Limon daraxtiga oziq moddalari yetishmasligini qanday bilish mumkin?

Limon daraxtiga oziq moddalari yetishmasa uning oʻsishida va rivojlanishida quyidagi oʻzgarishlar sodir boʻlishi kuzatiladi:

Azot yoki fosfor yetishmaganda – barglarning barchasi och-yashil yoki sargʻish-yashil tus oladi, daraxt oʻsishi sekinlashadi, hosil kamayadi. Azot yetishmasligi geografik tarqalishi boʻyicha birinchi oʻrinni egallaydi.

Kaliy yetishmaganda – mevalar kichik, ularning qobigʻi yupka va gʻayrioddiy silliq boʻlib qoladi.

Kaltsiy yetishmaganda – boshqa tashqi belgilar mavjud boʻlmagan holda, daraxt oʻsishi juda sekinlashadi va hosil kamayadi.

Mis yetishmaganda – yosh novdalar keragidan ortiq uzayib, barglar kattalashib ketadi; poyada yelim hosil boʻlishi va novdalar uchidan boshlab nobud boʻlishi mumkin. Kasalliklarga qarshi ekinga tarkibida mis boʻlgan fungitsidlar purkaladigan joylarda mis yetishmasligi kuzatilmaydi.

Temir yetishmaganda – avval yosh, keyin boshqa barglarda yaqqol xloroz kuzatiladi – barglar och-yashil yoki sariq, barg tomirlari esa toʻq-yashil tus oladi. Temir yetishmasligi daraxt ildizi suv ostida qolib, shikastlanganida, nematodalar bilan zararlanganida yoki ekin mis bilan zaharlanganida yuzaga chiqadi. Daraxtlar neytral yoki ishqoriy tuproqlarga koʻra nordon tuproqlarda temirni yaxshiroq oʻzlashtiradi. Temir yetishmasligining oldini olish yoki buning salbiy oqibatlarini yoʻqotish uchun tuproqqa temir xelati solinadi.

Magniy yetishmasligi qumoq tuproqlarda tez-tez uchraydi. Bu oson aniqlanadi barglarda, oldin chetlaridan boshlab, xloroz rivojlanadi va barglarning koʻp qismini egallaydi, faqat barg asosida delta shaklli yashil qismi saqlanadi.

Marganets yetishmaganda – barglar tomirlari yashil rangini saqlab qoladi, ammo ular orasidagi toʻqimalarda chipor dogʻlar hosil boʻladi.

Molibden yetishmasligi nordon tuproqlarda uchraydi, bunda kattaroq barglarning har ikki tarafida tomirlari oralarida xira-sariq, katta dogʻlar hosil boʻladi.

Bor yetishmasligi: yaqqol va xarakterli belgilari – mevalar kichik, qattiq, qobigʻi qalin boʻlib qolishi, shaklini yoʻqotishi va baʼzan qobigʻida yelim hosil boʻlishidir.

Oltingugurt yetishmasligi kam kuzatiladi; uning belgilari azot yetishmasliginiki bilan bir xil, ammo ular faqat yosh barglarda uchraydi.

Rux yetishmasligi tarqalishi boʻyicha azot yetishmasligidan keyingi oʻrinni egallaydi. Bunda (avval yosh) barglarda xloroz hosil boʻladi, barglar kichik va novda boʻgʻin oralari kalta boʻlib qoladi. Xloroz tomir oralarida tarqaladi, barglar juda och-yashil boʻlib qoladi. Surunkali rux yetishmasligi novda va shoxlar nobud boʻlishiga olib keladi.

Bor zaharliligi. Barglar uchidan boshlab sargʻayadi, keyin sargʻayish barg chetlari orqali pastki qismlariga tarqaladi. Zararlangan toʻqimalar keyinroq nobud boʻladi. Zararlangan barglarning ostki tomonida yelim hosil boʻladi. Tuproq tarkibidagi ortiqcha bor ekinni yaxshilab sugʻorganda yoki kuchli yomgʻir yoqqanda yuvilib, chiqib ketadi.

Yuqorida koʻrsatilgan barcha elementlar yetishmasligining oldini olish yoki yetishmaslikni davolash uchun, tuproq nordonligini tartibga solgan holda, tegishli elementlarni tuproqqa kiritish yoki ularning eritmalarini barglarga purkash lozim.

R. Abdullayev

 

Manba: agro.uz

 910 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.