Limon koʻchatini ekish va parvarishlash boʻyicha tavsiyalar

Sitrus oʻsimliklari normal oʻsib rivojlanishi va moʻl hosil berishi uchun 4000°C dan ortiq foydali harorat yigʻindisini talab qiladi. Ilmiy-tadqiqotlar va ilgʻor xoʻjaliklar tajribasi shuni koʻrsatdiki, sugʻoriladigan hududda limonning “meyer” navidan sifatli, moʻl va muntazam hosil olinmoqda.

Bu nav boʻyi nisbatan kichikligi va erta hosil bera boshlashi bilan boshqalardan ajralib turadi. Koʻchati oʻtqazilganidan 2 yildan soʻng hosilga kiradi. Mahalliy sharoitga koʻproq moslashgan, biroq sovuqqa chidamli boʻlmaganligi bois issiqxonalarda oʻstirilmoqda.

Yaxshi parvarish qilinganda har tupidan 400-500 tagacha limon mevasini olish mumkin. Issiqxonalarda sutkalik oʻrtacha harorat 10°C dan yuqori boʻlganida limon novdasi oʻsa boshlaydi. Sutkalik oʻrtacha harorat 16-18°C ga yetganida limon qiygʻos gʻunchalaydi, 18-22°C da esa gullaydi.

Limon oʻz-oʻzidan va chetdan changlanadigan oʻsimlik. Chetdan changlanishi asalarilar yordamida oʻtadi, bu tugunchalarining koʻproq hosil boʻlishiga yordam beradi. Oʻsish va shakllanish davrida (aprel-may) 20-25°C qulay harorat va havoning nisbiy namligi 70-80% boʻlganida foydali gullashi 22-25% ga yetadi.

Havo quruqligi va haroratning keskin koʻtarilishi tugunlarning koʻplab toʻkilib ketishiga olib kelishi mumkin. Limon oʻsishi va rivojlanishi uchun tuproq sharoiti muhim ahamiyatga ega. Sizot suvlar yaqin shoʻr yerlarda va strukturasi soz tuproqlarda oʻsa olmaydi. Zichligi oʻrtacha qumoq tuproqli yerlar va suv, havo oʻtkazuvchanligi yengil tuproqlarda yaxshi oʻsadi.

Issiqxonalar limon koʻchatlarini ekishdan oldin tuproq yaxshilab tekislanib, gektariga 60-80 t chirigan goʻng, 600 kg superfosfat hamda 150 kg kaliy oʻgʻitlari solinib, 50-60 sm chuqurlikda yer haydaladi.

Koʻchati 4×3 m sxemada ekiladi. Koʻchatlarni ekish paytida har bir chuqurga 10-15 kg chirigan goʻng, 100-150 g superfosfat va 50 g kaliyli oʻgʻitlar tuproq bilan aralashtirib solinadi. Bir yoshli oʻsimliklarda 3-4 ta birinchi tartib pishgan novdalari va tanasining yoʻgʻonligi 0,7-0,8 sm boʻlishi kerak.

Ikki yoshli koʻchatda ikkinchi tartibdagi novdalar, tanasining yoʻgʻonligi esa kamida 1 sm boʻlishi lozim. Kuzgi limon koʻchati ildiziga yopishgan tuprogʻi bilan ekiladi. Aks holda oʻsimlikning bir qismi nobud boʻladi. Koʻchatni oʻtqazishdan oldin bogʻ qaychi bilan oxirgi oʻsish darajasining uchdan bir qismi, shuningdek ortiqcha novdalari, ildizning singan qismi kesib tashlanadi.

Koʻchat oʻtqazilganda koʻchatlarning ildiz boʻgʻzi tuproq sathidan 2-3 sm yuqorida boʻlishi kerak. Koʻchat oʻtkazilgandan soʻng atrofidagi tuproq zichlanadi va bir chelakdan suv quyiladi. Soʻngra har bir qatorning ikkala tomonidan tuplar tanasidan 25-30 sm masofada olingan egatlar boʻylab sugʻoriladi.

Koʻchatlar chuqurligi 15-20 sm li qilib olingan ariqlardan jildiratib tuproq 40-50 sm chuqurligida namlangunicha sugʻoriladi. Tuproq vegetatsiya davomida doimo nam holatda boʻlishi kerak. Uchinchi yilda sugʻorish egatlari oʻsimlik tanasidan 50 sm uzoqlikka koʻchirilib, 30-40 sm gacha chuqurlashtiriladi. Sitrus oʻsimliklari normal oʻsishi va yaxshi meva berishi uchun tuproqning optimal namligi 70-85% ni tashkil etishi kerak.

Sugʻorishlar boʻlib-boʻlib (mavsumda 25 martagacha) oʻtkaziladi. Ularning miqdori ob-havo va oʻsimlik holatiga qarab belgilanadi. Qishda issiqxonalarda tuproqqa goʻng va superfosfat solinib 25-30 sm chuqurlikda ishlov beriladi. Tuproqqa ishlov berishda oʻsimlikning 15-35 sm chuqurlikkacha yetgan ildiz sistemasini shikastlamaslik uchun ehtiyotlik bilan ish koʻriladi.

Begona oʻtlarni oʻtash va ularni issiqxonadan chiqarib tashlash zarur, chunki ular oʻsimlikni shira va boshqa zararkunandalardan zararlanishi uchun manba boʻlib xizmat qilishi mumkin. Limon tuplari birinchi marta qishda vegetatsiya boshlanguncha, ikkinchi marta gullash oldidan va 3-4-marta tugunlar toʻkilgandan soʻng va mevalar oʻsishi davrida 20-25 kun oralatib shatmoq (chorva mollari goʻngini sharbat usulida sugʻorish) bilan sugʻoriladi.

Shatmoq sigir, qoʻy-echkilarning va parranda goʻngini (2:1:1) ariq suvida yaxshilab ezib, sugʻorish egatlariga quyiladi. Yozda shatmoq kechqurun va ertalab beriladi. Yuqori va moʻl hosil olish uchun tuplarning faqat meʼyorda oziqlanishi, oʻsishi va rivojlanishi bilan kifoyalanib boʻlmaydi. Oʻsib ketgan va shakllangan novdalarni daraxt yoshiga, munosib ravishda siyraklash, chilpish va butash zarur. Bunda tupning oʻsishi va meva berishi yaxshilanadi.

 

Bogʻbon Tojiboyev Neʼmatillo maʼlumotlari.

 2,717 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

5 ta mulohaza

    • Odiljon Yakubov

      3-4 yoshli limonlar ayni mevaga kirish yoshida boʻlib, juda katta eʼtibor talab qiladi. Chunki, bu yoshda daraxtlar hali toʻliq hosil berishni boshlamagan faol oʻsib, rivojlanayotgan boʻladi. Ayniqsa yoz faslida tez oʻsadi. Issiq va nam havo harorati limon daraxtiga yoqadi. Bu paytda limonzorni tez-tez sugʻorish, begona oʻtlardan tozalash, oz-oz miqdordan har galgi sugʻorishda oʻgʻitlash, 10-15 kunda kasalliklarga qarshi preparatlarni qoʻllab turish kerak. Sugʻorishni kechki payt yoki ertalab havo salqin paytda bajarish kerak. Bargidan ham toza suv bilan tez-tez yuvib turish foydalidir.

    • Asadbek

      assalomu aleykum savolim bor bizni uyda limon bor tuvakda gullagan tugishni boshlagan qanday qilib yaxshi oʻsib yaxshi hosil olish mumkin maʼlumot bersangiz savol uchun oldindan rahmat

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.