Makkajo‘xori kasalliklari va ularga qarshi kurash choralari

Makkajo‘xori kasalliklari bular – zamburug‘, bakteriya va viruslar vujudga keltiradigan kasalliklardir. Ularning 70 dan ortiq turi ma’lum. Ko‘p tarqalganlari: urug‘ va maysalarning mog‘orlashi. Uni zamburug‘lar paydo qiladi. Kasallangan urug‘ sirtida ko‘kimtir, kulrang yoki boshqa tusdagi g‘ubor bo‘ladi, bunday urug‘ unib chiqmaydi. Urug‘ kamroq kasallangan bo‘lsa, ekkanda maysa chiqadi, lekin yer osti qismi zararlangan bo‘ladi, 4–5 ta barg chiqarguncha o‘sib, keyin o‘sishdan to‘xtaydi.

Yoki bunday qurib qolishga yana bir sabab, o‘simlik ildiziga tushadigan qurtdir. Ya’ni o‘simlik unib chiqganidan so‘ng qurt uning ildizini yeb bitiradi va keyingi o‘simlik ildiziga o‘tadi. Buni oldini olish uchun ekishdan oldin yerga kamroq miqdorda o‘g‘it (machovina) solish kerak. Bu o‘g‘it bilan o‘simlik qurtlardan himoya qilinishi bilan birga dastlabki ozuqa bilan ta’minlanadi va tez o‘sib-rivojlanadi. Agar bu ishlar qilinmagan bo‘lsa o‘simlik unib chiqqanidan so‘ng, 3-4 barg bo‘lishi bilanoq yosh maysalar preparatlar bilan dorilanadi.

Pufaksimon qorakuya. Zamburug‘ havo orqali yuqib, makkajo‘xori so‘tasi, popugi, poyasi, bargi va ba’zan ildizi bo‘g‘zini zararlaydi. Kasallangan organlarda oqimtir dog‘ hosil bo‘lib, turli kattalikdagi pufakka aylanadi. O‘simlik yaxshi rivojlanmaydi.

Changsimon qorakuya. Zamburug‘ o‘simlik poyasi o‘sib, gullash davrida so‘tasi va popugini zararlaydi. Kasallangan so‘tada shish paydo bo‘lib, bu shish oldin oq yoki pushti parda bilan qoplanadi, ichi esa to‘q jigarrang va qora chang massaga aylanadi. O‘simlik o‘sishdan to‘xtaydi, shoxlab ketadi, barglari kengayadi, hosil tugmaydi.

Gelmintosporioz. Barg, barg qo‘ltig‘i, don qobig‘i, ba’zan so‘talar zararlanadi. Kasallangan organlarda jigarrang hoshiyali malla, yirik, cho‘ziq dog‘lar hosil bo‘ladi. Ular bir-biri bilan qo‘shilib, yiriklashadi, kasallangan to‘qimalar quriydi, ko‘k poya va don hosili kamayib ketadi.

Bakterial so‘lish. O‘simlikning pastki barglarida och yashil chiziq dog‘lar hosil bo‘lib, dog‘lar keyinchalik sarg‘ayadi, asta-sekin butun barg bo‘ylab uzun yo‘llar hosil bo‘ladi, so‘ngra barglardan poyalarga va yuqorigi barglarga o‘tadi, o‘simlik so‘liydi.

So‘ta bakteriozi. Zararlangan donlarda, ayniqsa, so‘taning yuqori qismida dumaloq, yarasimon dog‘ paydo bo‘ladi.

Bunday kasalliklar bilan kasallangan maydonlardan olingan donlardan urug‘lik sifatida foydalanib bo‘lmaydi. Chunki chunki keyingi yili ham bu kasalliklar urug‘lik bilan yana tarqalishi mumkin.

Makkajo‘xori kasalliklariga qarshi kurash uchun: almashlab ekishni joriy qilish; o‘simlik qoldiqlarini yo‘qotish; yerni kuzda shudgorlash, urug‘ni ekishgacha dorilash, urug‘likni sog‘lom poyalarda pishib-yetilgan so‘talardan olish, kasallikka chidamli navlarni ekish, zararkunanda, hasharotlarga qarshi vaqtida kurashish va shu kabilar.

 

“O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi” asosida Odiljon Yakubov tayyorladi.

Izoh:

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.