Pista qachon moʻl hosil beradi?

Uzun tumanidagi Bobotogʻ davlat oʻrmon xoʻjaligi yerlarida 30 ming gektarda pista plantatsiyalari tashkil etiladi. Uning 2,5 ming gektari joriy yilda, qolgani 2020 yilgacha tayyor boʻladi. 2 ming ish oʻrni yaratiladi. 

Qayd etish joizki, Surxondaryo viloyatining togʻ va togʻ oldi hududlarida foydalanilmaydigan yer maydonlarida har yili oʻrtacha 350 gektargacha pistazorlar barpo etishga moʻljallanmoqda.

Shu kunlarda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Bobotogʻda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va FAO bilan birga amalga oshirayotgan loyihalari doirasida pistachilikni rivojlantirish, mavjud pista daraxtlarini hosildorligini oshirish va payvand qilish boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazmoqda.

Mazkur seminarda oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashgan Turkiyaning Gaziantep pistachilik instituti olimi Mexmet Uzun bizga oʻz taassurotlarini soʻzlab berdi.

“Biz Bobotogʻdagi mavjud 30 gektar pistazorni aylanib koʻrdik. Bu yerdagi daraxtlarning yarimidan koʻpi erkak navlar. Ularni ilmiy jihatdan kuzatib, erta va kech gullaydiganlarini aniqlab, payvand qilish kerak. Faqatgina novdani kurtak payvand qilishga yaraydigan holatga keltirish uchun daraxt kamida uch yoshda boʻlishi kerak. Ana shunda ulardan hosil olsa boʻladi. Bunga sabab, pista ikki uyli, yaʼni, uning erkak va ona navlari boʻladi. Buni oldindan aniqlash zarur, chunki erkak navlar hosil bermaydi, biroq ona navlar ham ularsiz meva tugmaydi.

Bizda pista daraxtlari madaniy tarzda parvarishlanadi. Daraxtni butab, unga agrotexnik ishlov beramiz. Pista birinchi yillarda, sekin rivojlanadi. Buni sugʻorish yoʻli bilan tezlashtirish mumkin. Bu borada muvaffaqiyatga erishish uchun pistaning oʻziga xos xususiyatlarini bilish zarur. Birinchidan, tuproq shoʻrlanmagan, yer osti suvlari kamida uch metr pastda joylashgan boʻlishi lozim. Ikkinchidan, pista yorugʻsevar ekin boʻlgani uchun salqin joylarda oʻstirish befoyda. Ekishda oʻnta ona navga bittadan erkak nav toʻgʻri kelishi inobatga olinadi. Erkak navlarni doimo shabada esib turadigan tomonga ekamiz. Bu kabi qoidalarga amal qilib, eng sifatli va moʻl pista hosilini yetishtiramiz. Undan yaxshigina daromad ham koʻramiz.

Oʻzbekistonda esa pista koʻchatlariga hech qanday ishlov berilmas ekan. Ekilgan koʻchatlar oʻz holiga tashlab qoʻyilgani bois kam hosil berar ekan. Albatta, parvarish boʻlmagandan keyin natija ham shunga yarasha boʻladi-da”.

Daraxtlar yetti yilda nishona koʻrsatsada, ming yoshgacha meva beradi. Xandon pista yuqori diyetik mahsulot boʻlib, magʻizida 49 foizdan 60 foizgacha moy, 15-20 foiz oqsil, 3-8 foiz qand va boshqa mikroelementlar mavjud. Mevasi nafaqat ichki, balki jahon bozorida ham yuqori baholanadi.

Bir necha kundan buyon biz sohaga qiziqayotganlar bilan uchrashib, maxsus ishlov berish va payvand qilish sirlarini oʻrgatayapmiz. Agar barcha agrotexnik tadbirlar bizning tavsiyalarimiz asosida oʻz vaqtida bajarilsa, hozirda 100 gramm hosil berayotgan 20 yoshdagi daraxt keyingi yil 3 kilogramm undan keyin yana koʻproq hosil bera boshlaydi. Shu tariqa hosildorlik yildan yilga bitta daraxtda 30 kilogrammdan oshadi.

Oʻrmonchilik mutaxassislarning aytishicha, bir gektar yerda 150-180 ta pista daraxti ekish mumkin. +50°C issiqqa va -41°C darajagacha sovuqqa chidaydi. Hosildor nav boʻlsa va toʻliq hosilga kirsa, bitta daraxt 100 kilogrammdan ortiq hosil berar ekan. Endi oʻzingiz oʻylab koʻring: hosil yaxshi boʻlganda yiliga oʻrtacha 100 milliondan ortiq daromad koʻrish mumkin.

 

Manba: agro.uz sayti.

 1,552 marta ko‘rilgan,  6 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.