Kunjut haqida nimalarni bilasiz?

Kunjut – kunjutdoshlar oilasiga mansub bir va ko‘p yillik o‘tsimon o‘simliklar turkumi, moyli ekin. 19 turi ma’lum. Vatani – Afrika. O‘rta Osiyoga Hindistondan olib kelingan. Dehqonchilikda bahorgi ekin bo‘lgan bir yillik madaniy turi – Hindiston kunjuti. Hindiston, Xitoy, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Afrika, Eron, O‘rta Osiyoda va boshqa mamlakatlarda ekiladi. Yer yuzida kunjut ekiladigan maydonlar 6,1 mln. ga, o‘rtacha hosildorlik 3,9 s/ga, yalpi hosil 2,9 mln.t (1999). O‘zbekistonda 1998 yikda 2,85 ming ga yerga ekilgan, sug‘oriladigan yerdarda hosildorlik 8-10 s/ga.
Kunjutning o‘q ildizi tuproqqa 1 m chuqurlikka kirib boradi. Poyasi tik o‘sadi, balandligi 50-150 sm, 4-6 ta uzun yon shoxlar chiqaradi. Bargi oddiy, bandli, yakka-yakka yoki qarama-qarshi joylashgan, tukli. Guli barg qo‘ltig‘ida 1-3 ta bo‘lib joylashgan, 5 bargli, gul-tojibarglari bir-biriga qo‘shilgan, rangi pushti, binafsha, oq, o‘zidan changlanadi. Mevasi ko‘sakcha, cho‘ziq, yassi, tukli.

Bir tupda 20-300 ko‘sakcha bo‘ladi. Ko‘sakchasi 2 yoki 4 chanoqli. O‘zagi 3-5 sm. Ko‘sakchasi pishganda qirralaridan chatnab, urug‘i sochiladi. Bitta ko‘sakchada 80 tagacha urug‘ bo‘ladi. 1000 dona urug‘i vazni 2-5 g atrofida. Urug‘ining rangi och yoki to‘q jigarrang, goho oq va qora rangda bo‘ladi. Kunjut issiqsevar, yorug‘sevar, qisqa kun o‘simligi. Urug‘i 15-16°C da unib chiqadi. Maysasi – 6°C da nobud bo‘ladi, o‘suv davrida harorat 15° dan past bo‘lsa, o‘sishdan to‘xtaydi. O‘sish davri 90-110 (120-150) kun.

Kunjut eng qimmatli moyli ekinlardan, urugi tarkibida 65% moy, 16-19% oqsil, 16-17% azotsiz moddalar mavjud. Kunjut moyi yarim quriydi, yod soni 103-112 ga teng, zaytun moyidan ham ustun turadi. Presslab olingan kunjut moyi iste’mol uchun, oziq-ovqat sanoatida, konserva va qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish, tabobat, parfyumeriyada ishlatiladi.
Afrikada bargi ovqatga solib iste’mol qilinadi. Tozalangan va maydalangan urug‘i yuqori navli holvalar (taxin holvalar) tayyorlashda, non yopishda ishlatiladi. Kunjut kunjarasida 40% oqsil, 8% moy bo‘ladi, mollarga ozuqa sifatida beriladi.
Kunjut unumdor, don-dukkakli ekinlardan bo‘shagan yerdarda mo‘l hosil beradi. Kunjut ekiladigan yerga ekishdan oldin gektariga 10-15 t to‘ng, 60-80 kg fosfor, 20-30 kg azot solinadi, yer chuqur (25-30 sm) haydaladi, kech ko‘klamda (may oyida) keng qatorlab ekiladi, qator orasi 60-70 sm, ekish chuqurligi 3-5 sm, ekish me’yori 1 ga yerga 5-6 kg urug‘ (1,5-2,0 mln. dona) ekiladi. O‘suv davrida 2-3 marta kultivatsiya qilinadi, ikki marta har gektarga 40-50 kg dan azot berib qo‘shimcha oziqlantiriladi.

Gullashiga qadar 1-2 marta, gullash davrida 2 marta suv beriladi. Kunjut pishganda sarg‘ayib barglari to‘kiladi, pastki ko‘sakchalari oldin yetiladi. Vaqtida hosil yig‘ilmasa ko‘sakchalar chatnab urug‘i to‘kilib ketadi. O‘roq mashinasida o‘rib-yig‘ib olinadi, o‘rilgan kunjut bog‘lari xirmonda quritiladi, qo‘lda yanchiladi.

Navlari: O‘zbekistonning hamma viloyatlaridagi tomorqa, dehqon va fermer xo‘jaliklarida kunjutning Toshkent 122, Seraxs 470, Kubanets 55 navlari ekiladi.

Zararkunandalari: kunjut ko‘ng‘izi, tunlamlar;

Kasalliklari: fo‘zarioz, bakterioz, gommoz.

 

Manba: «O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi».

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.