Soya o‘simligi haqida bilasizmi?

Soya, So‘ya (Glycine) — dukkakdoshlarga mansub bir yillik o‘tsimon o‘simliklar turkumi, dukkakli don va moyli ekin. 10 turi Afrika va Janubiy Sharqiy Osiyoning nam tropik va subtropiklarida, 1 yovvoyi turi Uzoq Sharqda uchraydi.

Vatani — Xitoy. Soya juda qadimdan ekiladigan ekin. Miloddan avvalgi 5-mingyillikdan boshlab ekib kelinadi. AQSH, RF, Hindiston, Yaponiya, Koreya, Indoneziya, Ukraina, Moldaviya, Gruziya va O‘zbekistonda yetishtiriladi. Jahon bo‘yicha soya ekin maydoni 73,6 mln ga, o‘rtacha don hosildorligi 22,1 s/ga (2000):

O‘zbekistonda 20-asrning 60-yillaridan keng tarqala boshladi. Oddiy soya turining ildizi yaxshi rivojlangan, o‘q ildiz, sershox, tuproqqa 2 m chuqurlikkacha kirib boradi, asosiy qismi haydalma qatlamda joylashadi (ildizida tuganak bakteriyalar rivojlanadi). Poyasi dag‘al, silindrsimon, tik o‘sadi, ammo yotib qoladigan navlari ham bor. Bo‘yi 15 sm dan 2 m gacha, shoxlanadi, yon shoxlari 2-8 ta bo‘ladi. Bargi sertuk, bandli, bandining uzunligi 8-20 sm, barg shapalog‘ining uzunligi 13-15 sm, guli mayda, oq yoki pushti, shingil gulto‘plamga yig‘ilgan, barg qo‘ltig‘ida joylashadi.

Mevasi dukkak, sariq, qora, qo‘ng‘ir, sertuk. Har bir dukkagida 2-6 ta don bor, 1000 ta doni vazni 40-425 g. Tarkibida 24-45% oqsil, 13-37% yog‘, 20-32% uglevodlar, 1-2 % litsitin, D, V, E va boshqa vitaminlar bor. Urug‘idan yog‘, oqsil va litsitin olinadi.

O‘suv davri 75-200 kun. Soya issiqsevar va namsevar, yorugsevar qisqa kun o‘simligi. 21-23°C da yaxshi rivojlanadi. Urug‘i 8-10°C da unib chiqadi. Soya o‘zidan changlanadi. Gullash davri 15-55 kun davom etadi. Undan soya uni va moyi olinadi. Doni, pishib yetilmagan (dumbul) dukkagi ovqatga ishlatiladi.

Soya unidan sut, tvorog, qandolat mahsulotlari tayyorlashda foydalaniladi. Somoni, to‘poni, ko‘k poyasi, silosi ozuqa sifatida chorva mollariga beriladi. O‘zbekiston sholichilik institutida 1981-1988 yillarda soyaning O‘zbekiston 2, O‘zbekiston 6, Do‘stlik navlari chiqarilgan va barcha viloyatlar uchun rayonlashtirilgan.

Kasalliklari: bakterioz, septorioz, askoxitoz, fuzarioz.

Zararkunandalari: tunlamlar, o‘rgimchakkana, qorakuya.

 

Manba: O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.