Urugʻ mevali daraxtlar qanday rivojlanadi?

Mevali daraxtlar hosil berishni boshlashgacha kechiradigan hayotiy davri ularning kelgusida toʻgʻri voyaga yetib, serhosil daraxtlarga aylanishida muhim ahamiyatga ega. Bu asosan, daraxt ildiz qismining rivojlanish va umumiy strukturasining shakllanish davridir.

Koʻchat ildizining rivojlanishida, ayniqsa, birinchi yil alohida oʻrin tutadi. Bir qator tashqi omillar ildizning oʻsishiga salbiy taʼsir koʻrsatib, uning rivojini orqaga surishi mumkin, hatto koʻchat payvandtagi kuchli va chidamli boʻlganida ham. Bunday tashqi omillarga kasalliklar, parazit chuvalchang (qurt-qumursqalar), yovvoyi buta va oʻsimliklar bilan raqobat yuzaga kelishi, tuproq namligining keragidan past yoki yuqoriligi kabilarni misol qilish mumkin.

Dastlabki bir necha yildan keyin baʼzi bir navlar oʻzlarida tashqi omillarga chidam, immunitet hosil qilishlari ham mumkin. Ammo daraxt hajmini nazorat qiluvchi payvandtaglarda rivojlanayotgan navlar bundan mustasno. Bunday navlar kuchli tashqi bosimga chiday olmasdan rivojdan toʻxtab, nimjon va pakana (past boʻyli) daraxtlarga aylanib qolishi mumkin.

Ekilgan yili koʻchat bir, ikki, baʼzi xollarda hatto uch martagacha gurkirab oʻsish jarayonidan oʻtadi. Xuddi ildiz kabi, koʻchat yuqori qismining oʻsishi ham tuproq namligi (suv), yovvoyi butalar raqobati, muhit va parvarish hamohangligi kabi omillarga bevosita bogʻliqdir. Gurkirab oʻsish bahor va yozda avj oladi. Yoz yarmidan oʻtib jarayon sekinlashadi va shoxlarda uchki kurtaklar paydo boʻladi. Suv yetarli emasligi ham koʻchat gurkirab oʻsish jarayonini sekinlashtirishi mumkin.

Olma va nok daraxtlari ikkinchi yil xam gurkirab oʻsish jarayonidan oʻtadi. Vaqtida sugʻorilib, oʻgitlar bilan taʼminlanib, kerakli shart-sharoit yaratib berilgan olma daraxtla­ri bahor va yoz mavsumida rivojlanishdan toʻxtamaydi. Nok daraxtlarida esa oʻsish iyul oyi oʻrtalaridan keyin sekinlashadi. Olma va nok daraxtlarida ildiz rivoji dastlab yozning boshida va keyinroq kuzda yana bir marta avj oladi.

Koʻchat oʻz hayotining ikkinchi yili davomida qulay shart-sharoitda yetarlicha suv va ozuqa bi­lan taʼminlab turilsa, baʼzi bir olma va nok navlarida gul kurtaklari paydo boʻladi. Bu kur­taklar kelgusi yil gullab, meva tugishi mumkin. Dastlabki ikkinchi va uchinchi yilgi oʻsish mav­sumida shox va novdalari toʻgʻri rivojlangan olma hamda nok daraxtlari uchinchi yoki toʻrtinchi yildan meva berishni boshlaydi. Baʼzi bir nok navlari beshinchi yoki oltinchi yildan boshlab mevaga kirishi ham mumkin.

Olma va nok daraxtlari ikkinchi yildan gullaydigan boʻlsa, bu gullarni uzib tashlash kerak. Chunki meva yetishtirish jarayoni koʻchatlarning gurkirab oʻsish jarayoniga xalaqit berishi mum­kin. Koʻchat yoshligida uning strukturasini shakllantirish eng asosiy masala xisoblanadi. Shuning uchun, daraxt ozuqasini daraxt usishi uchun sarflash lozim. Daraxtlar oʻsish surati va oʻzaro joylashuv zichligidan kelib chiqib, hatto uchinchi yili ham meva gullarini qisman yoki umuman uzib tashlashga toʻgʻri kelishi mumkin.

 

Manba: “Mevali daraxtlarga shakl berish, kesish va payvandlash” (B.Gʻulomov, Sh.Abrorov, I.Normuratov, “Fan” nashriyoti, Toshkent – 2011) qoʻllanmasi.

 386 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.