingugurt va boshqa kimyoviy dorilar sepiladi.

 

A. Ubaydullayev

 

Manba: agro.uz sayti

 663 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.