Bodring urug‘i qanday yetishtiriladi?

Bodringni urug‘lik uchun yetishtirayotganda, navlarning tozaligini saqlash, mo‘l hosil beruvchi, erta pishadigan urug‘ olish imkonini beradigan usullarga jiddiy rioya qilish kerak. Toza navli urug‘ olish uchun ochiq tuproqqa ekilgan har xil navli bodringlar o‘rtadagi oraliq imkoni bo‘lsa 1 km ga yaqin, bog‘lar, butalar va boshqa himoyalanish vositalari bilan o‘ralgan joyda yetishtirilganda esa, 500 m masofa bo‘lishi lozim.

Agar sara urug‘ yetishtirish maqsadingiz bo‘lsa, atrofda boshqa navdagi ekinlar bo‘lmasin. Bodringlar gullagan davrda urug‘ yetishtirilayotgan maydon atrofiga asalari uyalarini keltirib o‘rnatish maqsadga muvofiqdir. Tezpishar navlar changlangandan 8-12 kun o‘tgach, naychalar vujudga keladi, 45-50 kundan keyin esa urug‘lik bodring yetiladi.

Bodringning juda qalin bo‘lishi asosiy poyaning qattiq o‘sib ketishiga, bu esa qo‘shimcha erkaklik gullarining paydo bo‘lishiga, urug‘ hosilining pasayib ketishiga olib keladi.

Sifatli urug‘ olish uchun – bodring ekish paytida saralanadi. Dastlabki saralash tuganaklar paydo bo‘lgan davrda o‘tkazilib, nav talablariga to‘g‘ri kelmaydigan o‘simlik yulib tashlanadi. Ikkinchi saralash bodring mevalari hosil bo‘lgandan so‘ng o‘tkazilib, rangi, shakli va tashqi ko‘rinishi, tuzilishi, shuningdek tuklarining rangiga qarab farqlanib, to‘g‘ri kelmaydigani tupi bilan yulib olib tashlanadi. Chunki bunday tuplarning aksar mevalari noto‘g‘ri rivojlanadi.

Bodringlar to‘la shakllanib bo‘lgandan keyin mazkur maydondan qancha urug‘ olish mumkinligi chamalanadi. Keyin uchinchi saralash o‘tkazilib, poyada faqat sog‘lom urug‘liklar qoldiriladi. Ularning shakli, shuningdek rangi va po‘stining tusi ushbu navga xos bo‘lishi lozim. Urug‘ uchun avgust oyi boshlarida dastlabki tugilgan 2-3 ta meva qoldiriladi. Kechroq tugilgan mevalardan esa urug‘lik sifatida foydalanilmaydi.

Gibrid urug‘lar – onalik navlar otaliklari bilan tabiiy tarzda changlatilganda olinadi. Saralash kechiktirib yuborilganda o‘simlikda erkaklik gullarining ko‘payib ketishiga, navning o‘z ichida changlanishiga, gibrid urug‘larning chiqishi kamayib ketishiga olib keladi.

Onalik o‘simliklari ustunlik qiladigan navlarni ko‘p mehnat talab qiladigan gibrid urug‘lari olish usulini ishlab chiqish imkonini beradi. Hozirgi vaqtda gibridlarning onalik shakli sifatida ko‘pincha 70% dan kam bo‘lmagan ayol tipidagi o‘simlikka ega ikki uyli navlardan foydalanilmoqda. Gibrid urug‘ olish uchun ota-onalik navlarini quyidagi tarzda ekish maqsadga muvofiq:

Har 2-3 qatorga ikki uy onalik navini va bir qatorga changlatuvchi bir uyli otalik navini ekish kerak. Otalik navi urug‘i bilan kungaboqar, zig‘ir va boshqa baland o‘suvchi ekinlar qo‘shib ekilsa, bu nav ajralib turadi. Gullash boshlangach, onalik shaklining gulg‘unchalari yaxshi ajralib turadi va nav saralashi o‘tkaziladi. Otalik gulg‘unchalari bo‘lgan butun o‘simlik yulib tashlanadi. Shundagina gibrid usulida urug‘ olish mumkin.

Onalik shakli sifatida 100% onalik o‘simligiga ega belgilardan foydalanib gibrid urug‘larni olish ancha samaralidir. Bunday urug‘chilikda ayollik shakllarini tozalashga sarflanadigan harajat bo‘lmaydi, chunki barcha o‘simlikda faqat onalik gullari shakllanadi. Agar urug‘lik shakli yoki rangiga ko‘ra farqlansa, gibridlar urug‘chiligi soddalashadi. Gibridni vujudga keltirish maydonda 90%i onalik shakli, 10%i otalik shaklidan tashkil topgan urug‘ aralashmasi ekiladi.

Yig‘im-terim davrida gibrid urug‘larga ega urug‘liklarni ajratib olish oson. Urug‘likda ota-onalik bir xil rangda bo‘lsa, 3-4 qator onalik shaklidan keyin bir qator otalik shakli ekiladi.

Urug‘liklarni yig‘ib olish dastlab, onalik komponenti qatorlarida, so‘ngra changlatuvchi qatorida o‘tkaziladi. Urug‘likka mo‘ljallangan urug‘ me’yori odatdagi ekiladigan bodring urug‘iga nisbatan 5-6 kg kamroq. Bu nav uchun tozalashlar o‘tkazishni hamda saralashni yengillashtiradi, yirik urug‘lar olish imkonini beradi.

Urug‘chilik ekinlari parvarishi o‘z vaqtida va e’tibor bilan o‘tkazilishi lozim. Urug‘lik o‘simlik poyasi va bodring bandi quriy boshlaganda yig‘ib olishga tayyor bo‘ladi. Yaxshi pishgan mevalar yaxshi urug‘ beradi. Yaxshi pishgan urug‘lar tanlab olinadi. Urug‘liklar sovuq tushgunga qadar batamom terib olinishi kerak. Bu vaqtdagi saralashda navga to‘g‘ri kelmaydigan mevalar ajratib olinadi.

Urug‘liklar kichikroq uyum qilinib, pishganlari va pishmaganlari ajratiladi. Pishib yetilgan urug‘liklardan urug‘lar darhol ajratib olinadi. Pishmagan urug‘liklar esa 7-10 kun davomida yumshagunga qadar uyum holida saqlanadi. Pishib yetilganda, urug‘ning biologik va fizik sifati yaxshilanadi.

Mevadan urug‘lar qo‘lda yoki urug‘ ajratuvchi mashinada ajratib olinadi. Qo‘lda urug‘ ajratilganda, dastlab urug‘lik bodring pichoqda kesilib ikki pallaga ajratiladi va urug‘ yog‘och idishga sidirib olinadi. Ajratib olingan massa 2-3 kun davomida 20-25℃ daraja issiqlikda turib bijg‘iydi. Bu jarayonda urug‘lar shilliqdan ajraladi va elakdan o‘tkaziladi. So‘ngra urug‘ni yuvib 12-13% namlikka yetguncha quritiladi.

Urug‘ ochiq maydonda tabiiy sharoitda yupqa yoyib quritiladi. Tez-tez aralashtirib turiladi. Ob-havo noqulay bo‘lganda issiqxonada stellajga yoyib quritiladi. Bunda havo harorati 35-38℃ darajadan oshmasligi kerak.

Urug‘ yaxshi sharoit va haroratda saqlanganda 6-8 yilgacha o‘z xususiyatini yo‘qotmaydi.

 

Ne’matjon Hoshimovning “Bodring – diltortar sabzavot” qo‘llanmasidan olindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.