Joʻxori takroriy ekin sifatida qanday yetishtiriladi?

Ekish uchun tavsiya etilgan navlar: Qorabosh, Daulet, Oʻzbekiston-5 va h. k.

Urugʻ tanlash va ekishga tayyorlash. Ekiladigan joʻxori urugʻi toza, yuqori unuvchan, kasallik yuqmagan, oʻrtacha kattalikda, butun (sinmagan), vazndor tekis (zararlanmagan) boʻlishi zarur. Urugʻlar boshqa oʻsimliklar urugʻlari va aralashmalaridan tozalanadi. Urugʻlik ekish oldidan ilmiliq suvda 10-12 soat ivitib qoʻyiladi.

Yer tayyorlash. Maydon oʻtmishdosh oʻsimliklar qoldiqlari va begona oʻtlardan tozalanadi. 1 sotixga 250-300 kg (10 sotixga 2,5-3 t) toza, chirigan goʻng solinadi. Yer kamida 18-20 sm chuqurlikda yumshatilgach, yirik kesaklar maydalanadi va yer tekislanadi.

Ekish muddati. Ekish ishlari shimoliy va markaziy iqlim mintaqalarida 20 iyundan 20 iyulgacha, janubiy mintaqalarda 1 iyuldan 30 iyulgacha amalga oshiriladi.

Ekish meʼyori va sxemasi. Urugʻ don uchun 60×17×1 (60 sm – qator orasining kengligi, 17 sm – uyalar orasi, 1 dona – uyadagi urugʻ soni), 70×14×1,90×11×1, koʻk massa uchun 60×11×1,70×9×1,90×7×1 sxemalarda har sotixga 100-120 g (10 sotixga 1-1,2 kg)joʻxori urugʻi sarflab ekiladi. Oʻsimlik unib chiqqandan soʻng quyuq joylari yagana qilib olib tashlanadi.

Parvarishlash. Joʻxori oʻsimliklari don uchun birinchi marta birinchi oʻgʻitdan soʻng, ikkinchi marta ikkinchi oʻgʻitdan soʻng va uchinchi marta esa sut-mum pishish davrida, koʻk massa uchun birinchi oʻgʻitdan soʻng, ikkinchi marta koʻk poya oʻrilib, qoʻshimcha oʻgʻitlangandan soʻng sugʻoriladi. Agarda yer qumloq boʻlsa tuproq va oʻsimlikning holatiga qarab qoʻshimcha sugʻoriladi.

Qator oralarini yumshatish: oʻsimliklar unib chiqib, 5-6 chinbarg hosil qilgach, har bir qator orasi 6-8 sm chuqurlikda chopiladi. Keyingi chopiq oʻsimliklar 8-10 barg hosil qilganda 8-10 sm chuqurlikda oʻtkaziladi.

Chopiq oldidan fosforli mineral oʻgʻit sotigʻiga 0,9 kg, kaliyli oʻgʻit 0,6 kg meʼyorida solinadi. Oʻsimlik 5-6 ta chinbarg chiqarganda 1,5 kg, 10-12 ta chinbarg chiqarganda ham 1,5 kg azotli oʻgʻit bilan oziqlantiriladi.

Hosilni yigʻishtirish. Poyalar roʻvaklash davrida yer ustidan 5-10 sm qoldirilib, koʻk massa uchun qoʻl kuchi yordamida oʻrib olinadi.

 

I. Massino

 

Manba: agro.uz

 615 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

1 ta mulohaza

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.