Oqbosh karam o‘stirish bo‘yicha tavsiyalar

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: ertapishar Farao F1, Nazomi F1, Parel F1, Iyunskaya, o‘rtapishar Saratoni, Toshkent – 10, Termiz – 2500, kechpishar Sharqiya – 2, O‘zbekiston sudyasi.

Ko‘chat tanlash. Erta bahor va yozgi muddatlarda ekiladigan oqbosh karam ko‘chatlari 30-40 kunlik, barglari to‘q yashil, ildizlari durkun rivojlangan va sog‘lom bo‘lishi lozim. Dalaga ekish paytida ko‘chatlarda 6-7 ta barg bo‘lishi kerak.

Yer tayyorlash. Maydonlar o‘tmishdosh ekinlar qoldiqlari va begona o‘tlardan sifatli qilib tozalanadi. 1 sotix yerga 200-250 kg (10 sotixga 2-2,5 tonna) chirigan go‘ng solinadi. Tuproq 20-25 sm chuqurlikda yumshatiladi, yirik kesaklar maydalanadi, yaxshilab tekislanadi, sug‘orish egatlari olinadi.

Ekish muddati va sxemasi. Karamni 3 xil muddatda ekib, parvarishlash mumkin. Ertaki karam ko‘chatini respublikamizning janubiy viloyatlarida 10-12 fevral, o‘rta muddatlarda 10-12 may, kechki muddatlarda 1-15 avgust; markaziy mintaqada joylashgan hamda vodiy viloyatlarida ertapishar navlarning ko‘chatini 25 fevral – 10 mart, o‘rtapishar navlarni 15 aprel – 1 may, kechpishar navlarni 15 iyun – 10 iyul; shimoliy hududlarda ertapishar navlarning ko‘chatini 15–30 mart, o‘rtapishar navlarni 1-15 aprel, kechpishar navlarni – 25 may – 5 iyun oralig‘ida ekish maqbul hisoblanadi.

Qator oralari 70 sm, uyalar orasi 30 sm, har bir uyadagi ko‘chat soni 1 sotix maydonga 476 (10 sotixga 4760) tup o‘simlik to‘g‘ri keladi.

Parvarishlash. Ko‘chat ekib bo‘lgandan keyin maydon ketma-ket sug‘oriladi. Ko‘chat tutgandan so‘ng egatlarning oralari, ko‘chatlarning atrofi yumshatiladi va birinchi o‘g‘it beriladi. Ikkinchi chopiq ekin sug‘orilgandan so‘ng o‘tkaziladi. Oqbosh karam ikki marta chopiq qilinadi. Karamni oziqlantirish uchun 1 sotix maydonga 2 kg azot, 1,5 kg fosfor va 0,7 kg kaliy solinadi. Bo‘z tuproqli yerlarda ertagi karamni 8-10 marta, sizot suvlari yuza joylashgan yerlarda 6-8 marta sug‘orish tavsiya etiladi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Karam biti, karam kuyasi, karam oq kapalagi qurtlariga qarshi biologik usulda oltinko‘z, xonqizi qo‘ng‘izlari qo‘llaniladi. Barg kemiruvchi qurtlarga qarshi trixogramma tuxumxo‘ri va brakon entomofaglari ishlatiladi. Kimyoviy usulda 10 litr suvga Sipermetrin 25% em.k. (16 ml/ga), Dolprid 200 g/l s.e.k. (10 ml/ga) preparatlarining birontasidan foydalaniladi. 10 sotixga 60-70 litr suvda tayyorlangan aralashma ishlatiladi.

Hosilni yig‘ishtirish. Aholi tomorqalarida ekilgan oqbosh karam oddiy uzun pichoq yordamida 2-3 dona bargi bilan qirqib olinadi. Ertagi karam saqlashga moyil emas, shuning uchun uni darhol iste’molga chiqarish zarur. Vaqtida yig‘ilmagan karamlarning boshlari yorilib ketadi.

 

Manba: mehnat.uz sayti

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.