Bog‘ yaratishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Meva bog‘ining hosildorligi, uzoq yashashi va serdaromad bo‘lishi uning qanchalik to‘g‘ri barpo qilinganligiga hamda qarovga bog‘liq. Meva daraxtlari asosan ko‘p yillik bo‘lganligi uchun bog‘ barpo qilishda yo‘l qo‘yilgan xato u hosilga kirgandan so‘ng sezilishi va bu xatoni tuzatish qiyin kechishi yoki umuman tuzatib bo‘lmasligi mumkin.
Katta yoshdagi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish qiyin bo‘ladi yoki butunlay kesib tashlab boshqatdan ekish kerak bo‘lib qoladi. Shuning uchun bog‘ tashkil qilishdan oldin o‘sha yerning tuproq tarkibi, shart-sharoiti, iqlimi o‘rganilib, qaysi meva turlari mos kelishi, qaysi mevalardan mo‘l hosil olish mumkinligi o‘rganib chiqiladi.
Bog‘ barpo qilinadigan joy noto‘g‘ri tanlanganda bog‘ erta qariydi, daraxtlar tez izdan chiqadi, ularning hosil berish davri qisqaradi, hosili kamayadi va meva sifati pasayadi. Bundan tashqari ko‘chat ekish texnikasiga e’tibor berish, qaysi meva turlarini, qancha oraliqda ekish kerakligini bilish ham juda muhim ahamiyatga ega.
Bog‘ barpo qilinadigan maydonning tuproq-iqlim sharoiti meva ekinlari uchun qulay bo‘lishi juda muhim. Ayniqsa harorat omili hal qiluvchi ahamiyatga ega. Masalan, meva ekinlarining issiqsevar turlari va erta gullaydigan navlari qishki sovuq bo‘ladigan va bahorda qishki sovuq bo‘lib turadigan hududlarga ekish yaramaydi. Bunday joylarga sovuqqa chidamli, kech gullaydigan urug‘li meva turlarini ekkan ma’qulroq.
Atrofi berk vodiylar, pastliklar va chuqurliklarda qish va bahorda ko‘pincha sovuq havo to‘planib qoladi. Shuning uchun bunday yerlarga faqat sovuqqa chidamli va kech gullaydigan meva daraxtlarini o‘tqazish mumkin. Ko‘pchilik meva ekinlari turlari haydalma qavati o‘rtacha va yengil qumoq tuproq bo‘lgan madaniylashgan bo‘z tuproqlarda eng yaxshi hosil beradi. Bog‘ barpo qilishda daraxtlar yaxshi o‘sishi va mo‘l hosil berishi uchun oziq moddalarga boy, chuqur bo‘z tuproqli, o‘tloq sho‘rlanmagan yerlarni tanlash maqsadga muvofiqdir.
Sizot suvlar yerning yuza qismida joylashgan yerlar mevali daraxtlar uchun, ayniqsa chuqur ildiz otadigan daraxtlar uchun noqulay hisoblanadi. Bunday tuproqlarda daraxtlar dastlab yaxshi o‘sadi, lekin keyinchalik daraxtning ildizi sizot suvga yetib borgach daraxtning o‘sishi sekinlashadi va daraxt asta-sekin quriy boshlaydi. Sizot suvlari yer sathiga yaqin joylashgan yerlarda zovurlar qazilib sizot suv sathi pasaygandan keyingina bog‘ tashkil qilish mumkin. bunday joylarga ildiz tizimi yuza joylashgan past bo‘yli payvandtaglardagi olxo‘ri, olma va nok kabi kuzda barvaqt o‘sishdan qoladigan navlar o‘tqaziladi. Shag‘al toshli qatlami yuza joylashgan yerlarda esa (Farg‘ona vodiysi va boshqa joylarda) o‘rik va qisman shaftoli yaxshi o‘sishi mumkin.
Tuprog‘i sho‘rlangan hududlar uchun nisbatan sho‘rga chidamli tur va navlarni tanlab o‘tqazish tavsiya etiladi. Bu masalani hal qilishda payvandtag katta ahamiyatga ega.
Masalan, Turkman olmasiga payvand qilingan olma navlari, Xorazm noki va o‘rigiga payvand qilingan nok hamda o‘rik navlari boshqa payvandtaglarga qaraganda tuproqdagi zararli tuzlarga nisbatan ancha chidamliroq bo‘ladi. Janubiy viloyatlarda (Surxondaryo), Farg‘ona vodiysida vegetatsiya davri uzoq va issiq bo‘lgani tufayli anjir, anor, unabi kabi subtropik o‘simliklar yaxshi o‘sadi va mo‘l hosil beradi. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yong‘oq, bodom, o‘rik, nok kabi mevalar katta maydonlarga ekiladi. Bu yerda daraxtlar yog‘ingarchilik kam bo‘lsa ham o‘saveradi. Bahorda kamdan-kam hollardagina sovuq urishi mumkin.
Umuman bog‘ barpo qilishda har yili hosil beradigan, serhosil, mevalari yuqori sifatli, imkoni boricha tez hosilga kiradigan meva navlarini tanlash lozim. Navlar esa ularning hosilini birin-ketin yig‘ishtirib olinadigan qilib, ya’ni birinchi ertapishar, keyin o‘rtapishar, so‘ngra kechpishar navlar o‘tqazilsa, bog‘ yeriga ishlov berishda, daraxtlarni butashda, zararkunandalarga qarshi kurashda hamda hosilni yig‘ib olishda qulaylik tug‘diradi.

Yakubov Odiljon tayyorladi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.