Oʻrgimchakkana bodring uchun havflimi?

Oʻrgimchakkana bodring uchun eng havfli zararkunanda hisoblanadi. Bu zararkunandaning lichinkalari bodring bargining pastki tomoniga joylashib oladi, ammo juda koʻpayib ketganida oʻsimlik shoxlarida ham oʻzining ingichka toʻrini yoyadi.

Dastlab barg nish urgan joyda mayda och koʻk nuqtalar paydo boʻladi, soʻng barglarni sariq dogʻlar qoplay boshlaydi, oqibatda barg toʻqimalari qurib, butkul sargʻayib nobud boʻladi. Ayniqsa tor plyonkali pana joylarda va issiqxonalarda oʻsimlikka koʻp zarar keltiradi.

Havoning nisbiy namligi 80% dan yuqori boʻlishi oʻrgimchakkanalarning rivojlanishi uchun noxush sharoit hisoblanadi. Shuning uchun bu zararkunandaning yalpi koʻpayishi yilning issiq davrida harorat 25-30˚C daraja va havoning namligi past darajada boʻlganida avj oladi.

Unga qarshi kurash choralaridan biri fitoseyulyusni 1 m2 ga 30-150 tagacha urgʻochisini qoʻyishdir. Agar buning iloji yoʻq boʻlsa, zararkunandaga qarshi 1 litr donitol yoki 1,5 litr neoron yoki 2 litr “Omayt” yoxud 0,3-0,5 litr “Nissoron” purkash tavsiya etiladi.

Shuningdek, Karbofos ni ochiq yerda gektariga 1-2 kg, himoyalangan joyda 4-6 kg yoki “Akreksning” 50% li namlanadigan kukuni issiqxonalarda (taxminan 6-8 kg. gacha) zararkunanda butunlay yoʻq boʻlguncha qoʻllaniladi.

Tomorqalarda oʻrgimchakkanaga qarshi kurashishda bodring ekilgan joʻyaklarga kun boʻyi suv purkab turiladi (kun issiq paytlarda). Yoki uy sharoitida tayyorlangan 200 g piyoz yoki sarimsoqning 10 litr suvdagi qaynatmasi bilan ishlov beriladi. Kasallik saqlanib qolmasligi uchun kuzda tuproq chuqur haydaladi, oʻsimlik qoldiqlari toʻplanib, yoqib yuboriladi.

 

Manba: “Bodring – diltortar sabzavot” (N. Hoshimov) qoʻllanmasi.

 382 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.