Tomorqada bodring yetishtirish boʻyicha tavsiyalar

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: Ranniy – 645, Oʻzbekiston – 740, Zilol, Parad, Konkurent, Navroʻz, Omad, Talaba va Gollandiya F1 duragaylaridan Alibi, Asteriks, Regal, Ayaks, Superina.

Urugʻ tanlash. Ekiladigan bodring urugʻi toza, yuqori unuvchan, kasallik yuqmagan, oʻrtacha kattalikda, butun (sinmagan), vazndor, zararlanmagan boʻlishi zarur. Urugʻlar boshqa oʻsimliklar urugʻlari va aralashmalaridan tozalanadi. Urugʻlik ekish oldidan iliq suvda 1–2 soat ivitib qoʻyiladi

Yer tayyorlash. Dastlab maydon oʻtmishdosh ekin qoldiqlari va begona oʻtlardan sifatli qilib tozalanadi. 1 sotix yerga 200 kg (10 sotixga 2 tonna) chirigan goʻng solinadi. Chirigan goʻng bilan birgalikda 1 sotix maydonga fosforning 75, kaliyning ham 75 foizi beriladi. Bu koʻrsatkich 1,6 kg ammofos, 1,2 kg kaliy xlorga toʻgʻri keladi. Tuproq 20–25 sm chuqurlikda chirigan goʻng va mineral oʻgʻitlar bilan aralashtirilib yumshatiladi. Yirik kesaklar maydalangach, yaxshilab tekislanadi va sugʻorish egatlari (pol) olinadi.

Ekish muddati va sxemasi. Ertagi bodring janubiy mintaqalarda ochiq maydonlarga 1–10 aprelda, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 10–20 aprelda, shimoliy mintaqalarda 20–30 aprelda; oʻrtagi muddatda janubiy viloyatlarda 20 aprel-5 may, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 1–10 may, shimolda 1–15 may, kechki bodring janubda 10–20 iyulda, markaziy mintaqalarda 15–30 iyun, shimoliy mintaqalarda 15–25 mayda ekiladi. Ertagi mahsulot yetishtirish uchun plyonkali yopqichlar ostiga mart oyining 2–3-oʻn kunligida 70×140×40 sm oraliqda urugʻ tashlanadi. Ochiq maydonda qoʻlda 70×30,90×20 sm sxemada 4–5 sm chuqurlikka ekiladi. Urugʻ sarfi 1 sotixga 50–60 g (10 sotixga 500–600 g). Urugʻlar sepilgandan keyin xaskash bilan tuproqqa aralashtiriladi.

Parvarishlash. Unib chiqib nihollar urugʻ palla bargchalari davriga kirgandan keyin birinchi, bitta chinbarg davriga kirgandan keyin esa ikkinchi marta yagana qilinadi. Qator oralariga qoʻl kuchi yordamida ketmon bilan 15–16 sm chuqurlikda, oʻsimlik atrofi bilan yumshatib turish, mineral oziqa va suv berib borish kerak. Oʻsuv davri mobaynida har ikki-uch sugʻorishdan keyin qator oralarini 15–16 sm chuqurlikda yumshatilib boriladi.

Oʻgʻitlash. 1 sotix yerdagi bodring tuk holda 5,8 kg sulfat ammoniy, 2,2 kg ammofos, 1,5 kg kaliy xlor oʻgʻitlari bilan oziqlantiriladi. Suvga talabchanligi jihatdan bodring sabzavot ekinlari orasida birinchi oʻrinda turadi. Naychalash va mevasi yetilgan davrda bodring suvni ayniqsa koʻp talab qiladi. Vegetasiya mobaynida ertagi bodring 14–15 marta, kechki bodring sizot suvi chuqur yerlarda 10–11, yuza joylarda esa 8–9 marta sugʻoriladi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Bodring urugʻi erta bahorda qurugʻicha ekiladi. Agar tuproq yaxshi qizigan boʻlsa ekishdan oldin urugʻ bir sutka davomida suvda ivitiladi. 1 kg uruqqa preparat (2 foizli 34% Vitavaks, 1,5 foizli 60,7% Previkur) purkab, urugʻni zararsizlantirish tavsiya etiladi.

Bodring zararkunandalariga – kanalar, pashshalar, shiralar, tripslar, oqqanotlar kiradi. Oʻsimlikning oʻsuv davrida 10 sotix yerga kanalarga qarshi hosilni yigʻishdan 20 kun oldin ikki marta 25 foizli Applovud n. kuk. (50 g) yoki Mospilan 20%n. kuk. (25–30 g) sepiladi. Antraknoz, peronosporoz, askoxitoz, dogʻlanishlar, bakterioz va un shudringlar kasalliklarga qarshi 25 foizli Bayleton n. kuk (100–200 g), 72,2 foizli Previkur s.e. k. (150 ml), Kurzat R n. kuk. (200–250 g), Rirdomil gold 68% s. d. g. (200–250 g) yoki 1 foizli Bordo suyuqligini qoʻllash mumkin. 60–70 litr suvga tayorlangan aralashma ishlatiladi.

Hosilni yigʻishtirish. Bodring mevalari 5 sm dan katta boʻlgandan boshlab yigʻib-terib olishga kirishiladi. Yigʻim-terim jarayonida bodring novdalariga zarar yetkazmaslik lozim. Vaqtida terib olinmagan bodringlar sargʻayib ketadi.

R. Hakimov, B. Azimov

 

Manba: agro.uz

 1,526 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.