Yeryong‘oq qanday yetishtiriladi?

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: Qibray–4, Lider, Mumtoz, Salomat va Toshkent–112.

Yeryong‘oq urug‘ligini tanlash va ekishga tayyorlash. Qibray–4, Lider, Mumtoz navlarida dukkagida ikkita donli, Salomat va Toshkent–112 navlarida esa,  2-3 yirik donli bo‘lgan, po‘stlog‘i qoraymagan va mexanik zararlanmagan yeryong‘oqlar tanlab olinadi. Urug‘lik yeryong‘oqlar qo‘l mehnati yordamida chaqib ekishga tayyorlanadi. Qobig‘idan ajratib olingan yeryong‘oqlar urug‘ po‘stlog‘i yorilgan, mayda va to‘la shakllanmagan urug‘lardan tozalanadi. Tayyor bo‘lgan urug‘liklar 10-15 kilogrammlik mato qoplarda ekish vaqtigacha quruq va salqin xonalarda (qoplar yotqizilgan holatda) saqlanadi.

Yerni ekishga tayyorlash. Yeryong‘oq ekiladigan maydon kuzda fosforli va kaliyli o‘g‘itlar berilib 25-30 sm chuqurlikda shudgor qilinadi. Bahorda yer tobiga kelganda yumshatiladi, tekislanadi. Tekislangan maydonda mayin tuproq hosil bo‘lgach 70 sm kenglikda jo‘yaklar olinadi. Kesakli va notekis yerlarga ekish tavsiya etilmaydi, aks holda urug‘lar bir tekisda, bir vaqtda to‘la unib chiqmaydi. Tup soni 25-30 foizga kamayadi.

Ekish muddati. Respublikamizning janubiy hududlarida aprel oyining birinchi-ikkinchi, markaziy mintaqada joylashgan hududlarida esa, aprelning uchinchi va may oyining birinchi o‘n kunligida ekish tavsiya etiladi.

Ekish me’yori va sxemasi. Urug‘larning yirikligiga bog‘liq holda Qibray–4 va Lider navlarini 10 sotixga 10-11 kg, Mumtoz navini 9 kg, Salomat va Toshkent–112 navlarini 7,5-8 kg. dan 70×10 va 70×15 sm ko‘chat qalinligida ekish tavsiya etiladi.

Parvarishlash. Yeryong‘oq ko‘chatlari to‘la unib chiqqandan keyin qator oralari yumshatilib, begona o‘tlardan tozalanadi. O‘simliklarning bargi to‘q yashil rangga kirgandan keyin birinchi oziqlantiriladi va sug‘oriladi. Yeryong‘oq fosforli o‘g‘itlarga talabchan bo‘lganligi uchun jo‘yaklar olishdan oldin 10 sotixga 30 kg ammofos, birinchi suv bilan esa 10-15 kg. dan azotli o‘g‘itlar berish tavsiya etiladi. Yeryong‘oqning yaxshi o‘sib-rivojlanishi uchun ekin qator oralarini yumshatish, o‘suv davrining dastlabki bosqichlarida tuproq haroratini ko‘tarish, havo almashuvini yaxshilash va begona o‘tlarni yo‘qotish juda ham muhimdir. Ikkinchi oziqlantirish esa, o‘simlik to‘la gulga kirgandan keyin o‘tkaziladi va 10 sotixga 20-30 kg. dan azotli o‘g‘it beriladi.

Yeryong‘oqqa organik o‘g‘itlar berish tavsiya etilmaydi. Organik o‘g‘itlarni o‘tmishdosh o‘simliklarga berish ijobiy natija beradi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Yurtimiz sharoitida dukkaklarining pishib yetilish oldidan qorayib ketishi kuzatiladi. Bu kasallikka sug‘orish tartibining buzilishi, ya’ni ko‘llatib sug‘orish va me’yordan ortiqcha suv berish sabab bo‘ladi.

Hosilni yig‘ib olish. Yeryong‘oq hosilini imkoni boricha issiq va quruq kunlarda yig‘ib olish tavsiya etiladi. Bu muddat sentabrning oxiri oktabr oyining boshlariga to‘g‘ri keladi. Hosil pishib yetilganda o‘simlik barglari sarg‘ayadi. Urug‘lari yetilganda yong‘oq qobig‘i to‘rlanadi. Qobiqning ichki tomoni qorayadi. O‘zbekiston iqlim sharoitida hosilni sentabr oxirlarida va oktabr oyi boshlarida yig‘ilganda ochiq dalada poyasidan ajratilmagan holda bir necha kun davomida ushlab turilsa, urug‘ tarkibidagi namlik tez kamayadi hamda bu vaqt ichida ginoforlar qurib yong‘oqlardan oson ajraladi. Hosil yig‘ib olinganda yong‘oqlar tarkibidagi namlik 35-60% bo‘lib, shabada aylanadigan binolarda 8-10 santimetr qalinlikda yoyib quritish va vaqti-vaqti bilan joyida aylantirib, aralashtirib turish tavsiya etiladi.

Yeryong‘oq poyalari jodida maydalanadi, ilimiliq suvda ivitiladi va kepakka aralashtirilib mollarga beriladi. Poyalardan silos tayyorlash ham mumkin.

 

Manba: mehnat.uz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.