Bugʻdoydoshlar oilasiga qanday oʻsimliklar kiradi?

Bugʻdoydoshlar (gʻalladoshlar) – bir urugʻ pallali oʻsimliklar oilasi. Bir yillik, ikki yillik yoki koʻp yillik oʻt, baʼzan buta yoki daraxtlardan tashkil topgan. Poyasi silindrsimon tik yoki yonboshlab koʻtarilib oʻsadi, boʻgʻimlarga boʻlingan, ichi gʻovak, shuning uchun u poxol yoki somon deb ham ataladi. Boʻyi 1 sm dan bir nechta oʻn m gacha boʻladi.

Baʼzilarining poyasi yogʻochlanib baland boʻlib oʻsadi (masalan: bambukning boʻyi 40 m, diametri 30 sm gacha). Barglari oddiy, ipsimon, qalami, bandsiz, navbatlashib joylashgan, qinli. Poyaning bir qismi shu barg qini ichida joylashadi. Gullari ikki jinsli, baʼzan bir jinsli, mayda, koʻrimsiz, oddiy toʻpgullarga (boshoqchalarga) yigʻilgan; bular esa murakkab toʻpgullar, shingil, roʻvak va boshqalarni hosil qiladi.

Boshoqchalari bitta yoki bir nechta, baʼzan koʻp gulli. Mevasi don, baʼzan danaksimon, yongʻoqsimon yoki rezavor. Urugʻining koʻp qismi kraxmalli endospermdan iborat.

Bugʻdoydoshlarning koʻpchiligi uzun ildiz poyali va popuk ildizli. Ularning 600 turkumi, 10000 turi maʼlum. Oʻzbekistonda 91 turkumi (270 turi) oʻsadi. Koʻpincha bugʻdoydoshlar uchta kenja oilachaga boʻlinadi. Bugʻdoydoshlar yer sharining hamma qismida keng tarqalgan, koʻpchilik turlari tropik mamlakatlarda uchraydi.

Bugʻdoydoshlar qalin oʻtzorlar, pichanzorlar, oʻtloqlar, savanna, preriy va boshqalarni hosil qiladi. Bugʻdoydoshlarga muhim madaniy don oʻsimliklaridan – bugʻdoy, sholi, makka, suli, arpa, javdar, tariq, oq joʻxori va boshqa shu kabi ekinlar hamda shakarqamish kiradi, shuning uchun ham kishilar hayotida ularning ahamiyati katta. Yovvoyi holda oʻsuvchi – oqsoʻxta, raygras, bugʻdoyiq va boshqa koʻpchilik turlari qishloq xoʻjalik hayvonlari uchun yemxashak hisoblanadi.

Bugʻdoydoshlarning baʼzi turlaridan texnik oʻsimlik sifatida foydalanib, ulardan kraxmal, spirt, qogʻoz, xushboʻy va yeyiladigan moy olinadi va qurilish materiallari, arqon, choʻtka va boshqalarni tayyorlashda foydalaniladi. Koʻpchilik turlari dorivor, baʼzilari manzarali. Koʻchma qumlarni mustahkamlash uchun ekiladigan turlari ham bor. Baʼzilari begona oʻt.

 

Manba: “Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi”.

 497 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.