Sholi haqida to‘liq ma’lumot

Sholi – boshoqdoshlarga mansub bir va ko‘p yillik o‘simliklar turkumiga kiruvchi, donli ekin. Uning 20 ga yaqin turi asosan Janubiy va Sharqiy Osiyo, Afrika, Amerika, Avstraliya tropiklari va subtropiklarida o‘sadi. Dehqonchilikda tropik, subtropik va mo‘tadil bo‘lgan iliq mintaqalarda bir yillik ekma sholi turi ekiladi. U eng qadimiy oziq-ovqat ekinlaridan biridir. Janubiy Sharqiy Osiyoda bundan 7 ming yil muqaddam ham ekilgan. Sholikorlikning eng qadimiy makonlari Hindiston va Xitoy bo‘lib, O‘rta Osiyoda miloddan avvalgi 3-2-asrdan, Yevropada 8-asrdan, Amerikada esa 15–16-asrdan ekila boshlagan. G‘arbiy Afrikada yalang‘och donli yoki afrika sholisi turi ham ekiladi, yovvoyi o‘sadigan turlaridan – nuqtali sholi va qisqa qiltiqli sholi ovqat uchun ishlatiladi.

Jahon bo‘yicha jami sholi ekin maydonlari 155,5 mln. gektar maydonga, 115 dan ortiq mamlakatda ekiladi. Hosildorligi o‘rta hisobda gektaridan 38,4 sentner, yalpi hosil 596,4 mln.tonnani tashkil etdi (1999-yil). Asosiy sholi yetishtiradigan mamlakatlar: Xitoy (31,7 mln. ga, hosildorlik 63,2 s/ga, yalpi hosili 200,4 mln.t), Hindiston (44,8 mln. ga, hosildorlik 29,2 s/ga, yalpi hosili 131,2 mln.t), Indoneziya (11,6 mln. ga, hosildorlik 42,9 s/ga, yalpi hosili 49,5 mln.t) (1999). O‘zbekistonda sholi ekin maydoni 101,3 ming gektar maydonni egallaydi. Hosildorlik 28,3 s/ga, yalpi hosil 287 ming tonnage to‘g‘ri keladi (2003). Bulardan tashqari, Bangladesh, Vyetnam, Myanma, Filippin, Braziliya, Pokiston, Kambodja, Yaponiya, AQSH, Koreya mamlakatlarida, Ukraina janubida, Shim. Kavkaz, Quyi Volga, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham sholi yetishtiriladi.

Sholining ildizi popuk ildiz bo‘lib, uzunligi 10 sm gacha bo‘ladi. Poyasi poxolpoya, 50 sm dan 3-5 m gacha. Asosan, 3-5 ta, siyrak ekilganda va ko‘p oziqlantirilganda 30 va undan ortiq poya chiqaradi. Yotib qolmaydigan navlarining poyasi mustahkam. Bargi yashil, qizg‘ish yoki binafsha rang, to‘pguli shingil, bo‘yi 10-30 sm, o‘zidan changlanadi. Bir gulli boshoqchalari 2 tartib shoxchalarida joylashgan. Mevasi po‘st (parda)li don; doni uzun ensiz (hind sholisi) yoki dumaloq enli (yapon sholisi); sindirilganda oq, shishasimon, yarim shishasimon yoki unsimon. 1000 ta donining og‘irligi 26-45 g. Har xil tur va navlarni uzoq asrlar davomida qayta-qayta chatishtirish natijasida har bir mamlakatning tuproq-iqlim sharoitiga mos sholi navlari va shakllari paydo bo‘lgan.

Sholi bahori issiqsevar va yorug‘sevar qisqa kun o‘simligi, urug‘i tuproq harorati 10-12° C bo‘lganda unib chiqadi, 22-27° C da yaxshi o‘sib rivojlanadi. Vegetatsiya davri 120-130, O‘zbekistonda esa 100-145 kunni tashkil etadi. Tuplanish, naychalanish davrida 5-25 sm qalinlikda suv bostiriladi. Pishishiga yaqin davrda suv chiqarib tashlanadi. Sholi qora, kashtan, botqoq tuproqlarda yaxshi o‘sadi.

Jahondagi ko‘pgina mamlakatlarda, asosan, Osiyoda ekiladigan asosiy don ekini va aholining asosiy oziq-ovqatidir. 2004-yil BMT tomonidan “Sholi yili” deb e’lon qilindi. O‘zbekistonda tantana, to‘ybayramlarda guruchdan tayyorlanadigan palov zaruriy taom hisoblanadi. Doni (guruchi) oq, qizil, qora rangda, to‘yimli, tarkibida 76,1% kraxmal, 17-24% amilaza, 2,6% oqsil, 3,9% qand, 1,8% dekstrin, 1-1,5% yog‘, 1,4% kul va 0,2% kletchatka, V,, V2, RR vitaminlari bor. Donidan guruch, kraxmal, moy (murtagidan), spirt, pivo, turli ovqatlar tayyorlanadi; ko‘pchilik xalqlarda non o‘rnini bosadi. Poxolidan sifatli qog‘oz, karton, arqon, to‘qilgan buyumlar, savat, shlyapa va boshqalar tayyorlanadi. Terti (kepagi) mollarga beriladi.

Sholi asosan sug‘orish va almashlab ekish tizimida o‘stiriladi. O‘zbekistonda Sholi sho‘rlanmagan yoki turli darajada sho‘rlangan yerlarga bahorda, aprelning 2-yarmida ekiladi. Ba’zi mamlakatlarda niholi ko‘chat qilib yetishtiriladi. O‘zbekiston sharoitida sholi ekiladigan maydonlarga gektariga 120-180 kg N, 120-150 kg R205,100-150 kg K20 solinadi, suv bir me’yorda ushlab turiladi, keyinchalik 10 sm gacha ko‘tariladi, Sholi sarg‘ayib pishishiga yaqin suv berish to‘xtatiladi. Pishgan Sholi yoppasiga kombaynlar bilan o‘rib-yig‘ib olinadi.

Navlari: Sholining 10 mingdan ortiq navi bor. O‘zbekistonda ilmiy asosda Sholi navlari yaratish 1930-yillardan boshlandi. 90-yillardan O‘zbekiston sholikorlik institutida chiqarilgan ertapishar, serhosil (potensial hosildorligi 60–95 s/ga), sifatli guruch olinadigan Avangard, UzROS 713, Nukus 2, Lazurnmy, Alanga, Istiqbol, Istiqlol, Tolmas, Arpa sholi (“devzira”), Sanam va boshqalar 14 dan ortiq navlari ekiladi.

O‘zbekiston Sholikorlik institutida sholikorlikni rivojlantirish, yangi navlarni yaratish, hosildorlikni oshirish, Sholi yetishtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha yirik ilmiy tekshirish ishlari olib boriladi.

Zararkunandalari: sholi pashshasi, sholipoya uzunburuni, qirg‘oq chivini va boshqalar.

Kasalliklari: pirikulyarioz, ildiz chirishi, gel’mintosporioz, nematoda kasalliklari, fuzarioz va boshqalar.

 

Manba: «O’zbekiston Milliy ensiklopediyasi».

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.