Beda qandalasi zarari va unga qarshi kurash choralari

Markaziy Osiyoda soʻqir qandalalar oilasining 650 turi (170 avlodi) tarqalgan boʻlib, ulardan 1% gina madaniy oʻsimliklarga zarar keltiradi. Oʻzbekistonda 13 turi uchraydi, ammo ulardan atigi ikki turi beda va dala qandalasi gʻoʻzada zarar yetkazadi.

Soʻqir qandalalar – tanasi kichik va oʻrta oʻlchamga ega boʻlgan nozik hashoratlardir. Moʻylovlari boshlaridan uzun, toʻrt boʻgʻimli, ikkinchi boʻgʻimi birmuncha uzun, qolgan xalqasimon boʻgʻimlari ingichkaroq koʻrinishga ega. Oddiy koʻzlari mavjud emas. Xartumchasi erkin joylashgan, toʻrt boʻgʻimli. Elkasining oldingi qismi oʻrta qismiga nisbatan keng, uning old qirrasi toʻgʻri yoki biroz oʻyiqlari bor. Ikki juft qanotlari, baʼzi bir xolatlarni hisobga olmaganda, yaxshi rivojlangan. Panjalari uch boʻgʻimli, tirnoqlarining oʻsimtalari bor. Oldingi qorin boʻgʻimlarining orqa qirrasi navbatdagi boʻgʻimlarining oldingi qirralarini yopib turadi. Soʻqir qandalalarning tuxumlari choʻzinchoq shaklga ega boʻlib, yaltiroq tusli och sariq yoki nim yashil rangga ega, uning yuqori qismi yaxshi mustahkamlanmagan va lichinka chiqadigan teshikni yopib turuvchi qopqoqcha bilan taʼminlangan.

Lichinkalar 3 guruhga ajratilib 5 ta yosh boʻyicha rivojlanadi.

Qanot oʻsimtalari boʻlmagan kichik, oʻsimtalar biroz seziladigan oʻrta va qanot boshlangʻichlari yaxshi rivojlangan katta lichinkalar farqlanadi. Lichinkalar tanasi va oyoqlarining tuzilishiga koʻra voyaga etgan qandalalarga oʻxshaydi, biroq ulardan rangi, tana va oyoqlaridagi boʻgʻimlar soni oʻsimtalarining oʻzaro nisbati bilan keskin farq qiladi. Soʻqir qandalalarning lichinkalari voyaga yetganlariga oʻxshash xoʻra boʻlib, ularning zararli taʼsiri II, III yoshli davridayoq toʻliq nomayon boʻladi.

Dala va beda qandalasi – keng maʼnodagi hammaxoʻr hashorat boʻlib turli madaniy oʻsimliklarni shikastlaydi.

Voyaga yetgan qandalaning tana oʻlchami bir muncha yirikroq 5,8-7,3 mm ni tashkil etadi. Tanasining rangi – sargʻish yashildan qizgʻish – jigarranggacha. Yelkasining old qismida bir-biriga parallel joylashgan 4 ta qoramtir dogʻi bor.

Elkasining old qirrasi boʻylab uzuk-uzuk qora dogʻlar joylashgan. Old qanotlarining terisimon qismida surtma shaklidagi 3 ta qora dogʻni va yuqori qismida, membrana yonida bittadan joylashgan dogʻlarni koʻrish mumkin. Oyoqning son qismida 3 tadan qoramtir koʻndalang belbogʻlar, boldir qismida ikki qator qattiq xitinlashgan oʻsimtalar bor, panjalar ikkita tirnoqchalar bilan tugallanadi. Tuxumining rangi tiniq, shaffof oqimtir-yashil, kuvacha shaklida, oʻlchami 0,9-1,2 mm, tuxumining old qismi toʻmtoq, orqa qismi xuddi kesib qoʻyilganga oʻxshaydi. Baʼzi vaqtlarda qoʻyilgan tuxumlar poyaning ustki qismiga chiqib qoladi, uning pastki tomoni silliq boʻlib, eni 0,3-0,5 mm ga etadi. Tuxum qoʻyiladigan joy yumshoq boʻlsa, tuxum poya ichiga toʻliq kiritiladi.

Lichinkaning oʻlchami 1-4 mm. Dala qandalasi lichinkasining boshqalardan ajratib turadigan belgisi shuki, uning yelkasi old va orqa yelka qismida ikkitadan qora dogʻi bor, hamda qanshari va qorin qismida 1 tadan qora dogʻlari bor. Lichinkaning dastlabki 3 yoshdagilari sargʻish, 4-5 yoshdagilari yashilsimon sariq.

Dala qandalasi voyaga yetgan xashorat davrida oʻtsimon oʻsimliklar, toʻkilgan xazonlar ostida qishlab chiqib, xavo harorati 12℃ ga yetganda aloxida zotlari, 16℃ ga koʻtarilganda esa qandala ozuqa izlab ucha boshlaydi. Ammo qalin toʻshama ostida qishlayotgan qandalalar harorat 22-25℃ ga yetgandagina chiqa boshlaydi, yaʼni ularning qishlovdan ommaviy chiqishi mart oyining ikkinchi yarmidan aprel oyining birinchi oʻn kunligi oxiriga qadar davom etadi. Qishlovdan chiqqan qandala zotlari dastlab kuzgi bugʻdoy ekiniga yigʻiladi. Oradan 9-12 kun oʻtgach tuxumi yetilgan urgʻochilar dastlab kuzgi ekin dalalarini tark etib jagʻ-jagʻ, suretka, otquloq va boshqa ommaviy gullagan butgulli oʻsimliklarga toʻplanadi. Erkak qandala zotlari esa kuzgi gʻalla ekinlaridan urgʻochi zotlari uchib ketishidan soʻng bir hafta oʻtib tark etadilar.

Urgʻochi qandalaning jagʻ-jagʻ va surepka oʻsimliklariga ommaviy tuxum qoʻyishi aprelning ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida kuzatiladi.

Dala qandalalari ikkinchi avlodining aloxida zotlari may oʻrtalarida paydo boʻladi, mayning uchinchi dekadasi oʻrtalarida suretka, otquloq va urugʻlik butgullilarda ularning koʻp miqdorda toʻplanishi shu davrdan boshlab qandalalarning aloxida zotlarining gʻoʻzaga oʻtishi kuzatiladi.

Bedada qandalalarning ommaviy tuxum qoʻyishi may oxirida kuzatiladi, tuxum qoʻyish ushbu dalalarda oʻsadigan shoʻrada va boshqa begona oʻsimliklarda amalga oshadi, sababi birinchi yildagi bedaning poyasi ingichka boʻlib tuxum qoʻyishga yaramaydi. Bedada tuxumlar oʻsimlikning oʻsish konusiga yaqin boʻlgan yon shoxlariga qoʻyiladi. Qandalalar 150-250 donagacha tuxum qoʻyadi.

Qandalalarning gʻoʻzaga tuxum qoʻyishi may oyi oxirida boshlanadi, ommaviy tuxum qoʻyishi esa iyunning birinchi dekadasida kuzatiladi. Zararkunanda sanchib soʻrgan joyda nim-qoʻrgʻoshin rangli dogʻlar paydo boʻladi. Gʻoʻzada tuxum barg bandiga va poyaning oʻsish konusiga yaqinroq joyga qoʻyiladi. Dala qandalalarining ikkinchi avlod lichinkalari bedada iyun oyi oʻrtalarida, gʻoʻzada bundan 5-7 kun keyin paydo boʻladi. Qandalalar uchinchi avlodi ayrim lichinkalarning paydo boʻlishi iyul oyining ikkinchi dekadasi boshlarida ommaviy koʻchish 4-5 kundan soʻng kuzatiladi.

Dala qandalasining toʻrtinchi avlodi avgust oyi oxirida gʻoʻzaga tuxum qoʻyadi va rivojlanishining toʻliq sikli sentabrda amalga oshadi. Oktabr oyining boshidan dala qandalalarining ommaviy koʻchishi ular yoqtirgan begona oʻtlarga (shuvoq, yalpiz, suv qalampiri, boʻyimadoron, eshakshura, dala pechagi va boshqalar) kuzatiladi. Dala qandalasi bir yilda 5 avlodgacha koʻpayadi.

Qandalaning tuxumdan imagogacha rivojlanish davomiyligi havo haroratiga bogʻliq. Bahorda aprel qisman may oyida tuxumdan imagogacha rivojlanishi deyarli 60 kunda, jazirama davrida esa 20 kunda amalga oshadi. Xashoratning bir generasiyasi toʻliq rivojlanish sikli uchun zarur boʻlgan samarali harorat yigʻindisi 10℃ chegarasida 350℃ ni tashkil etadi.

Ushbu tur kartoshka tuganagining vertisillyoz duksimon virus kasalligi tashuvchisi hisoblanadi, u kartoshka barglarining ola-chipor boʻlishi, bedaning virusli kasalliklari, gʻoʻza gomozi, loviya bakteriozi, tamaki mozaika kasalliklarini tarqatadi.

Qandalalarning zarari

Dala va beda qandalasi meva, don, dukakli va poliz ekinlarini ayniqsa beda, lavlagi, makkajoʻxori va tamakini, gʻoʻza, qovoq, kartoshka va boshqa oʻsimliklarni zararlaydi. Oʻtkazilgan tadqiqotlar qandala bilan zararlangan gʻoʻzada shona, gul, gʻuncha va koʻsaklarni toʻkilib ketishi va barglarni sargʻayib, qurib qolishini koʻrsatdi. Qandalalar bilan gʻoʻzani zararlanishi, oʻsimlikda nafas olish intensivligining va oksidlovchi fermentlar faolligining kamayishiga, hosilni sezilarli yoʻqolishiga, tola sifatining yomonlashuviga, yosh hosil elementlarining toʻkilishi va urugʻning yaroqsizlanishiga olib keladi.

Kuzatishlar shuni koʻrsatdiki, qandalalar bilan zararlangan gʻoʻzapoyalarni katta miqdori qurib qolgan, ammo toʻkilmagan shona, gul va yosh koʻsaklarni boʻlishi bilan farqlanib turadi. Shona, gul tuguncha va koʻsaklarni zararlangan joyida gʻoʻza sharbatining sariq tomchisi paydo boʻladi, keyinchalik ular havoda quriydi va qorayib qoladi. Hosil elementlarini zararlangan joylarida qora dogʻlar paydo boʻladi. Dogʻlar atrofidagi bir necha sanchishlar hisobiga ular kattalashadi va boshqacha tus oladi. Koʻsak deformatsiyaga uchraydi, baʼzan muddatidan oldin ochiladi. Bu holat paxta tolasi va urugʻning sifatiga salbiy taʼsir etadi.

Vaqt oʻtishi bilan bir qancha sanchishlar taʼsirida notoʻgʻri rivojlanayotgan toʻqimaning ustki qismi dars ketadi va yoriq paydo boʻladi. Yoriqdan yirik hujayralardan tashkil topgan yarim suyuq koʻsak shirasi – kamed oqib chiqadi. Bunday koʻsaklarni ichki qismi oʻzgaradi, tola va urugʻ buziladi va kamed bilan yopishgan qoʻngʻir moddaga aylanadi. Mabodo hosil tugunchalari shikastlangan boʻlsa ular rivojlanmaydi va qurib qoladi.

Gʻoʻzani yoppasiga zararlaganda paxta hosilini 40-50 % ayrim holatlarda 70-80% gacha yoʻqotilishiga sabab boʻladi.

Qandalalarni gʻoʻza maydonlarida tarqalishini oldini olishga oid tavsiyalar

Soʻqir qandalalar miqdorini ularning dastlabki koʻpayish joylarida kamaytirish hamda zararkunandalarni boshqa ekinlarda koʻchishini oldini olish maqsadida quyidagi tavsiyalarni amalga oshirish oʻta muhim:

– qandalalarning qishlash zichligi va qishlab chiqqan hashoratlar sonini aniqlash maqsadida dala qandalalari hush koʻrgan bir yillik oʻsimliklar: shuvoq, shovul, yalpiz kabi begona oʻtlar kuzgi va erta bahorgi hisobga olish ishlarini tashkil etish;

– beda qandalasining zichligini kuzda, hosil yigʻilgandan soʻng va erta bahorda begona oʻtlarda, beda angʻizida lichinkalar chiqqunga qadar qishlovchi tuxumlar miqdorini aniqlash;

– beda qandalasining qishlayotgan tuxumlarini kamaytirish maqsadida bedaning kuzgi (oxirgi) oʻrimini imkon qadar tagrogʻidan (5-6 sm qoldirib) oʻrish;

– urugʻlikka moʻljallangan bedapoyalarni kuzda chimqirqarsiz plug bilan 25-30 sm chuqurlikda haydash;

– shuvoq, yalpiz, suv qalampiriga dala qandalasi sentabr-oktabrda koʻchib oʻtishi va u yerda oxirgi avlodi rivojlanishi va qishlashga ketishini inobatga olib bunday begona oʻtlarni kuzda oʻrib tashlash;

– bahorda, aprelning 2-yarmida begona oʻtlar (surepka, jagʻ-jagʻ, otquloq)ni yoʻqotish, bu davr dala qandalalari hush koʻrgan begona oʻtlarga yalpi tuxum qoʻyish muddatlariga toʻgʻri keladi va zararkunanda koʻpayishi oldi olinadi;

– beda qandalasi qishlagan qandala tuxumlari va ulardan chiqqan lichinkalarini oʻz vaqtida yoʻqotish uchun bahorda bedapoyalarni baronalash;

– begona oʻtlar (jagʻ-jagʻ, surepka, shoʻra, shovul)ni gʻoʻza ekini orasidan muntazam ravishda yoʻqotib borish, ayniqsa gʻoʻza shonalash davrida bu tadbir oʻta muximdir, chunki bu davrda dala qandalasining tuxum qoʻyishi qisman yuqorida koʻrsatilgan begona oʻtlarda kuzatiladi;

–  urugʻlik beda shonalash davrida himoya chora tadbirlarini oʻtkazish;

  • gʻoʻzani muddatidan oldin ayniqsa birinchi sugʻorishda hamda tuproqning oʻta namlanishiga yoʻl qoʻymaslik zarur chunki bu hol dala qandalasining gʻoʻza ekiniga oʻtishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi;

– mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, ayniqsa fosfor-kaliyli oʻgʻitlar, gʻoʻza va bedani soʻqir qandalalar bilan shikastlanish darajasini birmuncha kamaytiradi;

– beda oʻrimida dalaning 8-10 m kenglikdagi chekka maydonchalarini qoldirish va shu yerda toʻplangan qandalalarni, zaruriyatga qarab qirib yoʻqotish maqsadida kimyoviy himoya vositalaridan foydalanish.

Soʻruvchi hashoratlarga qarshi gʻoʻza, beda va boshqa ekinlarda qoʻllash uchun ruxsat etilgan barcha fosfororganik insektoakarisidlar qandalalarga qarshi ham samarali vosita hisoblanadi. Ammo ularning issiqqonli hayvonlarga va foydali hashoratlar uchun yuqori darajada zaxarli ekanligi va atrof muhitga taʼsir etuvchi boshqa salbiy tomonlari ularni amalda qoʻllashda nihoyatda ehtiyotkorlikni talab etadi.

Ushbu guruxdagi preperatlarni zararkunandalar miqdori iqtisodiy xavflilik chegarasidan oʻtganda qoʻllash kerak. Ishlov berishni samarasi kecha – kunduz vaqti bilan bogʻlik. Kunduzgi soatlarda soʻqir qandalalarning voyaga yetgan zotlari juda faol hayot kechiradi va ekinlarga ishlov berishda yer agregatlardan foydalanish ularni choʻchitib yuborishi va ular boshqa maydonlarga tarqalishiga sabab boʻlishi mumkin. Qandalalar faqat erta tongdagi vaqtlarda soat 5:00 dan 7:00 gacha sust boʻladi, shuning uchun oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash erta tongda belgilanishi lozim. Beda qandalasiga qarshi Surxondaryo viloyatida Dalate plyus preparatidan 1 gektar maydonga 0.25 litr, Entolucho preparatidan 1 gektar maydonga 0.3 litr, Entometrin preparatidan 1 gektar maydonga 0.3 litr, Bi-58 preparatidan 1 gektar maydonga 0.5-1 litr, Entospilan preparatidan 1 gektar maydonga 0.3 kg, Deltasisi preparatidan 1 gektar maydonga 0.1-0.6 litr va Entomektin preparatidan 1 gektar maydonga 0.3-0.4 litr ishlatilganida samarasi 90-95% gacha tashkil etdi. Bunga misol qilib Shoʻrchi tumanidagi Soatov Abdualim Fermer xoʻjaligiga qarashli 100 gektar paxta maydonining 20 gektariga Bi-58 preparatini gektariga 0.5 litr dan qoʻllanilganda 92% samara berdi. Fermer xoʻjalik boshligʻi Soatov Abdusalom aka kompaniyamizga minnatdorchilik bildirdi.

 

Manba: ifoda.uz

 644 marta ko‘rilgan,  3 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.