Tomorqada bodring yetishtirish

Joy tanlash. Bodring ekish uchun tomorqa maydonining sug‘orishga qulay, shimoldan va sharqdan esuvchi shamollardan panaroq joylari tanlanadi. Ochiqlikdagi maydonlar chetiga taxta qo‘ralar, devorlar, daraxtlar yoki makkajo‘xori va kungaboqar kabi baland o‘suvchi o‘simliklar ekilib, shamoldan pana qilinadi.

Tuproqqa ishlov berish va o‘g‘itlash. Tuproqqa ishlov berish tizimi o‘simlikning o‘sishi va hosildorligini doimo oshirib borish uchun maqbul shart-sharoit yaratishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Yangi joyda yerni yaxshilab o‘zlashtirish va keyingi yilgi ekish uchun yerni tayyorlash lozim.

Yozda maydon chuqurligi 8-10 sm qilib yumshatiladi, kesaklari maydalanadi. Kuzda tuproq 22-25 sm chuqurlikda qayta chopiladi. Tuproqning texnik holati, uning hosildorligidan kelib chiqib 12-15 kg/m2 dan organik o‘g‘it, shuningdek har bir m2 yerga mineral o‘g‘itlardan 20-25 g azot, 35-40 g fosfor, 25-30 g kaliy va zarur bo‘lsa malum miqdorda ohak ham solinadi.

Organik o‘g‘itlarni bodringga bahorda solgan ma’qul. Azotli og‘itlarni esa kuzda solish tavsiya etilmaydi (qish davomida ular tuproqning pastki qatlamiga so‘rilib ketadi).

Kuzda tuproqni tekislash, kesaklarni maydalash, xaskashlash mumkin emas, chunki ular qorlarni ushlab turuvchi va nam to‘plovchi hisoblanadi. Bundan tashqari, yerni chopganda yuzaga chiqib qolgan ko‘p yillik begona o‘tlarning tomirlari va urug‘lari, zararkunandalar va ularning g‘umbaklari qattiq sovuqda nobud bo‘ladi.

Bahorda tuproq yuzaroq chopib chiqiladi va tekislanadi. Tuproqqa ishlov berish muddatini kechiktirib yubormaslik kerak. Chunki bu hol o‘simlik rivojlanishi va hosilga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Agar kuzda o‘zlashtirilgan maydondagi o‘simlik qoldiqlari yig‘ib olingan, tuproq o‘g‘itlanib qayta chopilgan bo‘lsa, bahorda tuproq namligi qurishni boshlagach, u qurib qatqaloqqa aylanib qolmasligi uchun 5-6 sm chuqurlikda uni yumshatib chiqish lozim. Shuni yodda tutish kerakki, qayta chopilgan yerga ko‘p o‘tmasdan egatlar olinishi kerak. Agar yer maydoni kuzda chopilmagan va o‘g‘itlanmagan bo‘lsa, bu ishni bahorda bajarish mumkin.

Tuproqqa kuzgi va bahorgi ishlov berish jarayonida uchraydigan ko‘p yillik begona o‘tlarning ildizlari, may qo‘ng‘izi va lichinkalari, simqurtlar yig‘ib olinadi.

Ko‘chat ekish va urug‘ sepish. Yaxshi oftob tushadigan qumoq yerlarda, yer osti suvidan baland joylarda bodring tekis yuzalikka ekiladi. Yer osti suvi yaqin og‘ir tuproqli, quyosh yaxshi tushmaydigan joylarda pushtaga ekiladi. Pushta ham jo‘yak ham odatda g‘arbdan sharqqa tomon tortiladi. Jo‘yak kengligi 1 m dan, pushtalar orasi esa 30 sm dan bo‘lishi zarur.

Pushta kengligi va oralig‘i bodring naviga qarab 70-80 sm dan oshmasligi kerak. Qisqa poyali navlar jo‘yakka ekilganda, jo‘yaklar orasi 45-60 sm bo‘ladi. Qiyaliklarda jo‘yaklar ko‘ndalangiga tortiladi. Bu ekinni jala suvlari yuvib ketishidan saqlaydi.

Urug‘ sovuq bo‘lish xavfi qolmaganda ekiladi. Ekinni sovuqlardan polietilen plyonkadan vaqtincha qilingan pana joylar vositasida himoyalash mumkin. Ko‘chatlar unib chiqqach, plyonka yig‘ib olinadi yoki plyonkaning har bir tup nihol ustidagi qismi 5×15 sm qilib kesib qo‘yiladi.

Ko‘chatning chiqishini tezlashtirish uchun qizigan tuproqqa yoki plyonka ostiga ekishda urug‘ni ivitib qo‘yish yoki ko‘chat qilib o‘stirish tavsiya etiladi. Urug‘ni 25-maydan kechiktirmay ekib olish kerak. 20-30 ˚C haroratda urug‘ni qipiq, qumda o‘stirib olish mumkin.

Urug‘ jo‘yakka yoki chuqurchalarga ekiladi. Ertaki nav oralig‘idagi masofa jo‘yaklarda 8-10 sm, kechkilariniki 12-15 sm va undan ko‘proq bo‘ladi. Urug‘ 2-2,5 sm chuqurlikka ekiladi. Agar tuproq yuzasi urug‘ uchun quruq bo‘lsa, sug‘orish va chirindi tashlash kerak.

Jo‘yakdan tashqari, urug‘ni kvadrat uyalab ekish qo‘llaniladi. 10-15 sm chuqurlikdagi uyalarga bir miqdor chirindiga bir chimdimdan mineral o‘g‘it qo‘shib, tuproqqa aralashtiriladi. Har bir chuqurchaga 5-6 tadan urug‘ tashlanib, unib chiqqan o‘simliklarning 2-3 donasigina qoldiriladi.

Bodring ko‘chatlarini deraza oldida, ayvonda, plyonka yopilgan issiqxonada yoki parnikda yetishtirish mumkin. Ko‘chat qilish uchun aprel oyining oxiri va may oyining boshlarida ekilgan bodring urug‘lari iyun oyida tayyor bo‘ladi va oyning dastlabki o‘n kunligida kechki salqinda yoki erta tongda ko‘chirib o‘tqaziladi.

Ko‘chatlar ekib bo‘lingach, sug‘oriladi va quruq tuproq bilan mulchalanadi. Bu namlikni saqlab qolish va yon ildizlar o‘sib chiqishiga yordam berib, poya asosini ortiqcha namlanishdan saqlaydi.

 

“Bodring – diltortar sabzavot” (N. Hoshimov) o‘quv qo‘llanmasi asosida Odiljon Yakubov tayyorladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.