Makkajoʻxori – eng qadimgi ekinlardan biri

Makkajoʻxori – boshoqdoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻtsimon oʻsimliklar turi, don va yem-xashak ekini. Makkajoʻxori yer sharidagi yovvoyi holda oʻsmaydigan eng qadimgi ekinlardan biri. Vatani – Markaziy va Janubiy Amerika. Dastlab Meksika hududida qadimgi mayya va atstek qabilalari tomonidan miloddan 5200 yil avval dehqonchilikda ekilgan. Yevropaga 15-asr oxirida keltirilgan.

Makkajoʻxori ekiladigan xududlar shimoliy kenglikning 40° igacha boradi. Jahon dehqonchiligida makkajoʻxori ekilgan maydon 139,2 mln. ga, hosildorlik (don boʻyicha) 43,13 s/ga, yalpi hosil 600,4 mln.t. AQSH (28,5 mln. ga, hosildorlik 84 s/ga), Braziliya (11,6 mln. ga, hosildorlik 27,6 s/ga), Meksika (7,2 mln. ga; hosildorlik 25,3 s/ga), Xitoy (25,8 mln. ga, hosildorlik 48,8 s/ga), shuningdek, Janubiy va Janubi-Sharqiy Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy va Sharqiy Afrika mamlakatlarida katta maydonlarga ekiladi (1999).

Oʻzbekistonda ham bu ekin qadimdan ekiladi (42 ming ga, hosildorlik 31,6 s/ga, yalpi hosil 131,4 t, 2000-yil uchun). Poyasi tik oʻsadi va 5–6 m gacha boradi, boʻgʻimli, ichi gʻovak. Ildizi pataksimon, yerga 1–1,5 m gacha kirib boradi. Poyaning eng ostki boʻgʻimidan yoʻgʻon tayanch ildizlar chiqaradi, ular oʻsimlikni yotib qolishidan saqdaydi va chopiq vaqtida yumshoq tuproq uyumi ularni nam hamda oziq moddalar bilan taʼminlaydi. Barglari keng nashtarsimon, ketma-ket joylashgan, usti tukli.

Makkajoʻxori bir uyli, toʻpguli ayrim jinsli oʻsimlik, changchi toʻpguli poya uchida roʻvak, urugʻchi toʻpguli soʻtada popuksimon boʻladi. Mevasi don. 1000 ta donining vazni 100–400 g. Soʻtasi donli zoʻgʻata, 500 tadan 1000 tagacha doni boʻladi va uni oʻrab turgan barg (gʻilof)lardan iborat, har tup oʻsimlik 1–2–3 ta, baʼzan undan koʻproq soʻta chiqaradi. Doni yirik, yumaloq, tuxumsimon yoki tishsimon, rangi va morfologik belgilariga koʻra, tishsimon, yarim tishsimon, mumsimon va qobiqli guruhlarga boʻlinadi.

Donining tarkibida 9–10% oqsil, 4–6% moy, 65–70% uglevod, V1, V2, V6, YE vitaminlari, doni sargʻish navlarida provitamin A, nikotin va pantaten kislotalar, flavonoidlar va boshqalar mavjud. Makkajoʻxori juda mahsuldor va turli maqsadlarda ishlatiladigan ekin. Makkajoʻxori doni oziq-ovqat (un, yorma, bodroq, shirin qalamchalar, makkajoʻxori moyi va boshqalar), kraxmal-patoka, pivo, spirt sanoatlarida ishlatiladi. Aralash yem ishlab chiqarish uchun xom ashyo, doni chorva mollari uchun toʻyimli ozuqa (1 kg donining toʻyimliligi 1,34 ozuqa birligiga teng), koʻk massasi (1 kg ida 13,6–14,6 g hazm boʻluvchi protein va 0,18–0,39 ozuqa birligi bor), silosi va doni bilan birga maydalab konservalangan soʻtasi qimmatli ozuqa. Makkajoʻxori poyasi, zoʻgʻatasi, qobiq bargidan qogʻoz, linoleum, viskoza, izolyasiya materiallari, sunʼiy poʻkak, kinoplyonka va boshqalar ishlab chiqariladi. Makkajoʻxori popugi tibbiyotda ishlatiladi.

Navi va tuproq-iqlim sharoitiga qarab oʻsuv davri 90–150 kun. Makkajoʻxori issiqsevar, yorugʻsevar, qurgʻoqchilikka ancha chidamli bahori ekin, tuproq harorati +10°C boʻlganda 10–12 kunda unib chiqadi. Maysalari – 2–3° sovuqqa chidaydi. Kuzda – 3° da sovuq uradi, ozuqalik sifatini pasaytiradi. 20–25°C da normal oʻsib rivojlanadi. Harorat 35° dan yuqori boʻlganda gullari yaxshi changlanmasligi mumkin (yuqori harorat va havoning quruqligi urugʻchi toʻpgullar ipakchalarini quritib qoʻyadi). Makkajoʻxorini asosiy ekin tarzida ekish uchun begona oʻtlardan toza, shoʻrlanmagan va sizot suvlari chuqur, oʻtmishdosh ekinlardan kuzgi don ekini, dukkakli don yoki bugʻdoy ekilgan yer tanlanadi.

Yer kuzda 28–30 sm chuqurlikda shudgorlanadi, gektariga 10–35 t goʻng va 60–80 kg sof fosfor hisobidan oʻgʻit solinadi. Erta bahorda boronalanadi yoki yoppasiga kultivatsiya qilinadi. Urugʻlar qator oralari 60,70, va 90 sm qilib, seyalkalarda kvadrat-uyalab yoki qatorlab 6–10 sm chuqurlikda ekiladi. Oʻsuv davrida 2 marta – birinchisida gektariga 70–80 kg azot, 60–80 kg fosfor, ikkinchisida 80–100 kg azot, 50–60 kg fosfor, 40–50 kg kaliy hisobidan oziqlantiriladi, 1–3 marta kultivatsiya qilinadi, 4–6 marta sugʻoriladi. Makkajoʻxori koʻkat yem uchun roʻvak chiqarguncha, silos uchun doni dumbul boʻlib yetilganda va doni uchun toʻla yetilganda yigʻishtiriladi.

Oʻzbekiston sharoitlarida ilgʻor xoʻjaliklarda don boʻyicha hosildorlik 50–60 s/ga, koʻk massa boʻyicha 300–600 s/ga ga boradi. Makkajoʻxorini angʻiz ekin sifatida (yozda bugʻdoydan boʻshagan maydonlarga) ham ekiladi. Oʻzbekistonda Vatan, Qorasuv 350 AMV, Oʻzbekiston tishsimon makkajoʻxorisi, Oʻzbekiston 306 AMV, Oʻzbekiston 601 YESV, Moldaviya 425 MB, Figaro, Nort va boshqa navlari hamda duragaylari ekiladi (2002).

 

Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasidan olindi.

 1,029 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.