Mevali daraxtlar gullashi va barg chiqarishi kechikishining sababi nima?

Tinim davrida daraxtlar yoz mavsumidagi zaxirani oz miqdordan sarflaydi. Daraxt tanasida zaxira boʻlgan shakar qish mavsumida parchalanadi va daraxt boʻylab tarqaladi.

Bu suyuqlik daraxtni “antifriz” sifatida qish sovugʻida zararlanishdan saqlaydi. Daraxt qish davomida saqlanishi uchun kuzda be­rilgan yoki yomgʻirdan olingan suv juda muhimdir. Shuningdek, daraxtlar bahorda oʻsishga kirishishlari va faol gullashlari uchun tinim davrida maʼlum bir sovuq harorat yigʻindisini olishlari muhim hisoblanadi.

Bu narsa har bir mevali daraxt naviga bogʻliq holda turlicha boʻlishi mumkin. Subtropik mintaqalarda shaftoli daraxtini yetishtirishdagi asosiy muammolardan biri bu – shaftoli navlarining sovuq haroratga boʻlgan talabini yuqoriligidir. Chunki, bunday mintaqalarda qishki oʻrtacha harorat 5 ˚C ni tashkil etishi mumkin va bu paytda daraxt qishki uyqudan uygʻonishi uchun yetarlicha sovuq harorat yigʻindisini olishi za­rur.

Shuning uchun, subtropik mintaqalarda sovuq harorat yigʻindisi tushunchasi juda muhim hisoblanadi. Sovuq harorat yigʻindisi, harorat 7 ˚C dan past boʻlganda hisoblanadi. Masalan, 7 ˚C dan past harorat qish mavsumida bir kunda 15 soat boʻlgan boʻlishi mumkin. Agar qish iliq kelsa va sovuq harorat yigʻindisi yetarli boʻlmasa, mevali daraxtlar kech novda chiqaradi va gullaydi, gullash muddati uzayadi va natijada hosil kamayadi.

Gullash muddatining uzayishi va noqulay ob-havo meva gullari bilan bogʻlik kasalliklarni keltirib chiqaradi. Respublikamizning janubiy viloyatlarida sovuq harorat yigʻindisini kam talab etuvchi shaftoli navlarini yetishtirish, mevalarni erta yetilishiga olib keladi.

Bogʻni tashkil etish: Shimol-janub yoʻnalishida ekilgan daraxtlar quyosh nurini juda yaxshi oʻzlashtiradi. Ekish sxemasi oʻtkazilayotgan mevali daraxtni kuchli oʻsadigan payvandtakka ulanganligi va tuproqning unumdorligiga ham bogʻliq.

Unumdor tuproqlarda kuchsiz oʻsadigan pay­vandtakka ulangan navlarni ekish va daraxtlar sonini oshirish mumkin. Aksincha, unumdorligi past tuproqlarda esa kuchli oʻsadigan payvandtakka ulangan navlarni zich ekish orqali koʻp hosil olishga erishish mumkin.

Bogʻdorchilikda simbagʻazda oʻstirilmaydigan danakli meva daraxtlariga shakl berishning 4 usuli keng qoʻllaniladi. Bular vazasimon, markaziy lider, parallel-V va perpendikulyar-V usullari hisoblanadi. Bogʻdagi daraxtlar shimol-janub yoʻnalishida joylashishi juda muhimdir.

Mevali daraxtlar simbagʻazda oʻstirilganda hosildorlik yuqori boʻladi. Chunki bunda daraxtning barcha qismiga quyosh nuri yetib boradi.

 

Manba: “Mevali daraxtlarga shakl berish, kesish va payvandlash” (B.Gʻulomov, Sh.Abrorov, I.Normuratov, “Fan” nashriyoti, Toshkent – 2011) qoʻllanmasi.

 238 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.