Nima sababdan mevali daraxtlar meva qilmaydi?

Mevali daraxtlar ekilgandan soʻng turiga va shakl berish usuliga qarab, odatda, 2 va 5 yosh orasida meva qila boshlaydi. Danakli meva daraxtlarining aksari yaxshi parvarishlanganda 2 yoki 3 yoshdan mevaga kiradi. Gilos daraxti 3-4 yosh, olma daraxti 2 yoshdan 4 yoshgacha va nok daraxti esa 3-5 yosh orasida mevaga kiradi. Mevalarning hosil boʻlishida changlanish, sugʻorish va daraxtlarni toʻgʻri oʻgitlash katta oʻrin tutadi.

Daraxtlarda quyidagi oʻzgarishlarni kuzatish juda muhimdir: daraxtlar umuman gullamasligi, gullab meva tugmasligi yoki gullab meva tugsada, lekin barcha meva terimdan oldin toʻkilib ketishi mumkin.

Agar daraxtingiz umuman gullamagan boʻlsa va yuqorida aytib oʻtgan yoshdan oʻtgan boʻlsa, siz juda koʻp shoxlarni kesib yuboryapsiz. Koʻplab mevali daraxtlar meva qiluvchi shoxchalarni yoki uzun novdalarni (masalan, shaftoli daraxti singari) rivojlanishini talab etadi. Shu sababli, bir yillik shoxchalarni va novdalarni kesib tashlamaslik kerak. Bundan tashqari, ushbu meva beruvchi shoxchalar va novdalarga yetarli quyosh nurlarini, yozda daraxt oʻrtasidagi novdalarni kesish orqali, tushishini taʼminlash zarur.

Quyosh nurini yetarli boʻlmasligi natijasida mevali shoxlar rivojlanmaydi. Mevali daraxt uchun, bir kunda kamida 6 soat kuyosh nuri tushishi zarur. Agar daraxtni bir necha yil toʻgʻri kesganingizdan keyin xam gullamasa, u daraxtga boshqa nav payvand qiling yoki oʻrniga yangi daraxt oʻtqazing.

Daraxt gullasa ammo kam xosil qilsa, buning asosiy sababi changlantiruvchi navning yoʻqligi boʻlishi mumkin. Yana boshqa sabab, gullash davridagi sovuq xavo boʻlishi ham mumkin. Sovuq havo boʻlganda daraxtlarni changlatishda qatnashuvchi xasharotlar harakati sustlashadi. Past harorat tabiiy changlanish jarayoniga salbiy taʼsir oʻtkazadi. Ob-havoning noqulay kelishi erta gullovchi bodom va olxoʻri daraxtlarining gullashiga ham yomon taʼsir oʻtkazadi. Daraxtlarda azot yetishmovchiligi ham kam meva boʻlishiga olib kelishi mumkin. Agar, daraxtlarda azot yetishmovchiligi maʼlum boʻlsa, daraxtlarni qishga zaxira yigʻishlari uchun azotni yozda bering. Zaxira qilingan azot bahorda daraxtlarni gullashi uchun sarflanadi.

Daraxt gullab yaxshi meva qilgan boʻlsa, ammo meva yetilmay toʻkilib ketsa, quyidagilarning biri bunga sabab boʻlishi mumkin. Ayrim vaqtlarda meva hosil boʻlganga oʻxshaydi, lekin aprel oyida toʻkiladi. Buning sababi, daraxtning yaxshi changlanmaganligi xisoblanadi. Har qanday daraxt sogʻlomligi uchun taʼsir etuvchi omillar meva toʻkilishiga sabab boʻlishi mumkin. Masalan, yoz mavsumida suvning ortiqcha yoki kam boʻlishi mevaning nobud boʻlishiga va barglarning sargʻayib toʻkilishiga ham olib kelishi mumkin. Tuproqning zichlashishi, daraxtning quyosh nurlaridan zararlanishi, daraxtlarga zararli hasharotlar tushishi va turli kasalliklar (un shudring, kulrang chirish) zarari natijasida daraxtlar oʻsib rivojlanishi uchun noqulay holatga tushgan boʻlsa ham, mevalar toʻkilib ketishi mumkin.

 

Manba: “Mevali daraxtlarga shakl berish, kesish va payvandlash” (B.Gʻulomov, Sh.Abrorov, I.Normuratov, “Fan” nashriyoti, Toshkent – 2011) qoʻllanmasi.

 493 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.