Bog‘lardagi bahorgi yumushlarni o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar

Hosilli bog‘ va tokzorlarni erta bahorda (mart oyi boshlarida) oziqlantirish zarur bo‘lib, bunda sof holda 120 kg/ga azotli, 90 kg/ga fosforli, 30-45 kg kaliyli o‘g‘itlarni 20-25 sm chuqurlikka solish kerak. Tuproq unumdorligi past bo‘lgan bog‘larda ekinlar hosildorligini oshirish maqsadida ushbu me’yor 20-30 foizga oshiriladi. Mineral o‘g‘itlar organik o‘g‘itlar bilan birgalikda berilsa, samarasi ancha oshadi.

Yog‘ingarchilikning kam kuzatilishi, tuproqda namlikning yetarli darajada bo‘lmasligi mevali daraxtlarning yaxshi o‘sib-rivojlanishiga, mevalari to‘liq shakllanmay, mayda bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi. Shu bois bahorning ilk kunlarida bog‘-tokzorlarga albatta yaxob suvi berish zarur. Bunda bog‘lar 1500-2000 m3/ga, tokzorlar 1200-1500 m3/ga me’yordagi suv bilan 3-4 kun davomida sug‘orilsa, tuproq obdon namlanadi. Shunda daraxtlar kurtaklarining uyg‘onishi biroz kechikadi.

Ko‘p yillik kuzatishlarga qaraganda, mart oyida respublikamizda qisqa muddatli sovuqlar tez-tez takrorlanib turishi daraxtlarga salbiy ta’sir etadi. Buning oldini olish maqsadida, bog‘ning har bir gektar maydonida tutatish uchun go‘ng, xashak va xazon aralashmasini yig‘ib qo‘yish (uyumlar soni 150-200 ta) zarur. Yana bir muhim tadbir – bu sovuq kuzatilishi oldidan bog‘ qator oralaridagi sug‘orish ariqlardan suvni jildiratib oqizib qo‘yishdir. Shunday qilinsa, bog‘dagi havo harorati 2-3℃ ga ko‘tarilib, daraxtlar sovuq urishidan saqlab qolinadi.

Daraxtlarning kurtaklari bo‘rtish arafasida havo harorati +10℃ dan past bo‘lmagan vaqtda urug‘ va danak mevali bog‘larga 3 foizli Bordo suyuqligi (100 l suvga 3 kg mis kuporosi va shuncha so‘nmagan ohak qo‘shiladi) bilan ishlov berish ham yaxshi samara beradi.

Daraxt tanalari va shoxlarini ohak (10 l suvga 2 kg ohak va 1,5 kg tuproq aralashtiriladi) bilan oqlash ham novdalardagi kurtaklarning harakatini kechiktiradi.

Daraxtlar gullab bo‘lgach Bordo suyuqligining 1 foizli (100 l suvga 1 kg mis kuporosi va shuncha so‘nmagan ohak qo‘shiladi) eritmasi purkaladi. Bundan tashqari chuqur ta’sir etuvchi fungisidlar ham yaxshi samara beradi. Bunda “Topsin-M”(1 l/ga) preparati 0,1 foizli qilib sepiladi. Shuningdek, “Bayleton” (0,2-0,3 l/ga), “Folikur” (0,25 l/ga), “Vektra” (0,3 l/ga) preparatlaridan foydalanish ham yaxshi samara beradi.

Mart oyida tokzorlarda ta’mirlash ishlari, ya’ni temir-beton ustunlarni to‘g‘rilash, simlarni tortib chiqish, ustun taglarini zichlash ishlarini yakunlash lozim.

Mart oyining ikkinchi yarmidan, ayrim hududlarda esa oyning oxiridan boshlab tok tuplarini ochib, simbag‘azlarga ko‘tarib bog‘lash ishlari amalga oshiriladi.

Toklar simbag‘azlarga ko‘tarib bog‘langach, 10-20 t/ga mahalliy go‘ng, sof holda 60 kg/ga azotli, 30 kg/ga kaliyli mineral o‘g‘itlar solinib, qator oralari haydalib, tup atroflari yumshatiladi.

Respublikamizda bog‘-tokzorlar maydoni yildan-yilga ortib, har yili 5-10 ming gektar maydonda yangi intensiv bog‘ va tokzorlar tashkil etilmoqda. Yangi bog‘-tokzorlar barpo qilishda xatolikka yo‘l qo‘ymaslik zarur.

Mevali daraxtlarning ko‘chatlari uch xil payvandtaglarda, ya’ni pakana payvandtag (past bo‘yli), o‘rta o‘suvchi payvandtag va kuchli o‘suvchi payvandtaglarda ko‘paytiriladi.

Yangi bog‘lar barpo qilishda bog‘ atrofini ihotalashtirish, nihollarni shamollardan himoyalash imkonini beradi. Buning uchun terak, o‘rik, jiyda yoki yong‘oq kabi daraxt ko‘chatlarini ekish kerak.

Yangi bog‘ barpo etish uchun tanlangan maydon erta bahorda (mart oyi boshida) ko‘chat ekilishidan oldin tekislanib, 35-40 sm chuqurlikda plantaj so‘qa yordamida haydaladi, tuproq yetilishi bilan chizellanadi hamda ketma-ket mola qilinib, ko‘chat ekish uchun reja tortiladi.

Reja tortishda ekiladigan ko‘chat turlariga qarab, pakana payvandtagga ulangan olma ko‘chatlari 3,5×2,5 m, o‘rta o‘suvchi 3,5×3 m, nok ko‘chatlari uchun 3,5×2 m, o‘rta o‘suvchi 3,5×2,5 m, MM-106 payvandtagga ulangan o‘rta o‘suvchi ko‘chatlarda olma naviga qarab, 5×3 m, 5×4 m, nok uchun 5×3 m, 5×4 m sxemalari tavsiya etiladi.

Kuchli o‘suvchi mevali daraxtlarning ko‘chatlarini quyidagi sxemalarda ekish tavsiya etiladi: olma 8×7 m, 8×6 m, nok 8×5 m, behi 6×4 m, 5×4 m, o‘rik 8×7 m, 8×6 m, gilos 8×7 m, 8×6 m, olxo‘ri 6×5 m, 6×4 m, shaftoli 6×4 m, 5×4 m, yong‘oq 8×8 m, 8×7 m, bodom 6×5 m, 6×4 m, xurmo 6×6 m, 6×5 m, olcha 6×4 m, qorag‘at (smorodina) 3×1,5 m, 3×1 m, malina 2,5×1 m, 2,5×0,5 m, tok ko‘chatlari 3×2,5 m, 3×2 m.

Yangi ko‘chat ekiladigan maydonlarda reja qoziqlari o‘rnatilgach, unga nazorat qoziqlari o‘rnatilib, ko‘chat ekiladigan chuqurlar kovlanadi. Chuqurlar KYa-100 maxsus agregatida yoki qo‘lda 60x60x60 sm hajmda kovlanadi.

Chuqurlarni kovlashda avval tuproqning yuza 20-25 sm qismi bir tomonga, chuqurning tagidagi qismi ikkinchi tomonga olib qo‘yiladi. Chuqurga ko‘chat ekishdan oldin 350-400 g fosforli, 30-40 g kaliyli o‘g‘itlar hamda 8-10 kg chirigan go‘ng tuproq bilan aralashtirib solinib, keyin ko‘chat ekiladi.

Yangi ekiladigan ko‘chatlarni ekish uchun ko‘chatzordan ekish maydoniga olib borishda ko‘chatlarni ildiz qismi shamollamasligi uchun ularni poxol, brezent yoki polietilen plyonka bilan yopib qo‘yiladi.

Ko‘chatlarni ekishdan oldin maydon oldida katta chuqurda atalasimon loy tayyorlanib, unga 8:1, 10:1 miqdorida molning suyuq shatmog‘i qo‘shiladi. Shatmoqqa ko‘chatlarning ildizi birma-bir yaxshilab botirib olinadi. Shunda ekilgan ko‘chatlarni tezlik bilan sug‘orishning imkoni bo‘lmagan jarayonda ijobiy ta’siri katta bo‘ladi.

Ko‘chatlar ekilib bo‘lingach, darhol sug‘orish ariqlari ochilib, ko‘chatlar sug‘oriladi.

Tok ko‘chatlari ham xuddi shu usulda ekiladi. Bunda ekilgan ko‘chatlarning 4-5 ta kurtagi qoldirilib, qolgan qismi kesib tashlanadi. Ko‘chatlar sifatli qilib ekilsa, ular yaxshi o‘sib-rivojlanib, ko‘p yillar davomida mo‘l va sifatli hosil beradi.

R.Abdullaev

Manba: agro.uz sayti.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.