Sholg‘om yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: Namangan mahalliysi, Samarqand mahalliysi, Muyassar.

Urug‘ tanlash. Ekiladigan sholg‘om urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasallik yuqmagan, o‘rtacha kattalikda, butun (sinmagan), vazndor tekis (zararlanmagan) bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.

Yer tayyorlash. Urug‘ ekiladigan maydonlar o‘tmishdosh ekin qoldiqlari va begona o‘tlardan sifatli qilib tozalanadi. 1 sotix yerga 200 kg (10 sotixga 2 tonna) chirigan go‘ng solinadi. Tuproq 20-25 sm chuqurlikda chirigan go‘ng va mineral o‘g‘itlar bilan aralashtirilib yumshatiladi. Yirik kesaklar maydalanib, yaxshilab tekislanadi va sug‘orish egatlari olinadi.

Ekish muddati va sxemasi. Sholg‘om asosan yozda ekiladi. Sholg‘om urug‘i markaziy mintaqa va vodiy hududlarida 1-15 avgustda, shimoliy hududlarda 25 iyul-10 avgust, janubiy mintaqalarda 20 avgust-20 sentabrda sepiladi. Shu bilan birga erta hosil olish uchun sholg‘om urug‘ini fevral oyining oxirlarida sochma hamda qator (lenta) qilib ekish mumkin. Har ikki usulda ham egat orasi 70 sm olinadi. Urug‘ qo‘lda sepiladi. Har 1 sotix yerga 25-30 g sholg‘om urug‘i sarflanib, 1,5 sm chuqurlikka ekiladi. Tuproq xaskash bilan tirmalanadi (aralashtiriladi).

Diqqat! Sholg‘om, rediska, turp, sabzi, ko‘katlar, bodring, pomidor, baqlajon, qalampir, osh lavlagi, piyoz ekinlarining mayda urug‘larini suvda namlab, kul, qum yoki quruq go‘ng bilan aralashtiring, ya’ni g‘o‘laklang. G‘o‘laklangan urug‘lar yaxshi sochiladi, tuproq yuzasiga bir tekis tushadi, sarfi esa kamayadi.

Parvarishlash. Nihollar unib chiqqandan so‘ng tezda o‘tash va yaganalash kerak. Birinchi yagana urug‘ yerdan unib chiqishi bilan, ikkinchisi 2-3 barg chiqarganda o‘tkaziladi. Bunda tup orasi 10-12 sm kenglikda qoldiriladi. Qator oralarini o‘simlik atrofi bilan qo‘l kuchi yordamida ketmon bilan 15-16 sm chuqurlikda yumshatib turish, ma’danli oziq va suv berib borish kerak. O‘suv davri mobaynida har ikki-uch sug‘orishdan keyin qator oralari yumshatilib boriladi.

O‘g‘itlash. Sholg‘om maydoni begona o‘tlardan tozalanib, yagana qilingandan so‘ng o‘g‘itlanadi. Bunda 1 sotixga sof holda sulfat ammoniy – 2 kg, ammofos – 1,5 kg, kaliy xlor – 0,5 kg me’yorda solinadi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Zararkunandalardan uzunburun, shira, barg burgalari, kasalliklardan unshudring va oq chirish ko‘p kuzatiladi. Zararkunandalarga qarshi 10 sotix maydonga – DVA-trin 10% em.k. 40 ml, Mospilan 20% n.kuk. 25-30 g me’yorda qo‘llaniladi. Kasalliklarga qarshi – Previkur 72,2% s.e.k. 150 ml, Kurzat R n.kuk. 200-250 g, Rirdomil gold 68% s.d.g. 200-250 g yoki 1 foizli Bordo suyuqligini 60-70 litr suvga tayyorlangan aralashmasini purkash yaxshi samara beradi. Bu kimyoviy preparatlarni mutaxassislar nazoratida qo‘llash tavsiya etiladi.

Hosilni yig‘ishtirish. Ekin sovuqqa chidamli bo‘lsada, ildizmevani tuproq muzlab qolmasdan oldin yig‘ib olish kerak. O‘rtacha kattalikdagi sholg‘omning sifati yuqori bo‘ladi. Biroq, hosil ildizmevalar diametri   7-10 sm bo‘lganda ham yig‘ib olinishi mumkin.

 

Manba: mehnat.uz sayti

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.