Bugʻdoy haqida maʼlumot

Bugʻdoy – gʻalladoshlar oilasiga mansub oʻtsimon oʻsimliklar turkumiga kiruvchi eng qadimiy va hozirda dunyoning koʻpgina mamlakatlarida ekiladigan asosiy don ekini. Somatik hujayralarida xromosomalarning soniga koʻra farq qiladigan 3 (diploid, tetraploid, geksaploid) qatorga kiradigan 30 ga yaqin yovvoyi va madaniy turlari bor.

Jahon dehqonchiligida asosan Yumshoq bugʻdoy yoki Oddiy bugʻdoy va Qattiq bugʻdoy ekiladi. Qolgan turlari esa juda kam miqdorda ekiladi yoki butunlay ekilmaydi. Koʻpgina bugʻdoy turlari (Ararat, Maxa, Timofeyev bugʻdoyi, Urartu, Fors bugʻdoyi va boshqalar) ning vatani Zakavkazyedir.

Bugʻdoy Old va Oʻrta Osiyo mamlakatlarida miloddan avvalgi 7-6-ming yilliklarda maʼlum boʻlgan. 17-asrdan boshlab Shimoliy Amerikada ekila boshlangan. Bugʻdoy shimolda Shvetsiya, Rossiyada, janubda Avstraliya, Janubiy Amerika, Afrikaning janubiy chegaralarigacha ekiladi.

Jahonda bugʻdoy ekiladigan maydonlar 250 mln. gektarga yaqin boʻlib, yetishtiriladigan donning qariyb 30% i bugʻdoyga toʻgʻri keladi va bu oʻrtacha 360 mln.t dan ortiq deganidir. Asosiy gʻallakor mamlakatlar – Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy, AQSH, Hindiston, Kanada. Oʻzbekistonda 90-yillarning boshidan respublikaning gʻalla mustaqilligini taʼminlash uchun bugʻdoy ekiladigan maydonlar kengaytirildi (1,2 mln. ga; 1999).

Botanik tavsifi. Bugʻdoyning ildiz sistemasi popuk ildiz boʻlib, asosiy qismi yerning haydalma qatlamida rivojlanadi, ayrim ildizlar esa 180 sm gacha chuqurga kirib boradi. Poyasi – sidirgʻa boʻgʻimlarga boʻlingan somonpoya, boʻyi 40–130 sm. Bugʻdoyning yotib qolishga chidami va hosildorligi poyaning balandligiga bogʻliq. Bargi poyani nayga oʻxshab oʻrab turadigan barg qini va lenta shaklidagi barg plastinkasidan iborat. Toʻpguli koʻpgulli boshoqchalardan iborat boshoq.

Bugʻdoyda chetdan changlanish kam uchraydi, koʻproq oʻzidan changlanadi. Mevasi – don. Doni yalangʻoch (polba bugʻdoylarda pardali), ovalsimon, tuxumsimon, choʻziq yoki sharsimon shaklda, qorin tomonida uzunasiga ketgan egatchali, oq yoki qizgʻishqoʻngʻir rangli boʻladi. Boʻliqligi jihatidan yumshoq (urvoqdi) yoki qattiq (yaltiroq, qayroqi) bugʻdoy turlariga boʻlinadi. 1000 ta doni vazni 20–70 g. Yumshoq bugʻdoy boshogʻi qiltiqli va qiltiqsiz, qiltigʻi boshogʻidan kaltaroq; doni oq yoki qizgʻish, koʻndalang kesimi dumaloq, ichi asosan unsimon. Qattiq bugʻdoy boshogʻi zich, asosan qiltiqli, qiltiqlari boshogʻidan uzun va tik oʻsadi.

Xoʻjalik ahamiyati. Doni toʻyimli, tarkibida oqsil (seleksion navlarida 10–12% dan 20–25% gacha, yovvoyi turlarida 25–30% gacha), kraxmal (60–64%), shuningdek yogʻlar (2%), vitaminlar, fermentlar, mineral moddalar va boshqalar bor. Doni, kepagi va boshqa chiqindilari qimmatli yem, aralash yem sanoati uchun xom ashyo. Somoni yemxashak va toʻshama, qurilish materiali; poyasidan qogʻoz, karton, oʻrov materiali ishlab chiqariladi, savatlar, qalpoqlar toʻqish uchun ishlatiladi. Koʻk massasi molga beriladi, shuningdek silos qilinadi. Bugʻdoy donidan turli navli unlar, yorma, spirt, kraxmal va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Biologik xususiyatlari. Bugʻdoy – bir yillik oʻsimlik, har xil tur va shakllarni duragaylash yoʻli bilan koʻp yillik bugʻdoy navlari yaratilgan. Kuzgi, bahori, yarim kuzgi va kuz hamda bahorda ekilganida ham hosil beradigan (duoba) turlari ham bor. Kuzgi bugʻdoy bahorgisidan biologik jihatdan farq qiladi, sovuqqa va qurgʻoqchilikka chidamli, tuproq harorati 4–5°C boʻlganda unib chiqadi. Ayniqsa boshoqlash davrida namga talabchan. Vegetatsiya davrida kuzgi bugʻdoy uchun 2100°C, bahorgi bugʻdoy uchun kamida 1300°C samarali harorat talab etiladi. Qurgʻoqchilik hosiddorlikni pasaytiradi.

Kuzgi bugʻdoyning vegetatsiya davri kuzda 45–50, bahor – yozda 75–100 kun, bahorgi bugʻdoyniki 90–100 kunni tashkil etadi. Kuzgi bugʻdoy qor qoplami qalin boʻlganda – 35°C gacha sovuqqa chidaydi. Bahorgi bugʻdoy maysalari – 8–10°C daraja sovuqqa bardosh beradi. Kuzgi bugʻdoy hosildorligi suvli yerlarda 20–25 (ayrim hollarda 70–80) s/ga, lalmi yerlarda bahorgi bugʻdoy hosildorligi 12–18 s/ga boradi.

Agrotexnikasi. Sugʻoriladigan mintaqalarda kuzgi bugʻdoyni makkajoʻxori, gʻoʻza, kartoshka va boshqa dala ekinlaridan boʻshagan unumdor yerlarga ekish tavsiya etiladi. Nordon va shoʻrlangan tuproqda yaxshi oʻsmaydi. Ekish usuli yoppasiga qatorlab (qator orasi 12–15 sm) yoki tor qatorlab (qator orasi 7–8 sm) ekiladi. Ekish meʼyori – lalmi yerlarda gektariga 70–110 kg, sugʻoriladigan mintaqalarda gektariga 170–200 kg, ekish chuqurligi 4–6 sm; kuzgi bugʻdoy chuqurroq ekiladi, ekish meʼyori 10–15% ortiq olinadi, urugʻlik ekish oldidan saralanib, dorilanadi.

Oʻzbekistonning sugʻoriladigan sharoitida bugʻdoy ekiladigan yerga ekish oldindan 10–15 t goʻng, 40–80 kg fosfor, 40–100 kg azot, kaliy solinadi, oʻsuv davrida ham ekinzor oʻgʻitlanadi, suvli yerlarda oʻsuv davrida 2–3 marta sugʻoriladi, Oʻzbekistonda pishib yetilgan bugʻdoyzorlar yoppasiga bir yoʻla gʻalla kombaynlari bilan oʻrib-yigʻib olinadi.

Navlari. Oʻzbekistonda 1937–1996 yillarda bugʻdoy boʻyicha 6 marta (1937–61; 194464; 196065; 196375; 197080; 198085; 199095) nav almashtirildi. Bugʻdoy boʻyicha urugʻlik va yangi bugʻdoy navlarini yaratishda Milyutin (Gʻallaorol) davlat seleksiya stansiyasi 1937; hozir “Suvli yerlarda boshoqli va dukkakli ekinlar ilmiy tekshirish instituti (Andijon shaxri) ning Gʻallaorol filiali” muhim ishlarni amalga oshirdi. Sugʻoriladigan maydonlarda bugʻdoyning Qiltiqsiz (Bezostaya 1), Unumli bugʻdoy, Sete Serros, Sangzor 4, Intensiv, Yonbosh, lalmi yerlarda Qizil bugʻdoy (qadimiy jaydari nav). Qizil Shalola (Krasnovodopadskaya 210), Surxok 5688, Tezpishar va boshqa navlari ekiladi. 1995 yildan Rossiyaning Krasnodar oʻlkasi, Ukrainadan keltirib ekilayotgan Skifyanka, Yuna navlari sugʻoriladigan maydonlarda gektaridan 50–70 s hosil berish imkoniyatiga ega.

Zararkunandalari: don tunlami, gessen pashshasi, koʻkkoʻz, shved pashshasi, hasva va boshqalar.

Kasalliklari: qorakuya, qora zang, unshudring va boshqalar.

 

 

Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasidan olindi.

 5,126 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.