Sholi koʻchat qilish uchun yer qanday tayyorlanadi?

Yurtimizning unumdor tuproqli yerlaridan unumli foydalanish uchun kuzgi bugʻdoy va ertagi ekinlardan boʻshagan sugʻoriladigan maydonlarda boshqa ekinlar qatori sholi yetishtirish mumkin. Bunday yerlar esa iyun-iyul oylarida dastlabki ekinlardan boʻshaydi va sholi urugʻi sepilgan taqdirda pishib-yetilmay qoladi. Shuning uchun bunday yerlardan odatda sholini koʻchat qilish orqaligina moʻl hosil olish mumkin boʻladi.

Sholi koʻchati ekiladigan dala maydonining tuprogʻi unumdor boʻlishi zarur. Bundan tashqari suv muammosi boʻlmasligi kerak. Yaʼni sugʻorish uchun qulay boʻlgan maydonlar tanlanadi. Ertagi ekinlardan boʻshagan ekin maydoni oʻsimlik qoldiqlaridan tozalanadi. 40-50 sm chuqurlikda pluglanadi. Suv yuvib ketmasligi uchun eni 70-90 sm keladigan marzalar olinadi. Marzalarni olish dastlab ekin maydonining gorizontal yoʻnalishi boʻyicha, soʻngra vertikal ravishda olinadi. Bunda gorizontal va vertikal marzalar tutashishidan hosil boʻlgan kataklar pol deyiladi. Har bir polning eni 6-8 m va uzunligi 8-10 m dan qilib olinsa sugʻorish ishlarida oson boʻladi.

Marza olish ishlari traktor yordamida amalga oshiriladi. Pol ichidagi qolgan tuproqni esa qoʻl mehnati asosida tekislanadi. Bunda polning suv kiradigan qismi chuqurroq, suv chiqadigan qismi esa sayozroq boʻlishi kerak. Shunday qilinsa pol ichiga suv bir xilda toʻlib boradi.

Pol ichidagi tuproqni tekislash suv bilan birga amalga oshirilishi ham mumkin. Bu jarayonni 3-4 kishi taxtaga arqon bogʻlab, pol ichiga suvni yarim toʻldirgan holda amalga oshiradi va u molalash deb ataladi. Lekin bu koʻp mehnat talab qiladigan ish. Bunday usul sholi urugʻini ekishda qoʻl keladi. Poldan-polga suv oʻtkazish uchun 1,0×1,5 hajmda selofan plyonkalar tayyorlab olinadi va birinchi sugʻorishda suv oʻtkazish joylariga qoʻyiladi. Ular marzani suv yuvib ketishidan saqlaydi.

 

 

Odiljon Yakubov tayyorladi

 

 203 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.