Tarvuzni qishga saqlash qiyinmi?

Tarvuzni saqlash uchun qulay harorat +3˚C, havoning nisbiy namligi 85% atrofida bo‘lishi maqsadga muvofiq. Agar tarvuzlar +0˚C haroratda saqlansa, ma’lum muddatdan keyin bemaza bo‘lib qoladi. Tarvuzlar tashish va saqlash davomida pishmaydi.

Tarvuzlarni maxsus xonalarda, ayvonlarda to‘r xaltalarga solib osib qo‘ygan holda yoki maxsus stellajlarda yuqoriga qaratilgan holda 2-3 qator qilib, terib saqlash mumkin.

Tarvuz va qovun havo namligi va harorati mos bo‘lgan xona yoki yerto‘laga o‘xshash joyda saqlanadi. Bunday xonalarga kengligi 1,5 m dan bo‘lgan 4-5 qavatli (50 sm masofada) stellajlar qo‘yiladi. Stellaj bilan devor oralig‘ida yo‘lak qoldirish kerak. Ventilyatsiya sistemasi o‘rnatish, zarur bo‘lganda isitish uchun moslangan bo‘lishi lozim.

Poliz mahsulotlarining saqlashga yaroqliligi ko‘p omillarga, xususan, etining strukturasi, kimyoviy tarkibi va shu kabilarga bog‘liq. Eti qalin, tarkibida pektin moddalari bor mahsulotlar yumshoq etligiga nisbatan uzoqroq turadi. Tarvuzni ko‘pi bilan 3 oy saqlash mumkin.

Yengil qumloq tuproqlarda yetishtirilgan tarvuzning po‘chog‘i qalin bo‘lib, bunday tarvuzlar uzoq saqlanadi va transportda tashishga yaroqli bo‘ladi.

Tarvuzning saqlashga yaroqli bo‘lishiga sug‘orish ham ta’sir qiladi. Sug‘orilganda po‘sti yumshaydi. Shuning uchun tarvuzni uzib olishdan 2-3 hafta oldin suv berish to‘xtatiladi. Uzoq saqlash uchun tarvuzning kechki navlari olinadi. Tarvuz quyoshli kunlarda bandi bilan uziladi.

Tarvuzlar bir-biriga tekislanmagan holda tokchalardagi yumshoq to‘shamaga bir qator terilib, shuningdek, turli materiallardan qilingan sumkalarda yoki qamishdan to‘qilgan to‘rxaltalarga osib qo‘yiladi. Ko‘pchilik polizchilar tarvuzni havo harorati +1,+3˚C, nisbiy namligi 80-85% bo‘lgan joylarda saqlashni tavsiya qilishadi.

 

Manba: “Hosilni saqlash va qayta ishlash” (Nabijon Hoshimov, “Dizayn-Press” MCHJ nashriyoti, Toshkent-2012) qo‘llanmasi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.