Sholi ekini uchun oʻgʻitlarning ahamiyati qanday?

Sholi yetishtirish uchun tuprogʻi unumdor va sugʻorish qulay boʻlgan sersuv yerlar zarur boʻladi. Sholi yorugʻlik va issiq havoni xush koʻradigan oʻsimlik. Sholidan moʻl-koʻl va sifatli hosil olish uchun dehqon uning agrotexnikasini yaxshi bilishi kerak.

Sholidan yuqori hosil olishda oʻgʻitlarning ahamiyati beqiyos. Chunki sholining ayniqsa, azotli oʻgʻitga talabi kuchli. Oʻsuv davri davomida bir gektar maydondagi sholi ekini uchun oʻrta hisobda 150-200 kg azot, 50-100 kg fosfor, 80-100 kg kaliy oʻgʻitlari solinadi.

Ayniqsa faol oʻsuv davrida sholiga belgilangan azotli va fosforli oʻgʻitni har sugʻorishda oz-oz miqdordan boʻlib solish kerak. Ekinning oʻgʻitga talabini bargining rangi va nihollarning baquvvatligidan ham bilish mumkin. Fosforli oʻgʻitlar sholi hosili (guruch)ning sifatiga ijobiy taʼsir qiladi.

Lekin mineral oʻgʻitlarni keragidan ortiq solish ham mumkin emas. Chunki meʼyoridan ortiq solingan oʻgʻit ekinning haddan ortiq oʻsib ketishiga va bargining koʻpayib ketishiga sabab boʻladi. Natijada ekin pishib yetilmasidan yotib ketishiga yoki kasallanishiga olib kelishi mumkin.

Sholi boshoqlarining hajmi katta, poyasi baquvvat va doni toʻla boʻlishi uchun mineral oʻgʻitlar bilan birgalikda mahalliy oʻgʻitlarni ham berish tavsiya etiladi. Ayniqsa ekinning boshoqlash (buqoqlash)davrida mahalliy oʻgʻitlarni sharbat usulida berilsa, natijasi yaqqol bilinadi.

Oʻgʻitlarsiz sholidan moʻl hosil olishni tasavvur qilish qiyin.

 

Odiljon Yakubov tayyorladi.

 308 marta ko‘rilgan,  3 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.