Soya ekinini yetishtirish boʻyicha tavsiyalar

Respublikamiz aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga, xususan, oʻsimlik moyiga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirish, import hajmini qisqartirish, chorvachilik va parrandachilikning ozuqa bazasini mustahkamlashda soya ekinining ahamiyati katta. Dukkakli oʻsimlik hisoblangan soya barcha qishloq xoʻjalik ekinlari – kuzgi gʻalla, gʻoʻza, makkajoʻxori, sabzavotlar va boshqa ekinlar uchun eng yaxshi oʻtmishdosh ekin hisoblanadi.

Soya ekinidan moʻl va sifatli hosil yetishtirishda tuproq unumdorligi hamda suv taʼminoti yaxshi boʻlgan maydonlarni tanlab olish, shuningdek, ekinni tuproq sharoitidan kelib chiqqan holda joylashtirish maqsadga muvofiqdir. Bunda quyidagilarga eʼtibor qaratishni tavsiya etamiz.

Soya ekiladigan maydonga sharoitdan kelib chiqqan holda sof holda 90 kg fosfor va 60 kg kaliyli oʻgʻitlar 100 foiz berilib, dala begona oʻt qoldiqlari va ildizlaridan tozalanib, obdon tekislanadi.

Respublikamizning tuproqlari tarkibida soya oʻsimligiga moslashgan bakteriyalarning mavjud emasligi sababli ekinni ekishdan avval urugʻlarga albatta “Rizotoptin”, “Rizobium”, “Bradirizobium” biooʻgʻitlarining biri bilan 600-800 g/ga hisobida ishlov berilishi kerak, aks holda soya oʻsimligi ildizida biologik azot toʻplanmaydi.

Quyosh nuri tushmaydigan joyga bir tekis yoyilgan urugʻlar ustidan biooʻgʻitlar bir xilda sepiladi va yaxshilab aralashtirgach, usti mato bilan bir oz muddat oʻrab qoʻyiladi. Ishlov berilgan urugʻlar oʻsha kunning oʻzida ekilishi kerak, aks holda foydali bakteriyalar oʻz kuchini yoʻqotadi.

Soyani ekish uchun eng maqbul muddat tuproqning 0-10 sm qatlamdagi harorat 12-14˚C atrofida boʻlishidir. Qator orasi 60 yoki 70 sm boʻlgan pushtaga yirik-maydaligidan kelib chiqqan holda 60-80 kg meʼyorda urugʻlik sarflansa, har gektar maydonda oʻrtacha 350-400 ming tup koʻchat olinishi taʼminlanadi. Urugʻlik SPCH-6-8 pnevmatik seyalkasida 4-5 sm chuqurlikka ekilishi eng maqbul hisoblanadi.

Asosiy muddatda urugʻ ekish ishlarini janubiy mintaqalarda mart oyi­ning oxiri, markaziy mintaqalarda aprelning birinchi yarmidan, shimoliy mintaqalarda esa ikkinchi oʻn kunligidan boshlab aprel oyi oxiriga qadar yakunlash maqbul hisoblanadi.

Urugʻlarni tuproqning tabiiy nam­ligi hisobiga undirib olish muhim ahamiyatga ega. Agar tuproqda namlik yetarli boʻlmasa, maydonga yengilgina urugʻ suvi berish talab etiladi. Aks holda koʻllagan joylardagi urugʻlar oʻz unuvchanlik xususiyatini yoʻqotadi va koʻchat qalinligi meʼyordan kam boʻlishiga olib keladi.

Nihollar unib chiqib, birinchi uchtalik barglar hosil boʻlganda tuproqda havo almashishini taʼminlash, issiqlik va suv oʻtkazuvchanligini yaxshilash maqsadida qator oralari kultivatsiya qilinadi. Bunda KRX-4 kultivatori ishchi organlari kamida 10-12 sm chuqurlikka, oʻsimliklardan esa 8-10 sm uzoqlikda yuradigan qilib joylashtirilishi kerak. Vegetatsiya davomida tuproq sharoitidan kelib chiqqan holda qator oralariga kamida 2-3 marta kultivator bilan ishlov beriladi.

Maydonni begona oʻtlardan tozalash maqsadida oʻtoq va ketmon chopiq qilib turiladi. Tuproq sharoitiga koʻra sizot suvlari yuza joylashgan maydonlarda 1 marta chuqur chizellanishi maqsadga muvofiqdir.

Maʼlumotlarga koʻra, soya ekinidan yuqori va sifatli hosil olish uchun sof holda 70-75 kg azotli, 90 kg fosforli va 60 kg kaliyli oʻgʻitlar berilishi kerak. Birinchi azotli oziqlantirish shonalash davriga qadar oʻtkazilishi kerak. Bunda qator oralariga 30-35 kg/ga miqdordagi azot kultivator oʻgʻitlagich bilan 12-14 sm chuqurlikka beriladi.

Ikkinchi azotli oziqlantirish shonalash-gullash davrida oʻtkazilib, 40 kg/ga miqdorida 16-18 sm chuqurlikka solinadi. Azotli oʻgʻitlarning bundan kech muddatlarda berilishi ekinning oʻsuv davrini kechiktirib yuboradi.

Tuproq sharoitlaridan kelib chiqqan holda birinchi sugʻorish shonalash-gullash bosqichida oʻrtacha 600-650 m3/ga, ikkinchisi gullash-dukkaklash davrida, uchinchisi donining toʻlishi davrida 800-850 m3/ga meʼyorda oʻtkaziladi. Shuningdek, soya donining pishish bosqichida namlik yetarli boʻlishini taminlash maqsadida har 15-20 kunda sugʻorib turish maqsadga muvofiq.

Sugʻorish ishlarining oʻz vaqtida amalga oshirilishi donning toʻliq boʻlishini taʼminlaydi. Namlik yetishmasa soya doni mayda boʻlib, hosildorlikning keskin kamayib ketishiga olib keladi.

Soya ekiniga oʻrgimchakkana, shira, oqqanot kabi soʻruvchi zararkunandalar hamda kuzgi tunlam, koʻsak qurti kabi zararkunandalar zarar keltiradi. Ularga qarshi kurashishda biologik va kim­yoviy qarshi kurash choralarini uygʻunlashgan holda qoʻllash yaxshi samara beradi.

Soʻruvchi zararkunandalarga qarshi oltinkoʻz imogasini belgilangan nisbatlarda va tartibda tarqatish maqsadga muvofiq. Kimyoviy kurashishda esa kompleks taʼsir etuvchi preparatlardan foydalanish zarur.

Shira, oqqanot, tamaki tripsi, kichik yoshdagi qurt lichinkalariga qarshi “Mospilan” (0,15 l/ga), “Karbafos” (0,6-1,0 l/ga), “Deltafos” (1,0 l/ga), “Aplaud” (0,5 kg/ga, “Admiral” (0,5 l/ga), “Politrin-K” (1,0 l/ga), “Kalipso” (0,1 l/ga), “Vertmek” (0,5 l/ga), “Fufanon” (1,0 l/ga), “Koragen” (0,04-0,05 l/ga), “Avaunt” (0,4-0,45 l/ga) preparatlarning birortasini (koʻrsatilgan meʼyorlariga amal qilgan holda) traktorga tirkalgan OVX purkagichi bilan gektariga 300 litr suv sarflangan holda purkaladi.

Oʻrgimchakkanaga qarshi profilaktika uchun gektariga 30-40 kg dan oltingurgutni changlatish, zarur boʻlgan vaqt­da kimyoviy preparatlardan “Omayt” (1,5 l/ga), “Neron” (1,0-1,2 l/ga), “Vertmek” (0,2-0,3 l/ga), “Fufanon” (1,2 l/ga), “Deltafos” (1,5 l/ga) preparatlarining birini belgilangan tartibda sepish yaxshi samara beradi.

Soya ekinini parvarishlashda agrotexnika tadbirlari yuqoridagi tavsiyalarga toʻla amal qilgan holda oʻz vaqtida oʻtkazilganda moʻl va sifatli hosil yetishtirishga erishiladi.

 A.Moʻminov, Z.Yaqubov

 

Manba:agro.uz sayti

 1,142 marta ko‘rilgan,  3 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.