Osh lavlagini to‘qsonbosti usulida yetishtirish

Osh lavlagining mahalliy Diyor, Yagona va xorijdan keltiriladigan navlaridan Bordo-237, Bikores, Boro F1, Detroyt, Pablo F1 duragaylari tavsiya etiladi. Ushbu navlardan gektaridan o‘rtacha 220-230 s hosil olinadi.

Lavlagi urug‘lari 4-5˚C haroratda unib chiqa boshlaydi, o‘sib-rivojlanib borishi uchun eng qulay harorat 20-25˚C dir. Lavlagi sovuq (-2-3˚C) va yuqori harorat ta’siriga chidamli bo‘ladi, tuproqda nam yetarli darajada bo‘lganda yuqori hosil beradi.

To‘qsonbosti usulida ekish muddati janubiy viloyatlarida 15-30 dekabr, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 10-noyabrdan 10-dekabrga qadar va shimoliy mintaqalarda 1-noyabrdan 10-dekabrga qadar ekiladi. Urug‘ sarfi to‘qsonbosti usulida ekishda 16-8 kg. Ekish egatlari 60-70 sm bo‘lib, 2-3 qatorli, o‘simlik oralari 8-10 sm. Urug‘ni ekish chuqurligi 2-3 sm.

Yerni shudgor qilishdan oldin gektariga 25-30 tonna chirigan go‘ng, 320 kg ammofos, 180 kg kaliy-xlor o‘g‘iti solinadi. Bahorda vegetasiya davrida azot o‘g‘iti ikkiga bo‘lib beriladi. Birinchi oziqlantirish o‘toq qilib o‘simlik siyraklashtirilgandan so‘ng 240 kg karbamid yoki 550 kg sulfat ammoniy, ikkinchisi esa 3-4 chinbarg paydo bo‘lganda yuqoridagi miqdorda solinadi. Ildizmeva shakllanishi davrida 10 l suvga 200 g karbamid solinib, bargidan purkash yo‘li bilan oziqlantiriladi.

Osh lavlagi o‘stirishda tuproqning cheklangan dala nam sig‘imiga nisbatan sug‘orishdan oldingi tuproq namligi 65-70% bo‘lishi kerak.

Ildiz mevali sabzavotlar o‘suv davrida suvni har xil miqdorda talab qiladi. Urug‘ning unib chiqish, shuningdek, bargning jadal suratda o‘sishi va hosil to‘plash davrida ekinlarning suvga talabchanligi bir oz oshadi.

Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda osh lavlagi o‘suv davrida 7-8 martagacha, sizot suvi yuza dalalarda esa 5-6 marta sug‘oriladi. Tuproq sharoitiga qarab gektariga 500-550 m3 hisobidan sug‘oriladi. Sabzini haddan tashqari katta me’yor bilan sug‘orish tavsiya etilmaydi.

O‘g‘itlarni berish muddati: Fosfor o‘g‘iti yillik miqdorining 75 foizini, kaliyning hammasi yerlarni asosiy ishlov davrida, qolgan 25% fosforni yerni boronalab egat olishda berish tavsiya etiladi. Azotli o‘g‘itlarning hammasi vegetatsiya davrida oziqlantirishda ikkiga bo‘lib beriladi. Birinchi oziqlantirish o‘toq qilib o‘simlik soni siyraklashtirilgandan so‘ng, ikkinchisi esa 2-3 tadan chin barg paydo bo‘lganda o‘tkaziladi. O‘g‘itlar o‘g‘itlagich moslamalar bilan qator oralariga o‘simlikka yaqinroq qilib beriladi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash. Shira, lavlagi uzunburun zararkunandalariga qarshi kurashda 1 gektar ekin maydoniga preparatlardan 20 foizli Konfidor em. k. (150-250 ml) yoki Maspilan (150-250 ml) yoki 57 foizli Fufanon (80-100 ml) preparatlarini 600 litr suvga aralashtirib purkash tavsiya qilinadi.

Vegetatsiya davri: 80-100 kun.

Hosil pishish davri: Aprel – may.

 

Manba: agro.uz sayti.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.