Kungaboqar yetishtirish boʻyicha maʼlumotlar

Tavsiya etiladigan navlar: SUR, Rodnik, Jahongir, Olatoʻn, Samarqand oq kungaboqari.

Urugʻlik tanlash va ekishga tayyorlash. Kungaboqar navlarining urugʻlarini orginator tashkilotlardan urugʻlik sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga asoslangan holda olish tavsiya etiladi. Mahalliy Olatoʻn va Samarqand oq kungaboqarining urugʻlarini, hosil pishib yetilgan davrda kungaboqar dalasida hosil savatlarining yirikligi, hosil savatidagi urugʻlarning bir xilligi, kasallanmaganligi va boshqa belgilari boʻyicha tanlab olinadi. Ushbu kungaboqarning hosil savatlari quruq va shabadali joyda quritiladi. Quritilgan urugʻlar hosil savatlaridan qoqib olinadi va oʻsimlik qoldiqlari, puch urugʻlardan tozalanadi.

Yerni ekishga tayyorlash. Yerni ekishga tayyorlash ishlari oʻtmishdosh oʻsimliklarni qoldiqlarini tozalashdan boshlanadi. Organik oʻgʻitlar (mol, qoʻy va tovuq goʻngi) bilan birga fosforli va kaliyli oʻgʻitlarning yillik meʼyorining 70 foizi beriladi va yer 25–30 sm chuqurlikda yumshatiladi. Bahorda yer tobiga kelganda tekislanadi. Tuproqning holatiga qarab qoʻshimcha agrotexnik tadbirlar oʻtkaziladi. Tekislanib, mayin tuproq hosil boʻlgach 70 sm kenglikda joʻyaklar olinadi.

Ekish muddati. Respublikamizning janubiy hududlarida asosiy ekin sifatida mart oyining birinchi va ikkinchi, markaziy mintaqasida joylashgan hududlarida esa mart oyining uchinchi – aprelning birinchi oʻn kunligida ekish tavsiya etiladi.

Yozgi muddatda janubiy hududlarida 15-iyungacha, markaziy mintaqada joylashgan hududlarda esa 5-10 iyungacha ekish yaxshi samara beradi.

Ekish meʼyori va sxemasi. Urugʻlarning yirikligiga bogʻliq holda 10 sotixga 6-9 kg, 70×30 sm koʻchat qalinligida ekish tavsiya etiladi.

Parvarishlash. Kungaboqarning yaxshi oʻsib-rivojlanishi uchun ekin qator oralarini yumshatish, yaganalashni oʻz vaqtida (3-4 chinbarglar shakllanganda) amalga oshirish va begona oʻtlarni yoʻqotish juda ham muhimdir.

Sugʻorish. Kungaboqar suvsizlikka chidamli oʻsimlik boʻlsada, yuqori hosil yetishtirish uchun urugʻ suvidan tashqari ikki-uch marta sugʻorish tavsiya etiladi.

Oʻgʻitlash. Kungaboqar organik moddalarga boy tuproqlarda yaxshi rivojlanadi. Ekishdan oldin fosforli oʻgʻitning qolgan 30 foizi beriladi. Kungaboqar dalalarida birinchi oziqlantirish koʻchatlar toʻla unib chiqqandan keyin 10 sotixga sof holdagi azot 30 kg, ikkinchi oziqlantirish esa, gullash davrining boshlanishida 50 kg hisobida beriladi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Respublikamiz sharoitida kungaboqarning oq va kulrang chirish kasalliklari keng tarqalgan boʻlib, hosildorlikning 50–60 foizgacha pasayib ketishiga olib keladi. Ushbu kasallik hosil pishib yetilishiga 20–30 kun qolganda avj oladi. Kasallikning oldini olishda yerni toʻgʻri tanlash (oxirgi 4–5 yilda kungaboqar ekilmagan boʻlishi) lozim. Kungaboqar zararkunandalariga qarshi entomofaglardan oltinkoʻz lichinkasi gektariga 1000 donadan, katta yoshdagi qurtlariga qarshi brakon entomofagini gektariga 1000 donadan dalaga chiqarish tavsiya etiladi.

Hosilni yigʻishtirish. Hosil savatlarining orqa tarafi toʻq jigarrang tusga kirganda yigʻib olinadi. Yigʻib olingan savatlar quruq va shabadali joyda quritiladi. Quritilgan urugʻlar hosil savatlaridan qoqib olinadi va oʻsimlik qoldiqlari, puch urugʻlardan tozalanadi.

Savatlarni maydalab yoki yanchib, mollarga oziq sifatida berish mumkin. Uning 1 kilogrammi 0,8 ozuqa birligiga teng. Koʻk poyalaridan silos bostiriladi, qurigan poyalari yoqilgʻi sifatida ishlatiladi.

 

Manba: mehnat.uz

 1,452 marta ko‘rilgan,  9 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.