Eng koʻp asal beruvchi oʻsimliklar haqida

Asalshirali oʻsimliklar (nektarli oʻsimliklar) – asalari nektar va gulchangi yigʻib oladigan yopiq urugʻli oʻsimliklar, asalarilarning asosiy oziq bazasi. Nektarni gultoji yoki gulkosa barglar, tuguncha devori yoki gul oʻrnida joylashgan maxsus nektar bezlari ishlab chiqaradi. Ayrim oʻsimliklarda bunday bezlar barg bandi yoki gulyon barglarida, hatto poyada ham joylashgan.

Nektar miqdori oʻsimlik turiga bogʻliq. Masalan: bitta gul ishlab chiqaradigan nektar miqdori tropik oʻsimlik – arxideyada 30 g gacha, joʻkada – 0,15-7,46 mg, qashqarbedada – 0,16 mg ga teng. Asalshirali oʻsimliklar gulidan yigʻilgan nektar va gul changini asalarilar va asalarisimonlar oilasiga mansub boshqa hasharotlar asalga va pergaga aylantiradi.

Ayrim oʻsimliklar nektar bilan birga qatronga oʻxshash modda ham ajratadi. Arilar bu moddadan propolis (asalari yelimi) ishlab chiqaradi. Asalshirali oʻsimliklarning nektar ishlab chiqarish xususiyati evolyutsiya davomida kelib chiqqan boʻlib, oʻsimliklarning hasharotlar orqali chetdan changlanishga moslashuvidan iborat.

Chetdan changlangan oʻsimliklar koʻp hosil beradi va ancha sifatli urugʻ qoldiradi. Koʻpchilik qishloq xoʻjalik ekinlari, masalan: oziq-ovqat va yem-xashak ekinlaridan grechixa, esparset, sebarga, beda, qashqarbeda, vika va boshqalar; moyli va efir moyli oʻsimliklar – kungaboqar, raps, anis, koriandr, yalpiz; tolali ekinlar – gʻoʻza, kanop; turli xil mevali daraxtlar, poliz va sabzavot ekinlari, sitrus oʻsimliklari, uzum va boshqalar koʻp nektar hosil qiladi.

Nektar ishlab chiqarilishi va hasharotlarning nektar yigishi asalshirali oʻsimliklarning gullagan vaqtiga toʻgʻri keladi. Nektar ishlab chiqarishning boshlanishi va uning miqdori iqlim, tuproq va ob-havo sharoitiga bogʻliq.

Oʻzbekiston sharoitida asalshirali oʻsimliklarning yuzlab turi oʻsadi, ular orasida koʻp miqdorda nektar ajratib amaliy ahamiyatga ega boʻlganlari bir necha oʻn turdan iborat. Asalshirali oʻsimliklar botanik yoki xoʻjalik belgilariga, gullash muddati (masalan: bahorgi, yozgi, kuzgi) va oʻsadigan joyi yoki boshqa belgilariga qarab tasnif qilinadi.

1 ga maydonda hosil qiladigan nektar miqdori boʻyicha quyidagi oʻsimliklar amaliy ahamiyatga ega: joʻka va dala zarangi – 1000 kg, ingichka bargli zarang – 200 kg gacha, tol – 150 kg gacha, sariq akatsiya – 350 kg ga yaqin, mevali daraxtlar (olma, nok, olxoʻri, olcha, gilos) – 20–30 kg, rezavor mevalardan smorodina – 60 kg, malina – 200 kg, oʻtlardan grechixa – 60–90 kg, moyli ekinlardan kungaboqar – 30-40 kg; tolali ekinlardan gʻoʻza – 30-40 kg, yem-xashak ekinlaridan esparset – 90-400 kg, qashqarbeda – 300 kg, sebarga – 100-150 kg, beda – 100 kg nektar ishlab chiqaradi.

Har xil muddatda gullaydigan oʻsimliklarni oʻstirish orqali bir joyning oʻzida surunkasiga bir necha oy yoki mavsum davomida asal yigʻish mumkin. Oʻzbekiston sharoitida erta bahordan kech kuzgacha asal yigʻish uchun asalarilar bahorda efimer oʻsimliklar oʻsadigan dashtga, bahorning oxiri va yoz oylarida togʻ oldi va togʻ zonalari hamda ekinzorlarga koʻchiriladi.

 

Manba: Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi.

 1,075 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.