Limon daraxti gullari toʻkilib ketishining sababi nimada?

Limon daraxti yil davomida bir necha (3-4) marta gullaydi. Asosiy hosil birinchi gullashdan (aprel-may oylarida) va ikkinchi gullashdan (iyun-iyul oylarida) olinadi. Lekin baʼzi sabablarga koʻra limon daraxti birinchi gullashda gullarning koʻp qismini toʻkib yuboradi. Buning bir nechta sabablari bor. Masalan: daraxtlar qishki sovuqlardan, dim havodan yoki qorongʻulikdan zararlangan vaziyatlarda meva qilmaydi.

Barglarini koʻp qismini toʻkib yuborgan daraxtlar bahorda yangi barg chiqarib, qiygʻos gullaganda ham dastlabki gullashda mevalarni tutib qolmaydi. Bu vaziyatda daraxtlar yaxshi parvarish qilinganda ikkinchi va uchinchi gullashda hosillarni saqlab qoladi.

Bundan tashqari daraxtlarning meva tugmasligiga oziq moddalarning yetishmasligi ham asosiy sabablardan biri boʻlishi mumkin. Shuning uchun belgilangan meʼyordagi oʻgʻitlarni oʻz vaqtida berish lozim. Ayniqsa kaliy oʻgʻiti limon mevalari tutib qolishiga ijobiy taʼsir qiladi.

Yurtimizda qish fasli baʼzi yillarda ancha sovuq kelishi kuzatiladi. Maʼlumki issiqxonalardagi daraxtlarni qishki sovuqlardan asrash uchun kerakli barcha chora-tadbirlar koʻriladi. Bunda issiqxona havosini bir maromda saqlash uchun zarur maʼlumotlarga ega boʻlish talab etiladi.

Kunduz kunlari tashqaridagi havo harorati 0℃, +5℃ dan yuqori boʻlganda issiqxona eshik va romlari ochilib, havosi almashtiriladi. Bundan koʻzlangan maqsad, issiqxona ichidagi dim havo va zaxarli gazlar chiqib ketishidir. Ayniqsa kuz oylarida issiqxonalar endi yopilganda (oktabr-noyabr oylarida), va bahorda ochish oldidan (martning oxiri-aprelning birinchi yarmi) ehtiyotkorlik talab etiladi. Chunki issiqxona ustiga yopilgan plyonka quyoshdan kelayotgan issiqlikni issiqxona ichiga bir necha marta yuqori darajada uzatadi. Natijada, issiqxona ichidagi harorat ancha isib ketadi. Bu paytda kunduz kunlari issiqxona eshik va romlarini berkitmaslik lozim.

Aksincha, 0℃ dan past haroratda esa, eshik va romlarni umuman ochmagan maʼqul. Agar past haroratda issiqxona shamollatiladigan boʻlsa, daraxtlarni sovuq urishi mumkin. Qishki sovuq va qirovlardan asrash uchun odatda termos (vaakum) hosil qilish uchun ikki qavat plyonka orasiga poxol toʻshaladi. Bunda poxolni meʼyorda toʻshash kerak. Yaʼni issiqxona ichi qorongʻu boʻlib qolmasligi zarur. Issiqxona tomiga poxol toʻshashda tomning 25-30% qismi ochiq qoldirilishi zarur.

Agarda limon daraxtlari birinchi gullarini toʻkib yuboradigan boʻlsa, keyingi gullashga qadar daraxtlarni oʻz vaqtida oziqlantirilib, parvarishlanadi. Shunda keyingi gullashlarda gʻunchalar baquvvat boʻladi va yaxshi tutib qoladi.

 

Odiljon Yakubov tayyorladi

 1,243 marta ko‘rilgan,  6 marta bugun ko‘rildi

2 ta mulohaza

    • Odiljon Yakubov

      3-4 yoshli limonlar ayni mevaga kirish yoshida boʻlib, juda katta eʼtibor talab qiladi. Chunki, bu yoshda daraxtlar hali toʻliq hosil berishni boshlamagan faol oʻsib, rivojlanayotgan boʻladi. Ayniqsa yoz faslida tez oʻsadi. Issiq va nam havo harorati limon daraxtiga yoqadi. Bu paytda limonzorni tez-tez sugʻorish, begona oʻtlardan tozalash, oz-oz miqdordan har galgi sugʻorishda oʻgʻitlash, 10-15 kunda kasalliklarga qarshi preparatlarni qoʻllab turish kerak. Sugʻorishni kechki payt yoki ertalab havo salqin paytda bajarish kerak. Bargidan ham toza suv bilan tez-tez yuvib turish foydalidir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.