Toʻqsonbosti ekinlari qachon ekiladi?

Yerdan unumli va oqilona foydalanish dehqonchilikda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻz ishining hadisini olgan dehqon borki, albatta, bu jihatning samarasini yaxshi biladi. Yerni boʻsh qoldirmaslik, mavsumiy, iqlim sharoitiga mos ekinlarni ekib, takroriy hosil olish harakatida boʻladi.

Dalalarda asosiy va takroriy ekinlar hosili yigʻib-terib olinayotgan bir paytda omilkor bobodehqonlarimiz uchun toʻqsonbosti ekinlar ekish taraddudi boshlangani ham bejiz emas. Chunki sovuqqa chidamli boʻlgan sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi kabi sabzavotlarni, kashnich, petrushka, selderey, salat bargi kabi koʻkatlarni toʻqsonbosti mavsumida ekib yetishtirish, ulardan yaxshigina daromad olish mumkin. Qish va bahor oylarida bu mahsulotlarning bozori chaqqon, xaridori koʻp boʻlishi esa dehqonning ishiga yanada ragʻbat bagʻishlaydi.

– Xalqimizning “Toʻqsonda sugʻorsang, toʻqson botmon hosil olasan”, degan naqli zamirida katta maʼno bor, – deydi Chiroqchi tumanilik tajribali dehqon Ergash Mahmudov. – Toʻqson deganda qishning toʻqson kuni nazarda tutiladi. Kuz faslida ekib, koʻkartirib olingan sabzavot yoki koʻkatlar qor ostida qolib, yaxshi kuch toʻplaydi, oʻsishga tayyorlanib oladi. Erta bahorda ekilgan koʻkat yoki sabzavot unib chiqib, rivojlanaman deguniga qadar, toʻqsonbosti usulida ekilgan ekin hosilga kiradi. Masalan, bu usulda ekilgan sabzi erta bahorda ekilganiga qaraganda kamida bir oy avval pishib yetiladi. Bu paytda mahsulot bozorda ancha talabgir boʻlishi sir emas. Qolaversa, qish boʻyi yetarli kuch toʻplagani bois bahorgi sabziga qaraganda unumdorligi yaxshi boʻladi. Shu bois oilamiz bilan har yili kamida besh-olti sotix yerda sabzini toʻqsonbosti usulida parvarishlaymiz. Qilgan mehnatimizga yarasha daromad olamiz.

 

Dehqonning aytishicha, toʻqsonbosti usulida sabzini noyabr oxiri va dekabr oyining dastlabki kunlarida ekish – eng maqbul muddat. Buning uchun avvalo yer yaxshilab tekislanib, ekishga tayyorlanadi. Shundan soʻng, 10 sotix yerga 500-600 gramm urugʻ sepiladi. Sabzini parvarishlash jarayonidagi eng muhim jihatlardan biri urugʻni bir tekisda undirib olishdir. Ekin unib chiqqanidan soʻng barcha agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida amalga oshirib borilsa, yuqori hosil olish mumkin.

Yana ayrim ekinlar borki, ularni biroz ertachiroq ekish, qish kelguniga qadar toʻla rivojlanib olishiga sharoit yaratish yuqori samara beradi. Masalan, sarimsoqpiyoz ana shunday oʻsimliklar sirasiga kiradi. Avgust oyining oxiri, sentabrning boshi bilan ekib boʻlingan sarimsoqpiyozlardan kelgusi yil yuqori hosil olish mumkin. Shu boisdan ham marrani baland olib, harakatni erta boshlagan dehqonlarimiz allaqachon bu sabzavotni ekib, undirib ham boʻlishgan.

– Faoliyatimiz aslida bogʻdorchilikka ixtisoslashgan, – deydi Koson tumanidagi “Saʼdulla Jumayev” dehqon xoʻjaligi ish yurituvchisi Shuhrat Jumayev. – 1,5 gektar maydonda oʻrikzor tashkil etganmiz. Shu bilan birgalikda, bogʻ oralariga asosiy ekinning rivoji uchun xalaqit qilmaydigan bir qancha ekinlarni ekib, yaxshi hosil olayapmiz. Hozir bogʻ orasidagi 20 sotix maydonni ismaloq ekish uchun tayyorlab qoʻydik. Bu koʻkat turi noyabr oyi oxiri, dekabr oyi boshlarida ekiladi. 50 sotix yerga ekilgan sarimsoqpiyoz esa allaqachon unib chiqdi. Biz uni sentabr oyi boshida yerga qadagandik.

Taʼkidlab oʻtish joiz, qish oxirlab, bahor boʻy koʻrsata boshlagan vaqtlarni xalqimiz “Yoʻgʻon choʻzilib, ingichka uziladigan palla” deya taʼriflaydi. Chindan ham bu paytda bozorlarimizda meva-sabzavot mahsulotlari ancha tortilib qoladi. Odam organizmida esa ayni shu pallada vitaminga boy, ekologik toza sabzavot va koʻkatlarga ehtiyoj oshadi. Shu palla bunday mahsulotlarning bozori chaqqon boʻladi. Zero, soʻnggi vaqtlarda mamlakatimizda toʻqsonbosti usulining ancha ommalashib borayotgani ham dehqonlarimizning yerdan unumli foydalanib, salmoqli daromad olishga boʻlgan saʼy-harakatlari samarasidir. Natija esa qish va bahor oylarida ham bozorlarimiz toʻkin-sochin boʻlayotganida namoyon boʻlmoqda.

Misol uchun, joriy yilning yanvar-mart oylarida viloyatimizda barcha toifadagi xoʻjaliklar tomonidan 3 ming 96 tonna sabzavot yetishtirilgan. Agar 2016-yilning xuddi shu davriga qiyoslaydigan boʻlsak, yetishtirilgan mahsulot hajmi 17,1 foizga oshganini koʻrish mumkin. Bu gal esa hosil yanada yuqori boʻlishi kutilmoqda. Chunki oʻtgan yili viloyatimizda 27 ming gektar maydonda (shundan 16 ming gektar ochiq maydonda, 11 ming gektar bogʻ-tok qator oralariga) toʻqsonbosti ekinlar ekilgan boʻlsa, joriy yilda 33 ming 494 gektar maydonda shu turdagi mahsulotlar yetishtiriladi. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-avgustdagi “2018-yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlarini joylashtirish, ekish uchun talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini oʻz muddatida yetkazib berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab berilgan. Qarorga asosan, viloyatimizda 17 ming gektar ochiq maydonga va 16 ming 494 gektar bogʻ-tokzor oralariga avgust-sentabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlari hamda noyabr-dekabr oylarida sabzavot ekinlarining eksportbop va yuqori hosilli navlari toʻqsonbosti usulida ekiladi.

– Prezidentimizning mazkur qarori ijrosi yuzasidan viloyatimizda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi belgilab olingan, – deydi viloyat qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi bosh mutaxassisi Sherali Mirzayev. – Jumladan, yerlarni tayyorlash, urugʻlik, mineral oʻgʻit va yonilgʻi-moylash mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha belgilangan tartibda ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtga qadar 1574 gektar maydonga piyoz ekib boʻlindi. Shuningdek, yana 515 gektar yerga sarimsoqpiyoz ekish ishlari yakunlanmoqda. Shu bilan bir qatorda toʻqsonbosti usulida ekin ekiladigan yer maydonlari aniq rejalashtirilib, ekishga tayyorlanmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, bugungi kunda dunyoning juda koʻp davlatlarida oziq-ovqat taqchilligi sezilmoqda. Sayyoramizda aholi sonining oʻsishi, ayrim mintaqalarda qurgʻoqchilik va suv toshqinlari yuz berishi qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabning keskin ortishiga olib kelmoqda. Ana shunday sharoitda bozorlarimizning toʻkin-sochinligini taʼminlash, aholining qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish, qolaversa, eksport hajmini koʻpaytirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Toʻqsonbosti ekinlarning oʻz vaqtida, sifatli ekib parvarishlanishi esa aholining erta bahorda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻla qondirishda, bozorlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlashda ustuvor ahamiyatga ega.

 

Manba: qashqadaryogz.uz sayti

 655 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.