Petrushka qanday yetishtiriladi?

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: Nilufar, Saxarnaya, Novas.

Urug‘ tanlash. Ekiladigan petrushka urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasalliklardan holi, butun (sinmagan), vazndor bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.

Yer tayyorlash. Yer o‘tmishdosh ekin qoldiqlari va begona o‘tlardan tozalanadi. 1 sotixga 150-200 kg (10 sotixga 1,5-2 tonna) chirigan go‘ng solinadi.

Petrushka qisqa muddatda yetilishini inobatga olib go‘ng solish bilan birga 1 sotix maydonga 1 kg azotli, 1 kg fosforli, 0,5 kg kaliyli o‘g‘it solish zarur. Yer 20-25 sm chuqurlikda yumshatiladi, yirik kesaklar maydalanib, yaxshilab tekislanadi va sug‘orish egatlari (pol) olinadi.

Ekish muddati va sxemasi. Ertagi hosil olish uchun petrushka urug‘lari kuzda yoki erta bahorda ekiladi. Urug‘lar erta bahorda 15 fevraldan 10 martgacha sepiladi. Kuzda sentabrning ikkinchi yarmi-oktabrda ochiq dalaga lentasimon usulda 2-3 qator qilib yoki sochma usulda ekiladi. Urug‘ sarfi 1 sotixga 50-60 g. Urug‘lar sepilgandan keyin xaskash bilan tuproqqa aralashtiriladi.

Parvarishlash. Maysalar unib chiqqandan 10-12 kun o‘tgach 1-marta, 2-3 hafta o‘tgach 2-marta yagana qilinadi. Bunda o‘simliklar orasi 3-5 sm bo‘lishi lozim. O‘simlikni parvarishlashga – o‘tash, qator oralarini yumshatish, sug‘orish va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari kiradi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Petrushka kasalliklarga ancha chidamli salqinsevar o‘simlik hisoblanadi.

Hosilni yig‘ishtirish. Bo‘yi 15-20 sm ga yetgan petrushka o‘simligi erta tongda – kun nisbatan salqinligida o‘tkir o‘roq bilan o‘rib olinadi.

 

Manba: mehnat.uz sayti

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.