Ertagi ekinlarni ekish va parvarishlash boʻyicha tavsiyalar

Ertagi sabzavotlarning bir qismini dastlabki oʻsuv davrida shaffof plyonka ostida parvarishlash nihollarning barvaqt paydo boʻlishi va hosili oddiy usulga nisbatan kamida 15-20 kun barvaqt pishib yetilishini taʼminlaydi. Shu bilan birga, plyonkadan foydalanilganda kechikib ekilgan sabzavotlarning rivojini jadallashtirishga imkon beradi.

Koʻchati orqali koʻp yetishtiriladigan issiqsevar sabzavotlardan pomidor, shirin qalampir, baqlajon ekinlarini koʻchat qilish ishlari koʻchatxonalarda davom ettiriladi. Nihollar 2-3 barg chiqarganda orasi 5×6 sm qilib koʻchirib oʻtqaziladi. Koʻchirib oʻtqazilgan koʻchatlar 10-12 kundan soʻng birinchi oziqlantiriladi. Bunda 10 l suvda 5 g ammoniy sulfat yoki karbamid, 40 g superfosfat yoki ammofos va 10 g kaliy oʻgʻitlari eritilib, barg ustidan beriladi. 6-7 kundan keyin ikkinchi marotaba yuqoridagi miqdor ikki marotaba koʻpaytirib oziqlantiriladi. Uchinchi oziqlantirish koʻchatlarni ochiq dalaga ekishdan 4-5 kun oldin amalga oshiriladi.

Koʻchatlarni parvarishlashda koʻchatxona harorati va tuproq namligiga katta eʼtibor qaratish lozim. Koʻchatxonada havo harorati yuqori boʻlsa tuproqdagi namlik tez bugʻlanib ketishi mumkin.

Mamlakatimizning markaziy mintaqasida joylashgan viloyatlardagi sabzavotchilik xoʻjaliklarida ertagi ekinlarni ekish 20-fevraldan 20-martgacha, janubiy mintaqalarda bu muddatdan 15-20 kun ilgariroq, shimoliy mintaqalarda esa 15-25 kun keyinroq, amala oshiriladi. Bu muddatda karam koʻchatlari, piyoz, sabzi, redis, koʻkat sabzavotlar (ukrop, kashnich, petrushka, salat) urugʻlari hamda urugʻlik kartoshka tuganaklari ekiladi. Plyonka ostiga urugʻ ekish va koʻchat oʻtqazish ochiq yerdagiga nisbatan ancha ertaroq boshlanadi. Pomidor, shirin qalampir va baqlajon singari issiqsevar oʻsimlik koʻchatlari martning 2-yarmidan ekila boshlanadi.

Ertagi karam koʻchatlari respublikamizning markaziy mintaqalarida 10-martgacha, shimoliy mintaqalarida 30-martgacha ekiladi. Dalaga ekish uchun 40-45 kunlik, barglari toʻq yashil, ildizlari durkun rivojlangan, sogʻlom koʻchatlar tanlab olinib, 70×25 (30) sm sxemada ekiladi. Koʻchatlar ekib boʻlgandan soʻng tuproq namligiga eʼtibor qaratish, talab etilsa sugʻorish lozim. Oradan 2-3 kun oʻtgach egatlar koʻzdan kechirilib, nobud boʻlgan yoki qurib qolish ehtimoli boʻlgan joylarga qaytadan koʻchat ekiladi. Egatlarning oralarini KRN-2,8A rusumli kultivator bilan 15-16 sm chuqurlikda kultivasiya qilinib, oʻsimliklar atrofi yumshatiladi, maʼdanli oʻgʻitlar bilan oziqlantiriladi va sugʻoriladi.

Ertagi piyoz 2-3 marta, dastlab oʻsimliklarning boʻyi 6-8 sm ga yetganda, ikkinchi marta bogʻlab chiqariladigan tovar holiga kelganda oʻtoq va yagana qilinadi. Qator oralarini yumshatish va begona oʻtlarni yoʻqotish maqsadida KRN-2,8A rusumli kultivator bilan 15-16 sm chuqurlikda ishlov beriladi.

Bahorgi sabzi urugʻi respublikamizning janubiy viloyatlarida 15-28 fevral, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 1-15 mart, shimoliy mintaqlarida 15-30 martda sepiladi. Urugʻ sarfi gektariga 3-5 kg. Parvarishlash jarayonidagi eng muhim masalalardan biri bu – nihollarni bir tekis undirib olish hisoblanadi. Namlik maromida boʻlganda nihollar 10-12 kunda unib chiqadi.

Nihollar unib chiqishi bilan darhol begona oʻtlarni oʻtash va yaganalashga kirishish lozim. Sabzi ikki marta oʻtaladi: dastlabkisi sabzi bitta chinbarg chiqarganda, keyingisi esa 3-4 barg chiqarganda. Har oʻtoq davomida yagana ham qilib boriladi. Begona oʻtlarni yoʻqotish uchun gerbisidlardan foydalanish qoʻl keladi. Koʻp yillik boshoqli begona oʻtlarga qarshi 10,5 foizli “Zellik Super” 1 l/ga meʼyorda sepiladi. Bir yillik begona oʻtlarga qarshi esa urugʻ ekishdan oldin 50 foizli “Gezagard” – 2-3 kg/ga, 20 foizli “Nabu” – 1,5 kg/ga meʼyorda begona oʻtlar 1-2 ta chinbarg chiqarganda, 12,5 foizli “Fyuzilad Super” preparati 1-2 kg/ga hisobida begona oʻtlar 2-4 ta chinbarg chiqargan vaqtida purkash yaxshi samara beradi.

Pomidor, shirin qalampir va baqlajonni urugʻidan yetishtirish uchun urugʻlarini ochiq maydonlarga ekish ishlari ob-havo sharoitiga qarab mart oyining 3-oʻn kunligida amalga oshiriladi. Buning uchun maydonlarni tayyorlash ishlari oʻta sifatli bajarilishi lozim. Kuz oylarida 30-40 sm chuqurlikda shudgor qilingan maydonlar mart oyida ikki marta chizellanadi va molalanadi. Shundan soʻng 70 sm oraligʻida KRN-2.8A, KON-2.8 yoki KRO-4 rusumli kultivatorlar yordamida egat olinadi.

Egat olingandan soʻng uning ustiga chirindi va fosfor-kaliy oʻgʻitlari aralashmasi lenta usulida toʻshab chiqiladi. Bu aralashma egat toʻgʻrilanganda tuproq bilan qorishib ketadi. Egatlar eni 50 sm kenglikdagi qora polietilen plyonka bilan mulchalanadi. Plyonkaning har ikki tarafidan 10 sm qismi tuproq bilan yopiladi. Plyonkani egat yuzasidagi ochiq qismini simmetriyasidan har 25-30 sm oraliqda 2-2,5 sm kenglikda teshilib 1,5-2 sm chuqurlikda pomidor, shirin qalampir va baqlajon urugʻlari ekiladi. Qora plyonka ostiga ekilgan urugʻlar erta va toʻliq unib chiqadi. Plyonka ostida bir yillik begona oʻtlarning unib chiqishi va oʻsib-rivojlanishi toʻxtaydi, tuproq yumshoq va nam holda saqlanadi. Ushbu usul qoʻllanilganda oʻsimliklarning ildiz qismi baquvvat boʻlib rivojlanadi, tuproqning chuqurroq qatlamigacha oʻsib borishi taʼminlanadi.

Ertagi kartoshka ekish ishlari respublikamizning markaziy, shimoliy va qisman janubiy mintaqalarida olib boriladi.

Erta bahorda kartoshka ekishning eng maqbul muddati: Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy va Fargʻona vodiysi viloyatlari uchun 10-martgacha; Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari uchun 1-martgacha; Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati uchun esa 20-martgacha hisoblanadi. Ekish sxemasi 70×25-30 yoki 90×25 sm, ekish chuqurligi 7-9 sm ni tashkil etishi lozim.

Erta bahorda ekish uchun kartoshkaning ertapishar “Agave”, “Sante”, “Granola”, “Zarafshon”, “Red Skarlet”, oʻrta ertapishar “Alvara”, “Arinda”, “Beluga”, “Viktoriya”, “Draga”, “Kondor”, “Karlena”, “Latona”, “Marfona”, “Pikasso” va boshqa navlari tavsiya etiladi.

Ertagi kartoshkadan oʻrtacha 20 t hosil olish uchun 25-30 t mahalliy goʻng, 200 kg azot, 170 kg fosfor, 100 kg kaliy oʻgʻiti sof holda solinadi. Bunda organik oʻgʻitning hammasi va fosforli, kaliyli oʻgʻitlarning 70 foizi haydovda berish va fosfor va kaliy oʻgʻitlarining qolgan qismi hamda azotning 50 foizi kartoshka unib chiqqandan soʻng birinchi ishlovda, azotning qolgan qismi gullashdan oldin beriladi.

Oʻsuv davrida sizot suvlari chuqur joylashgan yerlarda 7-8 marta sugʻoriladi. Sugʻorish har haftada 1 marta, hosil tuganaklari paydo boʻlishi bilan 5-6 kunda gektariga 400-500 m3 hisobida amalga oshiriladi. Har ikki sugʻorish oraligʻida qator oralari 10-12 sm chuqurlikda yumshatiladi. Bu tadbir KRN-2,8A, KON-2,8A, KXO-4 rusumli kultivator bilan kartoshka shonalaguncha amalga oshiriladi.

Ertagi muddatda barvaqt ekilib, oʻsuv davridagi barcha agrotexnika tadbirlari oʻz vaqtida amalga oshirilgan maydonlardagi kartoshka hosili ham erta yetilib, yigʻishtirib olinadi. Ushbu maydonlarni oʻz vaqtida qayta ekishga tayyorlab, takroriy sabzavot ekinlarini qulay muddatlarda ekib, ulardan moʻl hosil yetishtirishga erishiladi.

 R.Hakimov, F.Rasulov

Manba: agro.uz sayti.

 827 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.