Baqlajon yetishtirish boʻyicha tavsiyalar

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: Avrora, Zamin F1, Feruz.

Urugʻ tanlash. Ekiladigan urugʻi toza, yuqori unuvchan, kasalliklardan holi, sinmagan, vazndor boʻlishi zarur. Urugʻlar boshqa oʻsimliklar urugʻlari va aralashmalaridan tozalanadi.

Yer tayyorlash. Urugʻ sepiladigan maydonlar oʻtmishdosh ekin qoldiqlari va begona oʻtlardan sifatli qilib tozalanadi. 1 sotixga 150-200 kg (10 sotixga 1,5-2 t) chirigan goʻng solinadi. Yer 20-25 sm chuqurlikda yumshatiladi, yirik kesaklar maydalanib, yaxshilab tekislanadi va sugʻorish egatlari olinadi.

Ekish muddati. Urugʻlar qoʻlda sepiladi. Sepilgandan urugʻlar xaskash bilan tuproqqa aralashtiriladi. Baqlajon koʻchatlarini janubiy viloyatlarda martning 3-oʻn kunligi, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda aprelning 2-3 oʻn kunligida va shimoliy mintaqalarda aprelning 3-oʻn kunligi va mayning 1-oʻn kunligida ekish tavsiya etiladi.

Parvarishlash. Oʻsimliklarga birinchi ishlov berish koʻchatlar toʻliq tutib olgach boshlanadi. Bunda egat ichi, pushta va qatordagi koʻchatlar orasining tuprogʻi yumshatiladi. Birinchi parvarishlashdan 12-15 kun oʻtgach ikkinchi suv beriladi. Tuproq yetilgach yana bir bora chopiq qilinadi. Bunda yer begona oʻtlardan tozalanadi, yumshatiladi, tuproq koʻchatning atrofiga bosiladi. Baqlajon oʻsimligi yaxshi rivojlanib, moʻl hosil berishi uchun uning ildizi joylashgan qatlam havo bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Buning uchun suv egat oralatib quyilgani maʼqul.

Oʻgʻitlash. 1 sotix maydonga 7,6 kg sulfat ammoniy, 2,6 kg ammofos, 1,6 kg kaliy xlor oʻgʻitlari beriladi. 1 kg ammofos va 0,75 kg kaliy xlor haydovdan oldin 200 kg chirigan goʻng bilan birga solinadi.

Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda oʻsuv davri mobaynida sugʻorishda har gal 1 sotixga 5-6 m3 hisobidan 18-20, sizot suvi yuza oʻtloqi va oʻtloqi-botqoq tuproqli yerlarda 12-15 marta sugʻoriladi. Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda hosil yetilguncha har 8-12 kunda, hosil yoppasiga pishganda esa 5-7 kunda sugʻoriladi. Kuz boshlangandan keyin ekin kamroq sugʻoriladi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Kolorado qoʻngʻizi oʻsimliklarga jiddiy zarar etkazadi. Bu zararkunandaga qarshi kurashda 10 sotixga preparatlardan Atilla super 10 em.k. (40 ml) yoki Karate 5% k.e. (10 ml) preparatlarini qoʻllash mumkin. Oʻrgimchakkanaga qarshi k.e. (150 ml), Omayt 57% em.k. (150 ml) yoki Nissoron 5% em.k. (30 ml), oqqanotga Mospilan 20% n.kuk. (25 ml) preparatlarini 60 litr suvda yaxshilab aralashtirib purkash tavsiya qilinadi.

Hosilni yigʻishtirish. Baqlajon texnik jihatdan yetilganda mevasi yiriklashadi, poʻsti toʻq binafsha ranga kirib, usti yaltirab turadi. Ayni shu vaqtda mevaning eti nozik, taxirsiz va urugʻi qotmagan boʻladi. Baqlajon hosili 6-7 kun oralatib bandi bilan uzib olinadi. Sovuq tushishi oldidan hosilning hammasi, jumladan, tuzlashga ketadigan mayda, pishib yetilmaganlari ham yigʻib olinadi. Pishib ketgan baqlajonning rangi oqara boshlaydi.

 

Manba: mehnat.uz sayti.

 601 marta ko‘rilgan,  3 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.