Qandalalar qanday zarar keltiradi?

Qandalalar, asl yarimqattiqqanotlilar – chala o‘zgarish (metamorfoz) bilan rivojlanadigan hasharotlar turkumi. 40 mingga yaqin turi ma’lum; quruqlikda, shuningdek, tropik va subtropiklardagi suv havzalarida yashaydi. Tanasining uzunligi 1 mm dan 12 sm gacha. Boshining ikki yonida murakkab (ba’zan tepa qismida yana oddiy) ko‘zlari bor; 4, kamdankam 3–5 bo‘g‘imli mo‘ylovi ipsimon, to‘g‘nog‘ichsimon yoki dumaloq. Sanchibso‘ruvchi og‘iz apparati bo‘g‘imli xartumcha ko‘rinishida.

Qanotlari 2 juft. Old qanotlarining uchi pardasimon, tiniq. Orqa qanotlari ham pardasimon, tiniq. 3 juft oyoqlari yurish, yugurish, shuningdek, hayot tarziga bog‘liq holda kavlash, suvda suzish, tutib olish va boshqalarga moslashgan. Ko‘pchilik qandalalarning orqa ko‘kragining ikki yoni bilan 2 va 3 juft oyoqlarining toslari oralig‘iga hid chiqaruvchi bez teshiklari ochilgan. Tuxumi, asosan, bochkasimon, noksimon, tuxumsimon bo‘lib, uchki qismida qopqog‘i bor.

Lichinkasining tashqi ko‘rinishi va hayot tarzi yetuk qandalanikiga o‘xshash. Ko‘pincha qandalalar yilda bir avlod beradi. Urg‘ochisi tuxumini o‘simlik yoki boshqa narsalar sirtiga, o‘simlik to‘qimasi ichiga, ba’zilari (ayrim zararkunanda qandalalar) erkagining orqasiga (tuxumdan lichinka chiqqunga qadar erkagi ko‘tarib yuradi) qo‘yadi. Odatda, yetuk qandalalargina (so‘qir qandalaning faqat tuxumi) qishlaydi. Qandala issiq va quruq iqlimli sharoitda yashashga juda yaxshi moslashgan.

O‘zbekistonning sug‘oriladigan dehqonchilik mintaqasida qandalaning 13 ta zararkunanda turi, ayniqsa, beda kandalasi, dala qandalasi katta zarar keltiradi. Beda o‘rilgandan keyin qandalalar yoppasiga g‘o‘zaga o‘tadi. Yetuk qandala va lichinkasi barg, poyaning mayin to‘qima uchi va hosil organlaridagi shirani so‘radi. Shikastlangan g‘uncha va gullar to‘kiladi. Shakllangan ko‘saklarda 1-2,5 mm kattalikdagi qo‘ng‘ir dog‘lar paydo bo‘ladi, ularning rivojlanishi hamda pishishi sustlashadi.

Quruqlik qandalalari, asosan, o‘simlikxo‘r, turli o‘simliklar bargi, mevasi va ildizidan shirasini so‘radi. Qalqondor qandalasi oilasiga mansub xasva, beda qandalasi, o‘tloq qandalasi va boshqalar qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun xavfli. Ba’zi qandalalar o‘simliklarning virusli kasalliklari, masalan, barg bujmayishi, lavlagi mozaika kasalligi kabilarni tarqatadi. Ba’zi quruqlik qandalalari odam va issiq qonli hayvonlarning (ko‘rshapalaklar, qushlar va boshqalar) tashqi paraziti bo‘lib, ularning qoni bilan oziqlanadi. Halqondorlar oilasiga mansub yirtqich qandala foyda keltiradi.

Kurash choralari: o‘simlikxo‘r qandalaga qarshi bedapoyalarga ishlov berish; erta bahorda begona o‘tlarga qarshi nitrafen purkash; poyadagi tuxumlarni yo‘q qilish uchun bedani 5 sm poya qoldirib o‘rish, dalada ang‘izni yo‘qotish. Zararlangan ekinlarga fosfororganik insektitsidlardan: fosfamid (rogor)ning 40% li emulgirlanuvchi kukunini sepish (1,5–2,5 kg/ga) kerak. Yoki DALATE, DALATE PLYUS, AGROFOS-D, AGROFOS EKSTRA, DELTASIS, ENTOMETRIN, Bi 58 New kabi boshqa vositalardan ham foydalanish mumkin.

 

 

O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasidan olindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.