Sholi nihollari qanday ko‘chat qilinadi?

Sholini ko‘chat qilish uchun ko‘chatlarni maxsus maydonlarda yetishtirib olinadi. Ekishga tayyor bo‘lgan ko‘chatlarni ko‘chat qilish uchun dastlab, ko‘chat maydoni 3-4 soat oldin sug‘oriladi. Shunda yaxshi qondirib sug‘orilgan ko‘chatlarni osongina ko‘chirib olish mumkin.

Ko‘chatlarni ekin dalasiga yaqinroq joylashgan kichikroq maydonda yetishtirilsa, ko‘chirib o‘tkazish qulay bo‘ladi. Uzoq masofalarga esa traktor pritseplarida yoki maxsus mashinalarda olib boriladi. Ko‘chatlarni ekishgacha salqinroq joyda 4-5 soatgacha saqlash mumkin.

Ko‘chat qilish ishlarida ekin maydonining hajmiga qarab ishchi kuchi eng kamida 3-4 kishi bo‘lishi kerak. Bunda bir kishi tayyorlangan yangi maydonni (pollarni) ketma-ket ravishda suv bilan to‘ldirib tursa, yana bir kishi esa ko‘chatlarni ekuvchilarga olib kelib berib turadi. Qolganlar esa ko‘chatlarni muntazam ravishda ekishadi.

Bunda ko‘chat oralaridagi masofa 10-12 sm dan 15-17 sm gacha bo‘lishi mumkin. pollardagi suv sathi 5-10 sm bo‘lsa ekish jarayoni qulay bo‘ladi. Ko‘chat ildizi suv ostidagi loyga 3-4 sm chuqurlikda ekiladi. Nimjon va singan ko‘chatlarni ekish yaramaydi. Bunda ular tutib ketgan taqdirda ham ko‘p mehnat talab qiladi va rivojlanishdan ortda qoladi.

Ko‘chat qilish jarayoni yozning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelgani uchun suv doimiy yangilanib turishi kerak. Pollar ichidagi suvning isishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Buning uchun ko‘chatlar ekib bo‘lingandan so‘ng, suvga biroz miqdorda karbamid (machovina) o‘g‘iti sepiladi. U suv isishini kamaytiradi.

Bunda ko‘chatlarning eski barglari quriydi lekin, tana qismi qurimaydi va 3-4 kun o‘tib yangi ildizlar chiqara boshlaydi. 5-7 kun o‘tib esa, o‘zini tutib oladi va yangi barglar chiqara boshlaydi. Tez orada ko‘chatlar o‘zini butunlay tiklab, faol o‘sa boshlaydi. Begona o‘tlar chiqqan hollarda 1-2 marta o‘taladi.

 

Odiljon Yakubov tayyorladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.