Qovunning un shudring kasalligiga chidamli navlari

Mamlakatimiz polizchiligi ko‘p asrlik tarixga ega. Ayniqsa, xalqimiz qovunni sevib iste’mol qiladi. Yurtimizda hozirda qovunning 130 dan ortiq madaniy navlari tarqalgan bo‘lib, ular pishib yetilish muddati, hosildorligi, ta’mi, meva vazni, saqlanish muddati bo‘yicha o‘zaro farqlanadi. Ota-bobolarimiz tomonidan yaratilgan qovunlarning ko‘pchiligi jahonda shuhrat qozongan.

Qovunning mevasi ajoyib ta’mga hamda ko‘pgina foydali xususiyatlarga ega. Uning tarkibida 85-92% suv, 8-15% quruq modda, 0,8 % oqsil, 1,8% kletchatka, 6,2% boshqa uglevodlar, 0,9% moy, 20-30 mg/% askorbin kislotasi, temir, kalsiy, magniy, kaliy kabi mikroelementlar, organik va mineral tuzlar mavjud.

Yurtimiz qovun navlari mevalaridagi qand moddasi miqdori 14-16% ga yetadi. Tarkibida fruktoza moddasi miqdori ko‘p bo‘lsa qovun shirin, glyukoza moddasi ko‘proq bo‘lsa nimshirin ta’mga ega bo‘ladi.

Buyuk alloma olim-tabiblar – Iskari Olim (miloddan avvalgi IV asr) va Abu Ali ibn Sino (milodiy XX asr) asarlarida qovun ko‘pgina kasalliklarni davolashda ishlatilganligi haqida ma’lumotlar keltirilgan. Qovunning dorivor xususiyatlari zamonaviy tibbiyot ilmi tomonidan ham isbotlangan. Uni iste’mol qilish ko‘plab fiziologik jarayonlarni boshqarishga yordam beradi.
U buyrak, me’da, jigar kasalliklarida hamda asteroskleroz, bronxit, sil, bod xastaliklarida va kamqonlikda dorivor vosita sifatida foydalaniladi.

Qovun urug‘i damlamasi yo‘tal, teri va buyrak-tosh kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Mamlakatimizda yetishtirilayotgan qovun navlarining hosildorligi va sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishiga qaramay, ular un shudring va palak so‘lish kasalligiga chidamsizdir.
Ushbu kasalliklar bilan qovun ekinining zararlanishi natijasida hosildorlik 30-35, kasallik kuchli tarqalgan yillari 60-65 foizgacha kamayib ketmoqda. Sifatli mo‘l hosil olish omillaridan biri kasallikka chidamli navlar ekishdir.

Keyingi yillarda seleksionerlarimiz tomonidan mahalliy qovun navlarining un shudring va palak so‘lish kasalligiga chidamliligini oshirish borasida seleksiya ishlari olib borildi va un shudring kasalligiga 100% chidamli quyidagi navlari yaratildi.

“Oltin tepa” – o‘rtapishar, nihollari unib chiqqandan qovuni pishguncha 85-90 kun o‘tadi. Qovun mevasi “Yirik ichi qizil” naviga o‘xshash, cho‘zinchoq, kattaligi o‘rtacha, og‘irligi 3,3-4 kg, usti silliq, rangi qo‘ng‘ir-yashil. Gullari qoramtir yashil uzuq yo‘lli, to‘ri sidirg‘a. Po‘sti o‘rtacha qalin, qattiq. Eti qizil, karsillaydigan, xushta’m, tarkibidagi qand miqdori 13-15%. Hosildorligi 28-35 t/ga. Tashishga chidamliligi o‘rtacha. Hamma viloyatlarda iqlimlashtirilgan.

“Lazzatli” – erta-o‘rtapishar, nihollari unib chiqqandan keyin 75-80 kunda mevasi pishadi. Mevasining ko‘rinishi “Oq urug‘ – 1157” naviga o‘xshash. Qovunning o‘rtacha vazni 3-4 kg, shakli cho‘zinchoq, usti silliq, oq sariq rangli, u yer-bu yerida uzunchoq sariq dog‘lari bor. To‘ri yirik katakli. Po‘sti yupqa, qattiq. Eti o‘rtacha qalin – 4,5 sm, oq rangli, karsillaydigan, sersuv, shirin. Qand miqdori 14-16%. Hosildorligi 28-30 t/ga. Uzoq masofaga tashishga chidamliligi o‘rtacha. Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlarida iqlimlashtirilgan. Boshqa hududlarda ham ekish mumkin.

”Suyunchi – 2” – o‘rtapishar, nihollar paydo bo‘lgandan so‘ng mevasi 83-87 kunda pishadi. Qovun mevasi “Shakar palak – 2580” naviga o‘xshash. Mevasi cho‘zinchoq-tuxumsimon, og‘irligi 2-2,5 kg, yuzasi silliq. To‘ri to‘liq, mayda katakli, qovunga kulrang tus beradi. Po‘sti oqish – limon rangda, to‘q yashil qo‘shaloq jimjima yo‘li bor. Eti qizil, karsillaydi, sersuv, shirin. Qand miqdori 13-14%. Hosildorligi 20-25 t/ga. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida iqlimlashtirilgan. Boshqa hududlarda ham ekishga tavsiya etiladi.

“Oltin vodiy” – o‘rtapishar, nihollari unib chiqqandan keyin mevasi 86-93 kunda pishadi. Qovun tashqi ko‘rinishidan “Shakar palak – 554” naviga o‘xshash. Qovunning o‘rtacha og‘irligi 2-4,1 kg, shakli cho‘zinchoq tuxumsimon, usti silliq, och yashil rangda, to‘q yashil dog‘lari bor, to‘ri to‘liq. Po‘sti qattiq, mag‘zi oq rangda. Qand moddasi 13-14%. Hosildorligi 22-30 t/ga. Mevalari uzoq masofaga tashishga o‘rtacha chidamli. Yurtimizning barcha mintaqalarida iqlimlashtirilgan.

”To‘yona” – kechpishar, mevasi qishda saqlanadigan nav. Nihollari unib chiqqanidan keyin mevasi 105-115 kunda yetiladi. Mevasi tashqi ko‘rinishidan “Qo‘y bosh – 476” naviga o‘xshash. Qovuni yirik, tuxumsimon, o‘rtacha kattalikda. Og‘irligi 4-6 kg. Usti tekis, uzayotganda rangi qo‘ng‘ir kulrang tusda bo‘ladi, yetilgach sarg‘ish-qo‘ng‘ir rangga kiradi, to‘ri dag‘al, to‘liq, tarkibida 9-10% qand bor. Hosildorligi 35-40 t/ga. Mevasi uch oygacha saqlanadi, tashishga chidamli. Yurtimizning barcha mintaqalarida iqlimlashtirilgan.

“Gurlan” – kechpishar, nihollari unib chiqqandan keyin mevasi 108-120 kunda pishadi. Qovuni yirik, tekis, rangi sariq, qora rangli uzuq yo‘llari bor, to‘ri dag‘al, to‘liq, tarkibidagi qand miqdori 8-9%. Hosildorligi 40-45 t/ga. Mevasi uch-to‘rt oygacha saqlanadi, tashishga chidamli. Yurtimizning barcha mintaqalarida iqlimlashtirilgan. “Amudaryo” – kechpishar, qishda saqlanadigan nav. Nihollari unib chiqqandan mevasi yetilguncha bo‘lgan davr 112-120 kun. Qovuni yirik, og‘irligi 4-6 kg, kalta silindrsimon shaklda. Sirti g‘adir-budir, jigarrang, gulsiz. Eti oq, tarkibida 10-12% qand bor. Hosildorligi 45-50 t/ga. Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqlimlashtirilgan.

“Gulobi Xorazmiy” – kechpishar, nihollari unib chiqqandan mevasi yetilguncha bo‘lgan davr 120-125 kun. Palagi kuchli o‘sadi. Mevasi yirik, vazni 5-10 kg, uzun silindirsimon shaklda. Sirti g‘adir-budir, qoramtir-ko‘kish, gulsiz. Eti qalin – 7-8 sm. Tarkibidagi qand miqdori 14-15%. Hosildorligi 50-55 t/ga. Juda yaxshi saqlanadi, transportda tashishga chidamli. Buxoro, Xorazm viloyatlarida iqlimlashtirilgan.

“Zar Gulobi” – o‘rta kechpishar, nihollari unib chiqqandan mevasi yetilguncha bo‘lgan davr 100 kun. Palagi kuchli o‘sadi, bargi yuraksimon, cheti qirrali, ko‘m-ko‘k rangda. Mevasi tuxumsimon, vazni 4-5 kg. Sirti silliq, meva bandi tomoni biroz segmentlashgan, shu qismi to‘r bilan qoplangan. Mevasining rangi sariq. Po‘stining qalinligi o‘rtacha. Eti oq, etdor – 7-8 sm, yarimkarsillama, saqlov davrida eti yumshoq, sersuv, og‘izda eruvchan bo‘ladi. Meva tarkibidagi qand miqdori 14-15%. Hosildorligi 30-35 t/ga. Uzoq masofaga tashishga chidamli. Buxoro, Xorazm viloyatlarida iqlimlashtirilgan. Boshqa mintaqalarda ham ekish mumkin.

”Saxovat” – kechpishar, nihol unib chiqqandan so‘ng mevasi 120-122 kunda yetiladi. Qovunlari tuxumsimon shaklda, vazni o‘rtacha 4,4 kg. Sirti silliq, to‘q jigarrang. To‘r bilan qoplangan. Po‘sti qattiq, o‘rtacha qalinlikda. Eti qalin och-yashil rangda. Yangi uzilganda biroz karsillaydi, saqlangandan so‘ng eruvchan bo‘ladi. Mazasi juda shirin, tarkibidagi quruq modda miqdori 15,4%. Hosildorligi 34,6 t/ga. Saqlanish muddati 120 kungacha. Buxoro, Xorazm viloyatlarida iqlimlashtirilgan. Boshqa mintaqalarda ham ekish tavsiya etiladi.

“Kichkintoy” – erta-o‘rtapishar, nihol unib chiqqandan so‘ng mevasi 76-80 kunda pishadi. Palaklari baquvvat, sershox, barglari qalin, to‘q yashil rangda, qirqimli. Mevasining o‘rtacha og‘irligi 0,8-1,2 kg, me’yorli, shakli sharsimon, sirti tekis, sariq rangda, to‘liq mayin to‘r bilan qoplangan. Eti och yashil rangda, tig‘iz, mayin, yoqimli hidi bor. Qand miqdori 14,4%. Hosildorligi 19,5-21 t/ga. Yurtimizning barcha mintaqalarida iqlimlashtirilgan.

”Dilxush” – o‘rtapishar, nihollar unib chiqandan so‘ng mevasi 95-100 kunda pishib yetiladi. Palagi uzun, bargi yuraksimon, o‘rtacha hajmli. Mevasi urchuqsimon, vazni 3,5-4,5 kg, yuzasi bir oz g‘adur-budur, yashil rangli, to‘ri to‘la, mayda katakli, po‘sti o‘rtacha qattiq. Eti oq, qalinligi 3,5-4 sm, po‘sti atrofi yashil, mayin, shirin. Tarkibidagi eruvchan quruq modda miqdori 14-15%. Hosildorligi 30-32 t/ga. 2011-yilda Davlat nav sinoviga topshirilgan.

Yuqoridagi barcha navlarni respublikamizning markaziy mintaqasida joylashgan viloyatlarda ertagi navlar 15-aprelgacha, o‘rtagisi 20-apreldan 10-maygacha, kechki navlar 15-maydan 10-iyungacha, janubiy viloyatlarda ertagi navlar 10-aprelgacha, o‘rtagisi 10-20 aprelgacha, kechkilari 10-20 iyunda ekiladi. Shimoliy viloyatlarda ertagi navlarni 20-aprelgacha, o‘rtagisini 25-apreldan 10-maygacha, kechkisini 20-30 mayda ekish kerak.

I.Hakimov, M.Xalimova

Manba: agro.uz sayti

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.