Nok necha yilda hosilga kiradi?

Nok – ra’noguldoshlar oilasiga mansub barg to‘kuvchi daraxtlar yoki butalar turkumiga kiruvchi mevali daraxt. Yevrosiyoning mo‘tadil va subtropik mintaqalari (Sharqiy va Kichik Osiyo, Kavkaz, Janubiy Yevropa) da 60 ga yaqin turi uchraydi.

O‘rta Osiyo, Rossiyaning janubi, Uzoq Sharq, Ukraina, Belorussiya, Boltiqbo‘yi, Moldaviyada 40 ga yaqin turi o‘sadi. Nok qadimiy madaniy o‘simlik. Dastlab Eron va Armanistonda madaniylashtirilgan degan taxminlar bor. Yevropa mamlakatlari, Amerikaning mo‘tadil iqlimli hududlari (ayniqsa, AQSH) da, Afrika, Avstraliya, Janubiy, Sharqiy Osiyoda ko‘p ekiladi. Dunyo bo‘yicha urug‘li mevalilar ichida (ekilgan maydoni jihatidan olmadan keyin) 2-o‘rinda turadi.

Xitoy, Italiya, AQSH, Ispaniya, Turkiyada nokzorlar ko‘p. Nokning madaniy navlari oddiy nok yoki o‘rmon noki, qor nok, Buasye noki, Korjinskiy noki, qumokdi yoki kechki nok ussuriya noki va boshqa turlarga mansub. Nokning oddiy yoki o‘rmon nok turi keng tarqalgan. O‘zbekistonda Korjinskiy noki murut, olmurut, turkman noki tog‘ yon bag‘irlarida yovvoyi holda o‘sadi.

Nok daraxti 50-300 yilgacha yashaydi, bo‘yi 15-20 m ga yetadi, shox-shabbasi ixcham, piramida shaklida. Nok yorug‘sevar, qurg‘oqchilikka va sovuqqa o‘rtacha chidamli. Nok qumli, sho‘rlangan yerlardan boshqa hamma joyda yaxshi o‘sadi. Ildizi kam tarmoqli o‘q ildiz, asosiy qismi tuproqning 20-80 sm qatlamida joylashadi. Barglari tuxumsimon, tuksiz, yashil, yaltiroq, cheti arra tishli. Gullari oq, ba’zan pushti yoki qizil. Mevasi turli shaklda, vazni 25-300 g, ba’zan 500-700 g, rangi sariq, yashil, pushti, zarg‘aldoq va boshqalar.

Mevasi yangiligida yeyiladi, qoqi, jem, kompot, murabbo qilinadi. Tarkibida o‘rtacha 80% suv, 10,4% kand, 0,3% organik kislotalar, 0,03% oshlovchi moddalar, 2,6% kletchatka, 0,4% azotli moddalar, V, S vitaminlari, A provitamini bor. Asalshirali daraxt, ayrim turlari yog‘ochidan musiqa asboblari yasaladi.

Nok payvandlash yo‘li bilan ko‘paytiriladi. Payvandtag yovvoyi nok yoki behi urug‘larini o‘stirib tayyorlanadi. Nokzorlar ikki yillik ko‘chatlardan barpo etiladi. Kuchli payvandtagga ulanganlari 8×6,7×6 m, pakana payvandtagga ulanganlari esa 6×4 m, 3,5×2,5 m sxemada ekiladi. Ko‘pchilik nok navlari qo‘shimcha changlanishni talab etadi. Shu sababli changlovchi navlar aralash ekiladi.

Ko‘chati o‘tqazilgach, 5-6-yili hosilga kiradi, 20-25-yilda to‘liq hosil beradi. Naviga, parvarish qilinishiga qarab hosildorligi 100-250 s/ga.

Kuzda yoki erta bahorda organik va mineral o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlanadi, o‘suv davrida oziqlantiriladi, sug‘oriladi, qator va tup oralari kultivatsiya qilinadi.

Asosiy navlari: jahon bo‘yicha nokning 5 mingdan ortiq navlari bor. R. R. Shreder nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik institutida 20-asrning 50-yillaridan boshlab ko‘pgina nok navlari chiqarilgan va O‘zbekistonda 40 ga yaqin mahalliy va seleksiya navlari rayonlashtirilgan.

Sanoat bog‘dorchiligida yozgi (Vilyame, Lyubimitsa Klappa va boshqalar), kuzgi (Ra’no, Bere-Bosk, Zuhra, Sovg‘a, Lesnaya krasavitsa va boshqalar), qishki (Kulala, Dilafro‘z, Kyure, Toshkent noki, Olivye de Serr va b.) navlari ekiladi.

Zararkunandalari: nok va olma qurti, nok biti, nok kanasi va boshqalar.

Kasalliklari – kalmaraz, un-shudring, chirish va boshqalar.

 

 

Manba: O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.