Atirgul qanday yetishtiriladi?

Ekish uchun tavsiya etilgan atirgul navlari: Qora magiya, Papilon, Burgun, Salvidor, Kulin Yelezaveta, Moskovskiy, Prezident, Anjelika va h. k.

Ko‘chat tayyorlash. Yozning o‘rtalarida chala yarim pishgan na’matak teriladi, dukkaklari chaqib olinadi va o‘radagi qumga aralashtirib ko‘miladi. Ko‘mil-gandan so‘ng 3-4 kun davomida suv sepilib turiladi. 15-20 kun o‘tgandan so‘ng ko‘milgan na’matak qumdan olinadi, yoyib quritiladi.

Quriganlari elanib, qumdan ajratiladi, mato xaltaga solib, soya va quruq joyda saqlanadi. Na’matak urug‘i noyabr oyida yana qalinligi 25-30 sm bo‘lgan ho‘l qumga aralashtirib ko‘miladi. Mart oyining 5-10 sanalarida qumdan kovlab olinib, elanadi va 10-15 sanalarda yerga sepiladi. Sepilgan urug‘ 20-25 kun davomida unib chiqadi.

May oyining o‘rtalariga borib yagana qilinadi. Nihollar payvand paytigacha parvarish qilinadi. Avgust oyining 10-15larida payvand qilishga yetiladi. Payvand qilish uchun atirgulning sog‘lom pishgan ko‘z navdasi tanlab olinadi. Ko‘zli navda gulning past qismidan 20-25 sm. qoldirib kesiladi. Kesilgan navdaning tepa yumshoq qismi ham kesib olib tashlanadi. Qolgan sog‘lom navdadan ko‘z olib, namatak tanasiga payvand qilinadi. Payvand qilingandan so‘ng 20-22 kundan keyin kurtak chiqadi, asta-sekin rivojlanib, shoxga aylanadi va 9-10 oydan so‘ng ilk gulini beradi.

Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Gul yetishtirish uchun ajratilgan maydon tekis va uncha katta bo‘lmagan (2-3o gacha) nishablikda bo‘lishi lozim. Yer maydoni kuz oylarida tayyorlanadi. Organik o‘g‘itlar berib, 20-30 sm chuqurlikda chopiladi. Tuproq begona o‘tlardan tozalanadi, xaskashlanadi va pushta olinadi. Ular kaltaroq, balandligi 20-25 sm, kengligi 70 sm bo‘lishi kerak. Ekishdan oldin maydon sug‘oriladi. Ko‘chatlar 70×60 sm va 70×70sm sxemada ekiladi.

Ekish. Atirgullarni ekishning eng maqbul payti bahor faslidir. Ekish oldidan atirgulning ildizlari tekshirib chiqiladi, singan va titilgan ildizlar kesib tashlanadi, qolgan sog‘lom ildizlar esa loy va qoramol axlatidan tayyorlangan atalaga botirib olinadi. Gul ko‘chatini ekish uchun eni 30×30 sm, chuqurligi 30 sm kattaligidagi chuqur qaziladi. Ko‘chat o‘tqazishdan oldin bu chuqur suv bilan to‘ldiriladi. Tuplar ko‘chatzordagi holatidan bir oz chuqurroq (3-4 sm) qilib, payvand qilingan tarafini kun chiqish tomonga qaratib o‘tqaziladi. Payvand bo‘lgan joyi yer yuzasida 45-50 sm tepada bo‘lishi lozim. Nam ko‘tarilib ketmasligi uchun aylana ariq betiga 3-4 sm qalinlikda qipiq yoki yangi ot go‘ngi sepib qo‘yiladi. Uzun shoxlari qirqib, kalta qilinadi. Qirqishda yangi novdalar hosil bo‘lishi uchun to‘rt-olti kurtak qoldirilishi kerak. O‘simlik o‘tqaziladigan kuni har bir chuqurga 6-8 kg hisobidan chirigan go‘ng tuproqqa aralashtirib solinadi. Agrotexnika tadbirlari io‘g‘ri olib, borilganda o‘simlik tupidan 8-12 donagacha gul olish mumkin

Sug‘orish. Sug‘orishda na’matak unib chiqqandan keyin yer chala, ya’ni har 10 kunda 2-3 marotaba sug‘oriladi. Payvand qilingandan so‘ng tagidan nam ketmasligi kerak. Keyin ko‘chat hafta davomida 1 marta sug‘orilib turiladi.

O‘g‘itlash. Atirgul ko‘chatlari asosan mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi.

Qator oralariga ishlov berish. Ishlov berish ishlari sug‘orilgandan 2-4 kundan so‘ng bajariladi. Tuproqni yumshatish dastlabki yillari 3-4 marotaba amalga oshiriladi. Qator oralari qo‘l kuchi bilan 10-15 sm chuqurlikda chopiq qilinadi va begona o‘tdan tozalanadi.

Atirgul shox-shabbasini kesish. Atirgul asosan erta bahorda butaladi. Butalgan shoxlar yoz bo‘yi kelgusi yil uchun o‘rinbosar novdalar chiqaradi. Gullaydigan atirgullar kalta qoldirib butaladi. Yer muzlashdan bir necha kun ilgari atirgul tuplaridagi barglar batamom tushadi. Ortiqcha novdalar olib tashlanadi.

Tup bo‘g‘izi atrofiga 40-50 sm balandlikda tuproq o‘yiladi. Shu tarzda atirgullar qishlaydi. Erta bahorda kurtaklar bo‘rtmasdan oldin bo‘g‘iz atrofidan tuproq olinadi, usti ochiladi, ildiz bo‘g‘izi tozalanadi, shikastlangan va singan, uchlarini sovuq urgan novdalar qirqib tashlanadi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Shiraga qarshi 20 g anabazin yoki nikotin sulfatni yoxud 50 g yashil sovunni 10 l suvga qo‘shib tayyorlangan eritma purkaladi. O‘rgimchakkanaga qarshi tiofos eritmasi purkaladi. Bu eritma 10 l suvga 5-6 g tiofos solib tayyorlanadi. Un-shudring kasalligiga qarshi 10 l suvga 20 g to‘tiyoyi va 200 g yashil sovun qo‘shib tayyorlangan eritma ishlatiladi. Atirgulning zang kasalligiga moyilligi kuchli. Unga qarshi oltingugurt sepiladi.

 

A.Ubaydullayev

Manba: agro.uz sayti

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.