Qalampirdan qancha daromad olish mumkin?

Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligida eng xaridorgir qalampir navini yetishtirish va koʻpaytirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Qalampir “qirq yillik qarzing boʻlsa, bir yilda uzaman” – der ekan. Rost gap. Bugungi kunda mamlakatimizda achchiq qalampir yetishtirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Chunki jahon bozorida bu mahsulotga boʻlgan talab katta. Oʻtgan yili Indoneziyada boʻlib, u yerda qalampir yetishtirish texnologiyasini oʻrganib qaytgan Fargʻona viloyati oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi vakillari ham bu borada amaliy ishlarga qoʻl urdi.

Ayni paytda Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligida 40 gektar maydonga ekish uchun Indoneziyadan keltirilgan achchiq qalampir urugʻi issiqxona sharoitida undirilmoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, 1 gektarda qalampir yetishtirish uchun 25 million sarflab, 20 tonna hosil olish mumkin ekan.

Bu achchiq qalampir navi bizdagiga qaraganda ikki-uch barobar koʻp hosil beradi va bir gektardan oʻrtacha 40 million soʻmgacha daromad olish mumkin, – deydi Fargʻona viloyati oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi M.Xoʻjayev. Eng muhimi, Indoneziya achchiq qalampiri jahon bozorida juda xaridorgir ekani bois, u asosan eksportga chiqariladi. Bitta qalampir koʻchatidan 400-450 tagacha hosil olish imkoni bor.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bizning iqlim sharoitimizda mazkur achchiq qalampir Indoneziyadagidan ham serhosil, serdaromad boʻladi.

Viloyatda yetishtiriladigan Indoneziya qalampiri 90 foiz xorijga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda. Ayni kunlarda ushbu qalampirning tabiiy holda pishgani, konserva sifatida tayyorlanganiga katta miqdorda buyurtmalar shakllantirilayotir. Hozirgacha Rossiyaning deyarli barcha hududlari, Janubiy Koreya, Hindiston, Polsha, Gruziya, Moldova singari oʻnlab mamlakatlar bilan kelishuvlarga erishildi.

Indoneziya qalampiri mahalliy navlarga qaraganda achchiqroq, hajmi biroz kichik, – deydi Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligi agronomi M.Joʻrayev. Bugungi kunda poytaxtimizdagi ixtisoslashgan markazlar, institutlar bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Laboratoriyamizda innovatsion gʻoya va texnologiyalarni qoʻllagan holda, ushbu qalampir navini mahalliy iqlim sharoitiga toʻliq moslashtirish maqsadida turli tajribalar oʻtkazilayotir.

Biooʻgʻitlar bilan ishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish sohasidagi ilk xulosalar shu kunlarda amaliyotga tatbiq etiladi.

Taʼkidlash joizki, toʻrt faslda ham havosi moʻtadil boʻladigan Indoneziya sharoitida achchiq qalampir asosan ochiq yer maydonlarida fermer va kichik dehqon xoʻjaliklarida yetishtiriladi. Mutaxassislarimiz mazkur navni yurtimizda issiqxona sharoitida yetishtirib, ertachi hosil olishni ham maqsad qilishgan. Bu borada boshlangan dastlabki saʼy-harakatlar yaqin vaqtlarda oʻz samarasini berishi aniq. Shu tariqa mazkur navdagi achchiq qalampirni aholi tomorqasida ham yetishtirish imkoniyati yaratiladi. Boisi, 60-80 kunda tayyor boʻladigan achchiq qalampirni tomorqa xoʻjaligida yetishtirish orqali bir oila bir mavsumda oʻrtacha 9-10 million soʻm daromad olishi mumkin. Oʻz navbatida, Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislari mazkur qalampir navini viloyatdagi fermer xoʻjaliklari dala maydonlarida boshoqli don ekinidan soʻng parvarishlab, katta daromad olish boʻyicha zarur tavsiyalar ishlab chiqmoqda.

 

Manba: mehnat.uz sayti.

 804 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

1 ta mulohaza

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.