Ildizpoyali begona oʻtlar

Ildizpoyali begona oʻtlar Oʻzbekistonning hamma sugoriladigan va lalmikor yerlarida uchraydi. Bu oʻtlar boshqa begona oʻtlardan koʻra bir necha baravar zarar keltiradi. Chunki ularning koʻpayish imkoni bir necha barobar yuqori. Ildizpoyali begona oʻtlarning yer ostidagi ildiz boʻgʻimlarining har bir boʻlagi alohida oʻsimlik boʻlib oʻsadi.

Bundan tashqari ular urugʻlaridan ham koʻpayadi. Ular juda zich boʻlib toʻplab oʻsadi, madaniy oʻsimliklarni siqib mutlaqo yoʻqotib yoboradi, koʻpayishi vegetativ va generativ tashqi noqulay sharoitlarga juda chidamli. Bir dona ildiz boʻgʻimi quruq tuproqda uzoq qolib ketib, ozgina namni singdirib olishi bilan avj olib oʻsa oladi.

Oʻzbekistonning sugʻoriladigan yerlarida ildizpoyali begona oʻtlardan: gʻumay, salomalaykuml, ajriq, qamish, achchiqmiya, oqmiya, bugʻdoyiqlar koʻp tarqalgan. Shulardan gʻumay, salomalayquml, ajriq esa karantin begona oʻtlar hisoblanadi.

Gʻumay (Andropogom halepensis) – qoʻngʻirboshlar oilasiga mansub koʻp yillik begona oʻt paxta ekiladigan yerlar uchun eng zararli begona oʻt hisoblanadi. U maydan iyun oyigacha gullaydi va iyundan oktabrgacha hosil beradi.

Gʻumay tik oʻsadi, boʻyi 1,5 m gacha yetadi, poyasining pastki qismidan shoxlaydi. Asosan urugʻidan hamda ildizpoyalaridan koʻpayadi. Gʻumay serurugʻ oʻsimlik boʻlib, har tupi 2-3 mingga yaqin urugʻ beradi. Bir tupida 1-80 ildizpoya va 800 tagacha boʻlishi mumkin. Gʻumay tuzilishiga koʻra sudan oʻtiga juda oʻxshaydi, shuning uchun ham u sudan oʻtining ashaddiy dushmani hisoblanadi.

Gʻumayning yosh poya va barglarida xayvonlarni zaxarlovchi sinil kislotasi va sianogen glyokozidi boʻladi. Zaxarlanish qurgʻoqchilik yillarda, ayniqsa koʻproq kuzatiladi. Sinil kislota gʻumay qurgʻoqchil yerda oʻsganda juda yuqori darajada boʻladi, Gʻumay oʻrib ikki soat soʻlitib qoʻyilib, mollarga berilsa, tarkibidagi glyokozidlar parchalanib ketadi.

Ajriq (Cynodon dactylon) – koʻngʻirboshlar oilasiga mansub koʻp yillik begona oʻt. Bu sugʻoriladigan maydonlar uchun eng xavfli begona oʻt boʻlib, koʻpayish jarayoni juda tez. Boʻyi 15-25 sm, barglari lentasimon, sharoitga qarab erta koʻklamdan to kuzgacha oʻsadi. May-iyunda gullaydi, iyul-avgustda urugʻlaydi.

Deyarli barcha ekinlar, ayniqsa gʻoʻza, beda kabilar uchun eng xavfli hisoblanadi, uning ildizi qurgʻoqchilikka shunchalik chidamliki, agar 1-2 yil quruq joyda qolsa ham koʻkarish qobiliyatini yoʻqotmaydi, yaʼni nam tegishi bilan koʻkaraveradi. Ajriq urugʻidan kamdan-kam, asosan ildizpoyasidan koʻpayadi.

Boʻyi 30-40 sm, gullari yuqoriga qarab, poyalari yon tomonga qarab 500 m gacha oʻsadi. Xar bir 10-15 sm oraligʻida bir boʻgʻin hosil qilib, har boʻgʻinidan ildizlar chiqarib, yangi oʻsimlik, hosil boʻladi. Ajriq sugʻoriladigan va qurgʻoqchil maydonlarda toʻgʻridan-toʻgʻri oʻsaoladi. Tashqi noqulay muhitga oʻta chidamli, yer sharining koʻpgina mamlakatlarida oʻsadi, uni chorva mollari yaxshi koʻrib isteʼmol qiladi.

Salomalayquml (Cyperua rotondus L) – qiyoqdoshlar oilasiga mansub ildizpoyali begona oʻt tik oʻsadi, boʻyi 20-40 sm, 400 ga yaqin turi bor. Nam yerda yaxshi oʻsadi. Iyun-avgustda gullaydi, sentabrda urugʻlaydi. Sugʻoriladigan tumanlarda keng tarqalgan. Gʻoʻza, sholi, poliz, sabzavot ekinlari va gullar ichida oʻsadi. Ildiz piyozchasidan va urugʻidan koʻpayadi. Dalada uni tortib yulib olganda, poyasi yulinib, piyozchasi tuproq tagida qolib ketaveradi, 3-4 kundan soʻng yana oʻsib chiqadi.

 

Manba: “Dehqonchilik asoslari” (M.Z.Murtozayev, “Fan va texnologiya nashriyoti”, Toshkent-2012)

 617 marta ko‘rilgan,  3 marta bugun ko‘rildi

1 ta mulohaza

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.