Qulupnaydan sharbat va kompot qanday tayyorlanadi?

Qulupnay sharbati tayyorlash

Qulupnay mevasi tarkibida 4-14% gacha shakar, 0,28-1,6% gacha har xil kislotalar, 37-130 mg C vitamini, tez hazm boʻladigan temir, fosfor, kaliy va kalsiy tuzlari mavjud. Inson organizmida V vitaminining yetishmasligi qon yurishini sekinlashtirib, kamqonlikni keltirib chiqaradi. C vitaminining yetishmasligi esa tsinga (цинга) kasalligiga olib keladi.

Shuningdek, inson organizmining kasalliklarga qarshilik koʻrsatish funksiyalarining kamayishiga, nerv sistemasining buzilishiga olib keladi.

Qulupnay sharbati juda xushboʻy boʻlib, uni tayyorlash uchun qattiq, rangi tiniq, yuvilgan tozalangan qulupnaylar ishlatiladi. Idishga solib, yogʻoch qoshiq yoki taxta kabilar bilan bosib, 3-4 soatga xona haroratida qoldiriladi. Soʻngra 1 kg massaga 100 g suv qoʻshilib, 60 daraja haroratgacha 3 minut isitiladi.

Keyin sovutilib, 3-4 qavatli dokadan oʻtkazilib, filtrlanadi. Olingan sharbat bankalarda 85-90˚C haroratda pasterizatsiya (qizdirish orqali mikrob va zamburugʻlarni yoʻqotish) qilinadi. Bu sharbat yurak va jigar kasalliklari uchun foydali hisoblanadi.

 

Qulupnaydan kompot tayyorlash

Qulupnaydan kompot tayyorlash uchun quyidagi mahsulotlar zarur boʻladi: 1 kg qulupnay uchun 1 kg shakar, vanilin, limon suvi, bir necha tomchi uksus.

Shakar va ozroq suv asosida quyuq sirop tayyorlanadi. Xushboʻy hid berishi uchun ozroq vanilin va limon suvi qoʻshiladi. Katta kastryulda bir necha gramm uksus qoʻshilgan suv qaynatiladi. Qaynayotgan suvga qulupnayni bir necha soniya solib olinadi va shakarli sirop ustiga tashlanadi.

Yaxshilab qaynatib, 18-20˚C haroratda 1 kun ushlab turiladi. Shundan soʻng sirop ajratilib, qulupnaysiz qaynatiladi. Soʻngra yana bir bor qulupnayni solib 1-2 daqiqa qaynatiladi. Sovigan qulupnay kompotini shisha idishlarga solib, usti qogʻoz bilan berkitib qoʻyiladi.

 

Manba: “Hosilni saqlash va qayta ishlash” (Nabijon Hoshimov, “Dizayn-Press” MCHJ nashriyoti, Toshkent-2012) qoʻllanmasi.

 468 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.