Yongʻoqni qanday tuproqqa ekkan maʼqul?

Yongʻoq koʻchatlarini kech kuzda qishki sovuqlar tushishidan oldin ekish yaxshi natija beradi. Chunki bu koʻchatlarning ildizi tuproq bilan yaxshi birikib, bahor kelishi bilan oson va yaxshi koʻkaradi. Bahorgi ekish ishlarini esa ertaroq bajargan maʼqul hisoblanadi.

Yongʻoq respublikmizning deyarli barcha hududlarida oʻstiriladi. Yongʻoqning ildizi 4-5 m dan ham chuqurroqqa kirib boradi. Shuning uchun dengiz sathidan 1800 m balandlikda joylashgan quruq tuproqlarda ham bemalol oʻsadi. Yongʻoqning ildizi odatda shox-shabbasining hajmiga mos keladi yaʼni u egallagan kenglikda tarqaladi.

Yongʻoq oʻstirish uchun Toshkent viloyatining Parkent, Boʻstonliq, Ohangaron tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Shahrisabz, Kitob tumanlari, Surxondaryo viloyatining Boysun, Denov tumanlari, Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, Gʻallaorol, Zomin tumanlari va boshqa viloyatlarning togʻli va togʻ yonbagʻirlaridagi hududlari eng maqbul yerlar hisoblanadi.

Yongʻoq bogʻlari yaratishdan oldin imkon boʻlsa yerni 50-60 sm chuqurlikda pluglanib, tekislanib, ishlov beriladi. Soʻngra koʻchat oralari qanday boʻlishi rejalanib, koʻchatlar ekiladi. Bunda koʻchat uchun 50-60 sm boʻlgan chuqurchalar qaziladi. Koʻchat oralaridagi masofa 10×10,10×8,8×8 kabi boʻlishi mumkin. Baʼzi payvandlangan va sekin oʻsuvchi navlarni esa 6×8 sxemada ham ekish mumkin.

Kuzda koʻchatlar ekilgandan soʻng, yosh koʻchatlar ildizini qishki sovuqlardan himoya qilish uchun. Nihol atrofiga chirigan goʻng solib, mulchalab qoʻyiladi. Darstlabki yillarda asosan ildizi jadal rivojlanib, 4-5 m ga yetadi. Yon ildizlari esa popuk ildizlardan iborat. Shuning uchun yongʻoq koʻchatini 2-3 joyga koʻchirish yaxshi emas.

Yongʻoq oʻsishi uchun oʻta koʻp eʼtibor talab etmaydi. Shuning uchun uni toshloq yerlarda ham oʻstirish mumkin. Yongʻoq daraxtining ertapishar navlari 2-3 yilda, baʼzilari esa kechroq 8-10 yilda hosilga kiradi. Payvandlangan navlari esa oldinroq 4-5 yilda hosil bera boshlaydi.

Kuchli oʻsuvchi navlarning boʻyi 25-30 metrgacha, yoʻgʻonligi esa 1,5-2 metrgacha boradi. Yongʻoq aprel oyining oxiri va may oyining boshlarida gullaydi. Asosan chetdan changlanadi. Chunki, baʼzi bir navlarda otalik gullari oldinroq, onalik gullari esa keyinroq rivojlanadi. Baʼzi navlarda esa buning aksi kuzatiladi.

Daraxti –25°С sovuqqa bardosh beradi. Havo harorati bundan tushib ketgan holda esa shox va novdalarini sovuq uradi. Baʼzi yillari sovuq urishi natijasida daraxt tanasining qalin qismi va yoʻgʻon shoxlarigina omon qolishi mumkin. Bunday yillarda quruq shoxchalarni kesib tashlashga shoshilmaslik kerak. Chunki, saratongacha yangi novdalar oʻsib chiqadi. Keyingi yildan boshlab bu novdalardan hosil olish mumkin. Sovuq urgan novdalar oʻsmaydi, oʻsganda ham shu yilda meva qilmaydi.

Yongʻoq uzoq umr koʻruvchi mevali daraxt hisoblanib, 400-500 yil umr koʻradi. Moʻl hosil berganda bir tupidan 150-200 kg va undan ham ortiq hosil olish mumkin.

Yongʻoqzorlarga har yili sof holdagi 90-120 kg azot (bahorda), 60-90 kg fosfor oʻgʻitlari (kuzda) solinishi kerak. 2-3 yilda esa gektariga 30-40 t goʻng solish ham mumkin. Sugʻoriladigan maydonlarda oʻsuv davri davomida 6-7 marta sugʻoriladi. Hosili avgust-sentabr oylarida yigʻib olinadi.

 

Odiljon Yakubov tayyorladi.

 1,540 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.